OAV va jamoatchilik bilan ishlash
zarnews.uz — Nega yozda ham “svet” ko‘p o‘chyapti?
  • 18.07.2023
  • 67

Viloyat elektr tarmoqlari hududiy korxonasi va soha mas’ullari viloyat aholisi, iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha ob’yektlarini uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash borasida viloyatimizda olib borilayotgan ishlar xususida OAV xodimlari va blogerlarga ma’lumot berildi.

Ma’lumotga ko‘ra, 2023-2024 yillar kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida bugungacha 9 dona (75 foiz) transformator, 2340,6 kilometr (79,6 foiz) elektr uzatish tarmog‘i, 926 dona (78,9 foiz)  transformator punktlari mukammal ta’mirlangan.

Korxona mas’ullariga ko‘ra, Kattaqo‘rg‘on, Ishtixon, Qo‘shrabot tumanlaridagi iste’molchilarning elektr energiyasi ta’minotini yaxshilash uchun boshqa elektr uzatish tarmog‘iga ulangan. Toyloq tumanidagi “Bog‘izog‘on” nimstansiyasidagi 16 ming kVAli transformator yuklamada ishlayotganligi uchun 20 ming kVAli transformatorga almashtirilgan.      

Bulung‘ur, Kattaqo‘rg‘on, Payariq, Samarqand tumanlaridagi nimstansiyalarda ham yuklama bilan ishlayotgan transformatorlar katta quvvatlisiga almashtirilgan, zarur hollarda qo‘shimcha transfatorlar o‘rnatilgan.

Samarqand shahridagi bir qator mahallalar va massivlarda ham elektr ta’minotini yaxshilash uchun alohida nimstansiyalar qurilgan, yuklamadagi transformatorlar katta quvvatliga almashtirilgan. Bu esa shu hududdagi aholining elektr energiyasi ta’minoti yaxshilanishiga xizmat qilgan. Yana Samarqand shahrida turizmni rivojlantirish xamda xalqaro tadbirlarni o‘tkazish uchun 6 ta nimstansiya yangilangan.

Davlat dasturlari doirasida 552 kilometr tarmoq tortish, 256 dona transformator o‘rnatish, 7,6 milliard so‘mlik qurilish-montaj ishlari bajarilgan. Yuklamasi yuqori bo‘lgan hududlardagi nimstansiyalar boshqasiga almashtirilgan.

Mas’ullarning hisobotida aytilgan raqamlar har bir iste’molchini xursand qiladi, endi elektrda uzilish bo‘lmasligiga ishonishga undaydi. Faqat barchani bitta savol qiynaydi. Avval qish mavsumida elektrda uzilish bo‘lardi, nega hozir yoz faslida ham joylarda elekt energiyasida ko‘p uzilishlar kuzatilmoqda?

-  Bunga asosiy sabablardan biri – mahallalardagi daraxtlarning elektr uzatish liniyalariga tegib, simlarning uzilishi, elektr energiyasining yo‘qotilishi, - deydi Hududiy elektr tarmoqlariAJ Samarqand filiali direktori Umid Nazarov. – Albatta, buni oldini olish choralari ko‘rilmoqda. Qish uchun zaxira transformatorlar hozirlangan. Qolaversa, korxonada ustachilik bo‘limlari, transformatorlarga xizmat ko‘rsatadigan mas’ul xodimlar bor. Har bir trasformator shikastlansa unga o‘sha xodim javob berishi, o‘z vaqtida xizmat ko‘rsatishi lozim. Turli vajlar bilan o‘z vazifasini vaqtida bajarmagan xodim jazolanishi kerak, Chunki u shuning uchun davlatdan oylik oladi.

Shuningdek, korxona tomonidan viloyatda elektr energiyasi ta’minotini yaxshilash borasida amalga oshirilishi rejalashtirilayotgan ishlar to‘g‘risida ham ma’lumot berildi.

Vazirlar Mahkamasining tegishli farmoyishiga asosan viloyatimizga ajratilgan 40,7 milliard so‘m mablag‘ hisobidan 200 ta mahallaga 200 ta transformator o‘rnatish va 311,2 kilometr uzunlikda 10-0,4 kV elektr uzatish tarmog‘i loyihalashtirilib, 7775 dona temir-beton ustun o‘rnatiladi.

Samarqand shahridagi iste’molchilarni uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash uchun hududdagi “Afrosiyob”, “Registon”, “G‘arbiy” va “Shimoliy” nimstansiyalaridagi ta’mirlash ishlari yakunlanadi. Nurobod tumanida 35 kVli 12 kilometrli elektr uzatish tarmog‘i va 4 ming kVA quvvatdagi yangi kuch transformator nimstansiyasi quriladi.

-  Filial direktoriga ko‘ra, hozirda jamiyatga qarashli yuklamada ishlayotgan “Loyish”, ”Juma”, ”Ibn Sino”, “To‘qimachi”, ”Bog‘imaydon”, “Sug‘orish”, “Tinchlik” nimstansiyasidagi kuch transformatorlarni almashtirish moliyalashtirish manbalari aniqlanganda amalga oshiriladi. So‘ngra, yana 8 ta nimstansiyadagi transformatorlar almashtiriladi.

Shaharning Kimyogarlar qo‘rg‘onidagi nimstansiyani boshqa tarmoqqa ulash va 1,4 kilometr tarmoq tortish, Sartepa va Motrid nimstansiyalarida qo‘shimcha transformatorlar o‘rnatiladi. Qo‘shrabot tumanida 42 kilometr uzunlikda tarmoq tortish va yangi nimstansiya qurish, Jomboy tumanida nimstansiyani ta’mirlash, transformatorni katta quvvatlisiga almashtirish ishlari bajariladi.

Buning uchun 149,8 milliard so‘m mablag‘ talab etiladi. Vazifalarning bajarilishi natijasida 347 ta mahalladagi 80 ming 640 dan ortiq aholi xonadoni hamda 1460 dan ko‘proq ijtimoiy soha va tadbirkorlik sub’yektlarining elektr ta’minoti yaxshilanadi.

O‘ktam Xudoyberdiyev.

Manba: https://zarnews.uz/uz/post/nega-yozda-ham-svet-kop-ochyapti

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

 

>