OAV va jamoatchilik bilan ishlash
uza.uz — Zamonaviy insonning “meni”ni ko‘rmoqchi bo‘lsang, ijtimoiy tarmoq sahifasidagi “avatari”ga boq
  • 09.08.2023
  • 112

Suhbatdoshimizni energetika sohasining bir vakili, ya’ni tashkilot matbuot kotibi sifatida tahririyatimizga ko‘p bora taklif qilganmiz. U bilan soha va tarmoqdagi muhim masalalarni yoritishga harakat qilganmiz. Bugungi suhbatimiz esa tamomila boshqa yo‘nalishda. Bu safar ma’naviyat masalasi, jamiyatning ma’naviy hayotidagi ayrim yutuq va kamchiliklarni tahlil etishga jazm qildik.

 

 

Tanishing, Ulug‘bek Po‘latzoda taxallusi bilan ijod qilayotgan, ayni paytda “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatining Axborot xizmati rahbari Urunov Ulug‘bek – O‘zbekiston Milliy axborot agentligining  bugungi mehmoni.

– Ulug‘bek, sizni noshir va ijodkor sifatida bilamiz. Mana, bir necha yildirki, siz bilan energetika sohasining matbuot kotibi sifatida hamkorlik qilamiz...

– Shunday. Asl kasbim iqtisodchi va muhandis-texnolog. Ammo mehnat faoliyatim gazeta tahririyatlari-yu nashriyotlarda o‘tgan. Jurnalistikada maqolalarim sanoqli va aksariyati kasbiy faoliyatim bilan bog‘liq. Ijodim esa gazeta tahririyatlarida menga ajratilgan sahifalar faqat rus tilidan tarjimalardan iborat bo‘lib qolmasligi uchun yozgan mashqlarimdan boshlangan. Meni ijodkor yoki jurnalist, deb bilishlaridan oldin “noshir” deb atashsa, to‘g‘riroq bo‘ladi. “A’lo kayfiyat” jurnali, “DAVR-PRESS” nashriyoti bosh muharriri, otaxon nashriyot — “SHARQ” nashriyoti bosh muharriri o‘rinbosari lavozimlarida faoliyat yuritdim. So‘ng yana bir necha yil abituriyentlar uchun o‘quv qo‘llanmalar chop etdim. Shundanmi, noshirlik ruhiyatim bilan qorishib ketgan.

– 2018-yilda O‘zA sahifalarida e’lon qilingan “Voyaga yetmaganlar muammolari – mantiqiy fikr bo‘shlig‘i yoxud o‘quvchi yoshlar o‘rtasidagi suitsid balosi haqida” nomli maqolangiz muhokamalarga sabab bo‘lgan edi. Tanqidiy ruhda, o‘tkir muammoni ko‘targan edingiz. Bunga nima sabab bo‘lgan edi?

– Bir muddat xalq ta’limi tizimida faoliyat yuritib, ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishda ishladim. Huquq-tartibot tashkilotlari bilan hamkorlikda voyaga yetmagan shaxslarning huquqbuzarligi masalalari bilan shug‘ullanganimda yozilgan maqola edi bu. Unda ma’naviyat yo‘nalishida ishlovchi pedagoglar o‘zlarining asl vazifalari qolib “statistikachi”larga aylangani, ta’lim muassasalaridagi bu yo‘nalishdagi ishlar faqat xo‘jako‘rsin tadbirlardan iboratligi, maktab yoshidagi bolalarning ruhiyatini o‘rganish, ularning ichki kechinmalari, ichki dunyosini tahlil qiladigan metodikaning o‘zi yo‘qligi, hatto bu narsalar bilan hisoblashadigan pedagoglar ham sanoqli ekanini tahlil qilishga uringanman. Voyaga yetmaganlar orasida "o‘g‘rilik", “bezorilik”, “erta homila”, “suitsid”, “turli kimyoviy vositalar iste’mol qilish” (nisbiy sifatda qo‘shtirnoq ichida aytaymiz ularni) bilan bog‘liq huquqbuzarliklar, birinchi o‘rinda oilaviy muhitdagi katta yo‘qotishlarimiz mahsuli ekani, ikkinchi-uchinchi navbatda esa ta’lim tizimidagi noto‘g‘ri ish uslubimizning kasri ekanini aytishga harakat qilganman. Bu bahsli, o‘ta jiddiy va nozik mavzu hozir ham dolzarbligini yo‘qotmagan.

– Yaqinda “O‘zbekiston-24” kanalidagi radiomuloqotda ma’naviyat masalasiga oid fikrlaringizni eshitib qoldim. Ayting-chi, ma’naviyat nima o‘zi? U nimalarda yoki qayerlarda namoyon bo‘ladi. Uning o‘lchov birligi qanday va mezonlari nimalardan iborat?

– “Ma’naviyat” so‘ziga qomus.info ensiklopediyasida shunday ta’rif beriladi: “u inson ruhiy va aqliy olamini ifodalovchi tushuncha. U kishilarning falsafiy, huquqiy, ilmiy, badiiy, axloqiy, diniy tasavvurlarini o‘z ichiga oladi. Ma’naviyat atamasining asosida “ma’no„ so‘zi yotadi”. Shu fikrni to‘ldirgan holda o‘zgacharoq ta’rif beraman: biz insonlarning qay bir xatti-harakat va o‘y-fikrlarimizda ijobiy ma’no kasb etsa, bas – ma’naviyat shu. Bu so‘zning qanchalik ideallashtirmaylik yoki unga siyosiy libos kiygazmaylik, u baribir inson bilan birga yaratilgan ijtimoiy tushuncha bo‘lib qolaveradi.

Biz bu so‘zni yoki u qamrab olgan tushunchalarni yuksaklarga ko‘targanimiz bilan u hayotimizda mayda-mayda unsurlarda namoyon bo‘ladi. Misol uchun, jismoniy qiyofamizda bosh, ikki qo‘l va ikki oyoqni tasavvur qilganimiz holda ikki boshli siam egizaklariga “kasallik” va “nuqson” sifatida qaraymiz. Ma’naviy qiyofamiz esa, avvalo, odob-axloqimizda namoyon bo‘ladi. Buni barchamiz bilamiz. Ammo hammayam bilavermaydigan va, aniqrog‘i, barchamiz tan olavermaydigan bir haqiqat ham bor. To‘kin dasturxon, shinam sharoitga ega saroysifat uylar, yangi avtomobil va qimmatbaho kiyim-kechak ma’naviy qiyofamiz go‘zalligini belgilab beravermaydi.

Ma’naviyat tushunchasining o‘zi emas, uning kishilik jamiyatidagi ahamiyati, samarasi qadrlanishi va ulug‘lanishi lozim. Ayrimlar “ma’naviyat” yoki “ma’rifat” so‘zini “kitob”ning qarshisiga qo‘yib ta’riflaydi. Kitob – vosita, xolos. Uning ichidagi badiiy asar, asar qahramonlarining kechinmalari, his-tuyg‘usi, hayotiy xulosalari-yu  tahlili, dunyoqarashning kengligi, boringki, odob va axloqsizlik, jaholat va ma’rifat o‘rtasidagi kurashda kitobxon ruhan qaysi tomonda turib “jang qilishi” – ma’naviyat! Agar kitob shaklida chop etilgan asar o‘quvchiga shunday ma’naviy ozuqa berishga loyiq bo‘lsa, albatta.

– Shu o‘rinda kitob va kitobxonlik masalasiga ijodkor, noshir sifatida qanday baho berasiz?

– Nazarimda, Mustaqillikdan keyin 6-7 yil odamlar kitobdan, kitobxonlikdan biroz ortga chekindilar. Bu, albatta, o‘tish davrining iqtisodiy qiyinchiliklari bilan bog‘liq holat edi. 2000 yillarning boshidan mamlakatimizda taqchil bo‘lgan o‘quv-idora mollari – kanstovar bozori shakllandi va unda ham mahalliy, ham import mahsulotlar o‘rin olgandi. Badiiy kitoblar faqatgina 5-6 ta davlat nashriyotlarida, yillik reja asosida chop etiladigan adabiyotlardangina iborat edi. Barcha noshirlik-matbaachilik korxonalari davlat buyurtmalarini, jumladan, darslik va o‘quv-metodik qo‘llanmalar hamda boshqa turdagi matbaachilik mahsulotlarini chop etish bilan mashg‘ul bo‘lishdi. U paytlarda badiiy asarlar ko‘proq gazeta-jurnal sahifalarida bo‘lib-bo‘lib chop etilardi va katta qiziqish bilan mutolaa qilinardi ham. Keyinchalik, 2000 yilning oxiriga kelib noshirlik yo‘nalishida ham texnik, ham ijodiy yuksalishlar paydo bo‘ldi. Turli yo‘nalishdagi adabiyotlar, hatto ayrim kitoblarning “klon”lari, ya’ni noqonuniy nusxalari paydo bo‘ldi. Bora-bora kitob savdosi bilan shug‘ullanuvchilar noshirlikni ham kasb qilishdi. Aksincha, nashriyot-matbaa korxonalari esa o‘zining tarmoqli kitob savdo do‘konlariga ega bo‘ldi. Nazarimda, bu o‘sish 2015 yilga qadar shunday davom etdiki, bu jarayonga davlatimizning e’tibori ham yuqori bo‘lgani tufayli, axborot-kutubxona maskanlari, o‘quv muassasalari, hatto davlat korxonalari kutubxonalariyam kitoblarga to‘lib-toshdi. Eski adabiyotlar o‘rnini yangi adabiyotlar egalladi. Bu orada ijodkorlar o‘z asarlarini to‘plab, nashriyotida nusxalarini ko‘paytirib, o‘zining kitob savdosi tarmog‘ida sotish darajasiga ham yetdi.

– Demak, nashriyot-matbaa yo‘nalishi tadbirkorlik sub’ektiga  aylanibdi-da, shundaymi?

– Aynan shunday. Men hozirda mashhur ayrim yozuvchi yoki shoirlar o‘sha paytlarda o‘z kitobining ulgurji narxlarda sotilgan pulini do‘konma-do‘kon yig‘ib yurganini ko‘rganman. Ijodkorlar matbaa korxonalarining yirik buyurtmachisiga aylanganining shohidiman. Hatto rulon-rulon qog‘ozlarni tonnalab sotadigan firmalarda ijod ahli vakillarini uchratish mumkin edi. Noshirchilik o‘ziga xos tarmoqli yoki oilaviy biznesga aylanib ulgurgandi. Ijodkorlar kitob do‘konlarida sotuvchilar bilan suhbat qurib, o‘ziga xos monitoring ishlarini amalga oshirardi. Kitob do‘koni egalaridan ma’lum bir yo‘nalishda asar yozish buyurtmasini olishardi, desam ishonmassiz.

– O‘sha kitoblarning barchasi ham xalqimizning ma’naviy mulki bo‘lib qoldi, deya olasizmi?

– Afsuski, yo‘q. Men hozir nashriyot-matbaa yo‘nalishi mahsulot turi va hajmi jihatidan qanday rivojlanganini ta’riflashga urindim. Ammo uning sifati, jamiyatga ijobiy ta’siri, ya’ni bu jarayonlarning samarasi – boshqa masala. Kutubxonani yoki uyimizdagi kitob javonini kitobga to‘ldirganimiz – yuksak ma’naviyatli, ma’rifatli bo‘lib qolganimizni bildirmaydi. Aslo! Hozirda ko‘pgina kitoblar faqat bezak uchun ishlatiladi. Kutubxonalar hisobotlarga kitob soni-yu janrlar xilma-xilligini qayd etishda kerak. Kitoblar hozirda ijtimoiy tarmoqda aqlli gap aytish uchun orqa fon vazifasini bajaradi. Maktab kutubxonasi – faqat tadbirda yoki komissiya kelganda foydalaniladigan maskanga aylanganiga ko‘nikib bo‘ldik deyarli.

2015-yillarga kelib elektron axborot texnologiyalari rivoji, ayniqsa, biz “mobil qurilma” deb ataydigan gadjetlarning ixtirosi nashriyot-matbaa sohasiga katta zarba bo‘ldi. Bu tabiiy jarayon va dunyoning barcha nuqtasida kuzatilgan holat. Axborotning elektron tashuvchisi – qog‘oz tashuvchisini qisqa davr ichida “sindirdi”. Minglab kishilar ishlaydigan davlat tasarrufidagi yirik nashriyotlar tom ma’noda huvillab qoldi va ayni paytda davr sinovidan o‘tgan mahsulotlarning qayta nashri hamda davlat buyurtmasi hisobiga zo‘rg‘a jon saqlab turishibdi. Yuzlab-minglab ochilgan xususiy nashriyot-matbaa korxonalari ichida ham sanoqlilari bu raqobatdan omon chiqdi. Aksincha, o‘z yo‘nalishini topganlari gurkirab rivojlanmoqda. O‘zining ham qog‘oz, ham elektron axborot tashuvchilardagi mahsulotlarini mijozlariga sotib, mamlakatimiz iqtisodining bir bo‘lagi sifatida faoliyat yuritmoqda.

– Ulug‘bek, nashriyot-matbaa yo‘nalishidagi bu “o‘sish-pasayish”lar xalqimizga, xususan,  ziyoli qatlamga qanday ta’sir qildi?

– Avvalroq to‘xtalganimizdek, 90-yillarning boshidagi iqtisodiy qiyinchiliklar kun tartibiga oziq-ovqat, kundalik ehtiyoj mollari va xavfsizlik masalalarini chiqarib, ma’naviy-ma’rifiy masalalar bir chetda qolib ketganday bo‘lgandi. Ammo eng qiyin, iqtisodiy tang ahvol va siyosiy tahlika davrlaridayam ziyolilar kitobga, adabiyot va san’atga yaqin insonlar bo‘lib qolaverishgan. Shu o‘rinda bir nozik masalaga to‘xtalsak. “Ziyolilar” deganda ko‘pchilik oliy ma’lumotli, olim-u fuzalo, xalq ta’biri bilan aytganda, “oq yoqa-yeng”larni tushunadi. Bu noto‘g‘ri. Bir umr kostyum-shimda, bo‘yinbog‘ taqib, nutqida “ma’naviyat”, “ma’rifat”, “obod-axloq” so‘zlari bilan boshqalarga saboq berib kelgan kishi aslida ma’nan qashshoq, badxulq kishi bo‘lib chiqishi mumkin. Men buni qirmizi pishgan, sirti tarang, xushta’m iforli, ammo ichidan chirigan olmaga o‘xshataman. O‘zi dehqon yoki oddiy ishchi-xizmatchi, hamshira yoki o‘qituvchi, kiyimi ham oddiy, qo‘li qadoq ma’nan boy insonni ziyoli, deb atayman. Uning tafakkuri – qisqa lutfida, mulohazasi – jilmayib bosh irg‘ab qo‘yishida, e’tirozi – o‘tkir nigohi-yu qosh chimirishida namoyon bo‘ladi. Ko‘pchilik tirikchilik vajida erta-yu kech mehnatda, kezi kelganda dam olishni kayf-safoda, to‘y-hashamda bilganida ham, bu ziyolilar vaqt-imkon topib kitob o‘qigan, gazeta mutolaa qilgan, radio tinglagan. O‘zi yoqtirgan teleko‘rsatuvlarni, filmlarini tomosha qilgan. Xullas, kishining tashqi ko‘rinishiga qarab baho berish – birlamchi, uning ichki olami bilan tanishish orqali haqiqiy “meni”ni ko‘rish va tanish – asl bahodir.

– Keling, yana ma’naviyat, adabiyot, san’at va madaniyat mavzusiga qaytamiz. Ijodkor, ya’ni boshqalar ruhiyatiga, jamiyat ovoziga ta’sir qiluvchi kuch sohibining o‘zi ma’naviyatli bo‘lishi lozimmi? 

– Shart. Ustoz Tohir Malik adabiyotga “ma’naviy huquq” nomli atamani olib kirganida 2000-yillarning boshi edi. Kimdir adibni fantastik asarlar muallifi, deb biladi. Sobiq sho‘ro davrida fantastika janri qobig‘iga o‘ralgan, aslida o‘sha paytlar qalamga olib bo‘lmaydigan tarixiy-badiiy asarlar muallifi, aslida. Kimdir adibga shuhrat olib kelgan “Shaytanat” asarini o‘qigan. Ammo men uchun Tohir Malik pandnoma yo‘nalishda beqiyos asarlar yaratgan ijodkor. Adibning “Odamiylik mulki” deb nomlangan yirik didaktik asari – xalqimizning ma’naviy mulkiga aylandi, desam mubolag‘a bo‘lmas. Ma’naviyat masalasida o‘z hayoti bilan o‘rnak bo‘la olgan insonning bu haqdagi saboqlari jamiyat uchun hali ko‘p yillar xizmat qiladi. To‘la ishonch bilan aytamanki, ustoz Tohir Malik ko‘pchilikka namuna bo‘lsa arzigulik hayot kechirdi va u kishining yozganlari hanuz kitobxonlar qo‘lida.

Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf hazratlarining “Baxtiyor oila” kitobi ham ma’naviy adabiyotning yana bir durdonasi. Bu asarni diniy ilmi u qadar chuqur bo‘lmagan o‘quvchilar ham yaxshi anglaydi, sevib mutolaa qiladi.

– Demak, “ma’naviy huquq”i bor insonning saboqlari jamiyat uchun ta’sirliroq? 

– Shunday. Yoki aksincha, ruhiyatida mavjud bo‘lmagan, soxta ma’naviyatni kishilarga ko‘z-ko‘z qilayotgan shaxs – jamiyat uchun xavfli. Buning ortidan azaliy qadriyatlar o‘z mohiyatini yo‘qotadi yoki o‘z maqomini o‘zgartiradi. Soxtalik, ko‘zbo‘yamachilik avj oladi. Nojoiz joyda nojoiz ishni qilgan odamning aybini bo‘yniga qo‘ya olmaslik – odatiy holga aylana boradi. Jamiyatda shikoyatbozlik, boqimandalik kayfiyati kuchayadi, mehnat ulug‘lanmaydi. Alqissa shuki, ma’naviyat masalasida tili-yu dili boshqa, hayot tarzi-yu saboqlari tamomila teskari, sirtida yaltiroq, ichidan chirib ado bo‘lgan, o‘z oilasi, o‘z qarindoshlari va hamkasblari bilan murosa tilini topolmagan “ma’ruzachi”ning ishlari, asarlari – befoyda. Bunday gap va ishlarning umri esa qisqa.

Jamiyatda har tomonlama namuna bo‘lishga arzigulik insonlar bo‘lishi lozim va bular, shukrki, oramizda bor. Va hech qachon “men o‘shaman” demaydi. Bir gapni ko‘p takrorlayman: zamonaviy insonning “meni”ni ko‘rmoqchi bo‘lsang, ijtimoiy tarmoq sahifasidagi “avatari”ga boq. Agar nuqul qimmatbaho mashina, qasrmonand uy-joylar, pul-boylik razmlari suratini joylashtirgan bo‘lsa, bilginki, u hayotini boylik topishga tikkan ma’nan qashshoq kishi, pulning quli. Agar o‘zini “pardozli” kamerada suratga olib, husni-yu chiroyli hayotini aks ettirgan suratlar qo‘ygan bo‘lsa – unga o‘sha go‘zallik va uning e’tirofi, e’tibor yetishmaydi. Aksariyat hollarda “avatarda”gi surat yoki videolavha inson ruhiyatidagi bo‘shliqni o‘zi bilmagan holda aks ettirib qo‘yadi.

– Demak, xulosa shuki, kitobxonlikka, mutolaa madaniyatiga elektron axborot olish usullarining zamonaviylashib borishi, ya’ni hayotdan saboq beruvchi asarlar o‘rnini boshqa turdagi yengil va qisqa axborot egallamoqda hamda bu jamiyat ma’naviyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Shundaymi?

– Shunday desa ham bo‘ladi. Zamonaviy elektron qurilmalar, ijtimoiy tarmoqlar ommalashuvi – axborot hajmi va oqimini shu qadar ko‘paytirdiki, uning ichida foydali va zararlisini ajratib olish va bu haqda kimgadir uqtirishning deyarli imkoni yo‘q. Xo‘sh, yechim nimada, dersiz. Yechim – foydali axborotni zamonaviy usulda taqdim etishda. O‘z manfaati yo‘lida jamiyatga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi axborotni targ‘ib qiluvchilar allaqachon bunday usullarni qo‘llashni boshlagan va, ming afsuski, aksariyat hollarda ular o‘z maqsadiga yetmoqda. Ya’ni yot g‘oya va unsurlardan tortib inson salomatligiga zarar keltiruvchi mahsulotlarni ijtimoiy tarmoqda “tanitish-sotish”ga muvaffaq bo‘lishmoqda.

Ma’naviyat – keng tarmoqli va barcha jabhaga kirib borgan yo‘nalishlarga ega. Ta’sir kuchi ham shundan. Saviyasi nisbatan past baholangan badiiy asarlar o‘qilmay qo‘yildi, “yengil-yelpi” yoki “xontaxta” deb ataladigan filmlar, sahna asarlarini tomoshabin xushlamay qo‘ydi. To‘g‘ri, qaysidir avlodning didini aynan shu narsalar shakllantirgandi va uning salbiy oqibatlari hanuzgacha ko‘zga tashlanadi. Ammo xalq bunday “ma’naviyat mahsulotlari”dan rosmana “to‘ydi”. Juda yomonlarini esa davlat o‘z nazoratiga oldi va qonunda belgilangan tartibda choralar ko‘rildi. Endi xalqimiz talabchan, yuksak saviyali badiiy filmlar, spektakllar, kitoblar, telepostanovkalar ko‘rishni istamoqda va shu talabga muvofiq ijodkorlar ham izlanishda.

Bu yerda vizual, ya’ni ko‘z bilan ko‘rib, quloq bilan eshitadigan vositalar yutuqqa chiqib, ko‘z nuri va qunt talab qiladigan kitobxonlik yutqazdi. Kitoblar nafaqat tasavvuriy ongni rivojlantiradi, har kim miyasida o‘ziga xos film tasavvur qilib asar mutolaa qiladi, balki jumla tuzish, to‘g‘ri yozish kabi savodxonlikni ham yuksaltiradi. Hozirda ismini yozganda imlo xatoga yo‘l qo‘yadigan va ishga kirishda bitta arizani eplab yozishni bilmaydigan “oliy ma’lumotlilar” ko‘paydi. Ijtimoiy tarmoqda-ku imlo xatolar bilan, tinish belgilarsiz yozadiganlar, til qoidalarini har qanaqasiga inkor qilgancha jumla tuzadiganlarning axboroti, iddaolari cho‘qqida. Va bu narsa oxirgi payt uyat sanalmaydigan bo‘lib qolgan. Ma’naviy dunyodagi fojialarimizdan biri ham shu – savodxonlik darajasi.

Farzandlarimiz telefonining rusumi-yu ichidagi bachkana hazillari bilan maqtanishi o‘rniga o‘qigan kitobi-yu, undan olgan “ruhiy ozuqa” bilan maqtanishi – mendagi orzu. Xullas, mohiyatni yo‘qotib qo‘yib, shaklbozlik bilan ovoramiz.

– Ulug‘bek, siz yechim sifatida taklif etayotgan usul haqida o‘ylayotib hozirda ijtimoiy tarmoq sahifalari to‘lib-toshgan vaynchilar ko‘z oldimga keldi...

– Aynan shu narsa men taklif qilayotgan usulning to‘g‘riligiga ishora. Faqat vaynchilar ijtimoy hayotdan, hozirda ko‘proq “kun tartibida” bo‘lgan masalalarning sahnalashtirilgan shaklini olib chiqishmoqda. Biz yillar davomida yoshlar sevib tomosha qiladigan “QVZ” (“KVN”), stendap chiqishlar, vaynlar, sahnalashtirilgan yumoristik chiqishlari bilan mashhur bo‘lgan zamonaviy guruhlarni ayovsiz tanqid qildik, ma’naviyatga salbiy ta’sir ko‘rsatayotganda aybladik. Bu gaplardayam jon bor, albatta. Ammo tanganing ikkinchi tomonini tahlil qilishdan o‘zimizni tiydik.

Bozor iqtisodiyotida shunday o‘zgarmas qonun bor, talab – takliflarni keltirib chiqaradi, taklif – yangi turdagi talablarni shakllantiradi. Bu guruhlarning ommalashuvigayam tomoshabinlar sababchi bo‘ldi, nazarimda.

Vaqt o‘tgan sari hozir ma’lum va mashhur “sahnalashtirilgan hazillar” saviyasiyam sekin-asta yuksala boradi. Ayni paytda esa ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan mutaxassislar aytmayotgan yoki aytolmayotgan jamiyat va insonlar muammosini o‘sha vaynchilar-u komik qiziqchilar yumor vositasida baralla aytmoqda, ya’nikim jamiyat yuziga oyna tutmoqda.

– Ulug‘bek, suhbatimiz davomida ma’naviyat masalasi juda keng ekani va yutuqlarni e’tirof qilish barobarida muammolarni tanqid ostiga olish muhimligini angladik. Suhbatimiz so‘nggida qanday istaklaringiz bor?

– Avvalo, birovga aql bo‘ladigan yoshda ham, boshda ham emasman. Yuqoridagi fikrlar, shunchaki ijodkor, jamiyat hayotiga befarq bo‘lmagan bir shaxsning mulohazalari edi, xolos. Gaplarim emas, iltimoslarim bor. Bir yosh avlodni u yoki bu masalada tanqid qilish o‘rniga ularga o‘rnak bo‘la oladigan hayot qurishimiz kerak. Va o‘rnak bo‘lish hech qachon ko‘z-ko‘z qilish degani emas. 

Bolalarimiz bizning oynadagi aksimiz. Oyna – hayotimiz. Ularga o‘rnak bo‘lsak, o‘rnak bo‘la olsak – eng yaxshi tarbiya shu. Ma’naviyat o‘chog‘i – oila. Sog‘lom oilalardan tarkib topgan jamiyat – kuchli jamiyat. Kuchli jamiyat – iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy yuksalish va farovon hayotni kafolatlaydigan kuchli davlat.

Iltimosim, yaxshi niyatim ham shuki, hayotimizning har bir jabhasida odobimiz, milliy qadriyatlarimiz o‘z aksini topsin. Jamiyatda ijtimoiy adolat buzilmasin. Huquqiy-demokratik davlat qurish yo‘lidan og‘ishmaylik.

Yurtimiz tinch, xalqimiz omon bo‘lsin!

O‘zA muxbiri 

Nasiba ZIYODULLAYEVA suhbatlashdi.

Manba: https://uza.uz/oz/posts/

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

t.me/uzmetaxborotxizmati

>