Yangiliklar
Brifing: Joriy yarim yillikda O‘zbekiston yoqilg‘i-energetika tarmog‘ida amalga oshirilgan ishlar tahlili
  • 08.08.2023
  • 215

Assalomu alaykum!

Joriy yilning o‘tgan davrida iste’molchilarga elektr energiyasi yetkazib berish sifatini yaxshilash maqsadida respublika miqyosida 748 ta transformator punkti almashtirildi, 7 ming 548 ta transformator punkti ta’mirdan chiqarildi. 2 ming 941 kilometr o‘tkazish tarmoqlari yangilandi, 22 ming 112 kilometr elektr uzatish tarmoqlari mukammal ta’mirlandi. 1 ming 257 ta podstansiya yuqori texnologik usulda qayta jihozlandi.

Joriy yilning yanvar-iyul oylarida yurtimizda 13 mlrd 810 mln kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Bu o‘tgan yilning mos davridagiga nisbatan 1 mlrd 437 million kilovatt-soat yoki 11,6 foiz ko‘pni tashkil qiladi.

Xuddi shuningdek, yanvar-iyul oylarida iste’molchilarga 12 mlrd 146 mln kilovatt-soat elektr energiyasi yetkazib berildi. Bu o‘tgan yilning mos davridagiga nisbatan 1 mlrd 100 mln kilovatt-soat yoki 9,6 foiz ko‘p.

Aytish kerakki, bugun yurtimizda generatsiya jarayonini kuchaytirishga ham alohida ahamiyat qaratilmoqda. Xususan, joriy yilning mart oyida Surxondaryo viloyatidagi “To‘palang” gidroelektr stansiyasini modernizatsiya qilish loyihasi doirasida uning umumiy quvvati 175 megavattga yetkazildi. Bu yiliga qo‘shimcha 467 mln kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoni yaratildi, deganidir.

Qolaversa, mazkur davr oralig‘ida mamlakatimizda umumiy quvvati 400 kilovatt bo‘lgan 2 ta mikroGES ishga tushirildi.

Navoiy viloyatining Tomdi tumanida, Buxoro viloyatining Peshku hamda G‘ijduvon tumanlarida har birining quvvati 500 megavattdan bo‘lgan, jami 1 ming 500 megavatt quvvatga ega shamol elektr stansiyasini qurish loyihasi doirasida stansiyalarda ilk shamol turbinalari o‘rnatildi.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, vazirlik tizimidagi mutasaddi idoralar huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda elektr energiyasi, tabiiy gaz va neft hamda neft mahsulotlaridan oqilona foydalanish, ularni noqonuniy tasarruf etishning oldini olish borasida ham izchil chora-tadbirlarni ko‘rib kelmoqda.

Xususan, joriy yilning o‘tgan davrida aniqlangan elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlari soni 2265 tani, zarar summasi esa 78,5 mlrd so‘mni tashkil etdi.

O‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida 2 ming 695 ta iste’molchi tomonidan jami 242 mln 213 ming kub metr tabiiy gazdan noqonuniy foydalanish holatlari ham aniqlangan.

Buning natijasida gaz ta’minoti korxonalariga yetkazilgan zarar miqdori 231 mlrd 866 mln so‘mni tashkil qilmoqda.

Tahlillarga ko‘ra, yanvar-iyun oylarida mamlakatimizda 438,7 ming tonna suyultirilgan gaz, 649,6 ming tonna avtobenzin, 536,7 ming tonna dizel yoqilg‘isi, 78,4 ming tonna mazut, 197,8 ming tonna polietilen va 38,1 ming tonna polipropilen ishlab chiqarildi.

Investitsiya dasturi doirasida yanvar-iyun oylarida jami 1 mlrd 568,3 mln dollarlik, shundan to‘g‘ridan-to‘g‘ri 1 mlrd 161,5 mln dollarlik xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirildi.

E’tiboringiz uchun rahmat!

Manba: https://minenergy.uz/uz/news/view/3147

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

 

>