Yangiliklar
Elektr taʼminotida yirik hajmdagi uzilishlarning oldini olish maqsadida koʻrilayotgan vaqtinchalik choralar keng koʻlamli muammolar paydo boʻlishiga yoʻl qoʻymaydi
  • 19.07.2023
  • 183

Maʼlumki, shu kunlarda kuz-qish mavsumiga puxta tayyorgarlik koʻrish maqsadida elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi stansiyalar, elektr uzatish tarmoqlari, podstansiyalar va transformator punktlarida joriy hamda mukammal taʼmirlash ishlari amalga oshirilmoqda.

Mazkur taʼmirlash ishlari jarayonida ayrim hududlardagi elektr tarmoqlari vaqtincha tarmoqdan ajratib turiladi va ana shu jarayonda taʼmirlash ishlari olib borilayotgan tarmoqlar orqali taʼminlanuvchi isteʼmolchilarning elektr taʼminotida uzilishlar kuzatiladi.

Bundan tashqari, havo haroratining keskin isishi natijasida elektr qurilmalarining haddan tashqari qizishi hamda isteʼmolning ortishi energotizimda katta hajmdagi avariyaviy oʻchishlarga olib kelishi mumkin. Bu esa elektr taʼminotini yaxshilash uchun muayyan vaqt (bir kun yoki undan koʻproq) talab etishi mumkin.

Asosan, ochiq quyoshda joylashgan elektr tarmoqlari bugungi anomal issiq sharoitida ularning ishlashi uchun moʻljallanmagan haroratgacha qiziydi. Bundan tashqari, ayniqsa, kunduz kunlari elektr uzatish tarmoqlarining nosoz holatga kelishiga elektr energiyasi isteʼmolining favqulodda oʻsishi ham taʼsir qilmoqda.

Oddiy aytganda, oʻzi oftobning tigʻi ostida tashqaridan qiziy boshlagan kabel yuklamaning ortishi, son-sanoqsiz konditsionerlar, muzlatkichlar, sovitqichlar, boylerlar va boshqa elektr texnika jihozlarining bir vaqtda tarmoqqa ulanishi tufayli ichidan ham qizib, asta-sekin tutay boshlaydi.

Ana shu vaziyatda energotizimda keng koʻlamli muammolar yuzaga kelishini oldini olish uchun dispetcherlik xizmatlari elektr uzatish tarmoqlaridagi yuklamani kamaytirish maqsadida zarur choralar koʻradi.

Masalan, maʼlum koʻrsatkichlar kritik (ogʻir) darajaga yaqin boʻlgan hollarda, ayrim turarjoy binolari va sanoat obyektlari elektr taʼminotidan vaqtincha uzib turiladi.

Taʼkidlash kerakki, elektr tarmoqlaridagi favqulodda holatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish maqsadida hududlar boʻylab tunu kun ishlaydigan avariyaga qarshi maxsus brigadalar tashkil etilgan. Ular yuzaga kelgan nosozliklarni zudlik bilan bartaraf etib borishmoqda.

Isteʼmolchilardan tarmoqda keng koʻlamli nosozliklar yuzaga kelishining oldini oladigan, keyinchalik vaziyatni ancha uzoqroq tuzatishni talab qiladigan holgacha yetib bormaslik uchun qisqa muddatga elektr energiyasini uzib turishga toʻgʻri keladigan bunday zaruriy choralar bugun oʻta muhim ekanligini tushunishlarini va qoʻllab-quvvatlashlarini soʻraymiz.

Energetika vazirligi Matbuot xizmati.

Manba: https://t.me/minenergy_uz/8421

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

https://t.me/uzmetaxborotxizmati

>