Yangiliklar
O‘zbekistonda so‘z erkinligi, davlat organlarining ochiqligi, har qanday dolzarb masala yuzasidan ma'lumot olishning osonlashgani Prezidentimiz tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlarning natijasidir
  • 24.06.2023
  • 167

So‘nggi yillarda mamlakatimizda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligini ta'minlash, ularning ommaviy axborot vositalari bilan o‘zaro hamkorligini kuchaytirish, jamoatchilik tomonidan bildirilayotgan fikr, taklif hamda mulohazalar asosida o‘z faoliyatini takomillashtirish masalasiga jiddiy e'tibor qaratilmoqda.

Bu bejiz emas, albatta. Chunki, mamlakatimiz media-makonida axborot oqimi hajmi hamda tezligi, ichki va tashqi tahdidlar soni, feyk xabarlar, manipulyasiya va dezinformatsiya faktlari ko‘payib bormoqda. Bunday sharoitda davlat organlaridan axborot siyosatini tizimli, ochiq va shaffof yuritish, turli munozarali va salbiy holatlarga o‘z vaqtida munosabat bildirish hamda amalga oshirilayotgan islohotlarni barcha aholi qatlamlariga sodda va ixcham formatda tezkor va doimiy asosda yetkazish asosiy vazifa hisoblanadi.

Xabaringiz bor, o‘tgan 4 yilning o‘zida axborot xizmatlari instituti faoliyatini takomillashtirish va davlat idoralari ochiqligi borasida qator farmon va qarorlar qabul qilinganida ham ko‘rishimiz mumkin. Ushbu hujjatlarning hammasi iyun oyida – jurnalist va ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun kasb bayrami nishonlanadigan davrda qabul qilinganida ham ramziy ma'no bor, albatta. Bularning barchasi mamlakatimizda axborot va so‘z erkinligini ta'minlash har qachongidan ham muhim ahamiyat kasb etib borayotganidan dalolatdir.

Mana bu yil Sizlar bilan uchinchi marobata Prezidentimizning “Ommaviy axborot vositalari mustaqilligini ta'minlash hamda davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmatlari faoliyatini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2019-yil 27-iyundagi PQ–4366-son qarori qabul qilingan sana munosabati tadbir tashkil etyapmiz.

Bu yil tadbirning ko‘lami yanada kengaydi, ya'ni, Forum shaklida Milliy konfrenetsiyadan tashqari, o‘quv-seminari, sport va intellektual o‘yinlarning o‘tkazilayotgani matbuot kotiblarining yanada jipslashishi, fikr almashishi va do‘stona muhit shakllanishida muhim o‘rin tutadi, deb o‘ylaymiz.

Chunki, bugungi tendensiyalar, axborot xurujlari tobora global ahamiyat kasb etib borayotgani hamda sohaga qo‘yilayotgan talablarning ortib borishi bunday uchrashuvlarni tez-tez o‘tkazish va amalga oshirilgan ishlar yuzasidan fikrlashib olish zarurligini ko‘rsatmoqda.

Prezidentimizning 2019-yil 27-iyundagi PQ–4366-son qarori qabul qilingandan buyon barcha davlat organlari va tashkilotlarining axborot faoliyatini qaytadan ko‘rib chiqilib, zamonaviy talablar asosida tashkil qilindi. Respublika ahamiyatiga molik jami 280 dan ortiq idora, muassasa, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, viloyat, tuman shahar hokimliklarida birinchi marta axborot xizmatlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi, 98 ta davlat organlari va tashkilotlarida esa qayta tashkil qilindi. Qaror qabul qilingunga qadar axborot xizmatlari sohasida jami 433 nafar mutaxassis faoliyat yuritgan bo‘lsa, bugungi kunda ularning umumiy soni qariyb 1 300 nafardan ortiqni tashkil etmoqda.

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi O‘zbekiston Respublikasining axborot sohasidagi yagona davlat siyosatini ishlab chiquvchi va amalga oshiruvchi vakolatli organ hisoblanadi. Yaxshi bilasiz Agentlikka davlat organlari va tashkilotlarining axborot faoliyatini muvofiqlashtirib borish vakolati ham berilgan.

O‘tgan davrda ushbu vazifalardan kelib chiqib, Agentlik tomonidan qator ishlar amalga oshirildi. Matbuot kotibligiga nomzodlar orasidan eng munosiblarini tanlab olish, malakasini oshirish masalalariga alohida e'tibor qaratilmoqda.

Xususan, o‘tgan to‘rt yilda jami ming nafarga yaqin matbuot kotibligiga nomzodlar suhbatdan o‘tkazilib, lavozimga tayinlandi. Shu davr ichida 1400 nafarga yaqin matbuot kotibi attestatsiyadan qilindi.

Shuningdek, yuqoridagi xujjatga ko‘ra, Agentlik to‘rt yildan buyon davlat organlari va tashkilotlari rahbarlari matbuot kotiblarining jamoatchilikka O‘zbekiston Respublikasining qonunlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qaror va topshiriqlarining ijrosi, olib borilayotgan islohotlarning maqsad va vazifalari haqida tezkor, xolis hamda birinchi manbaa sifatida to‘liq axborot yetkazish, jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan faol muloqot o‘rnatish, e'lon qilinayotgan tanqidiy materiallarga o‘z vaqtida va sifatli munosabat bildirish borasidagi faoliyatini o‘rganib, baholab kelmoqda.

 

2020-yildan boshlab har chorakda Agentlik va vazirlik, idoralar hamda mahalliy hokimiyatlar o‘rtasida media-rejalar imzolash yo‘lga qo‘yilgan. 2022-yil davomida davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, respublika ahamiyatiga molik tashkilot va idoralar bilan 520 dan ortiq media-rejalar imzolanib, unda belgilangan tadbirlar tashkil etildi.

Xususan o‘tgan yilning o‘zida Agentlik hamda Milliy matbuot markazi 1 010 ta press tadbirlar, shundan 395 ta matbuot anjumani, 488 ta brifing va joylarda 130 dan ortiq press-tur o‘tkazildi.

Bundan tashqari, o‘zaro hamkorlikda ishlab chiqilgan media-rejalar asosida 2022-yilda hududlarda 11 053 ta matbuot tadbirlari (2021-yil uchun 7 240 ta) tashkil etildi.

Agar hududlar kesimida tahlil qiladigan bo‘lsak, eng yaxshi ko‘rsatkich, Samarqand viloyatiga to‘g‘ri keladi – 3766 ta.  Farg‘ona viloyatida 1 012 ta, Buxoro viloyatida 801 ta.

Afsuski, eng kam ko‘rsatkichlar Qashqadaryo viloyatida 300 ta, Xorazm viloyatida 366 ta, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 382 ta. Ushbu hududlarda aholining qiziqtirgan masalalar yuzasidan matbuot tadbirlarini ko‘paytirishimiz kerak. Bu borada Samarqand tajribasini ommalashtirish masalasini ham o‘ylab ko‘rish vaqti keldi.

Professional axborot xizmatlari xodimlarini shakllantirish, kasbiy malakasini oshirish masalasi ham doimiy diqqat markazida bo‘lib kelmoqda. Agentlik tomonidan o‘tgan 2022-yilda axborot xizmatlari uchun o‘ndan ortiq o‘quv-seminari tashkil etilib, ularga 500 nafarga yaqin axborot xizmati xodimlari ishtirok etdi.

Jurnalistika va kommunikatsiyalar bo‘yicha xalqaro ekspert Djonatan Charlz, “Meta” kompaniyasining Xitoy, Mo‘g‘uliston va Markaziy Osiyodagi davlat siyosati bo‘yicha boshqaruvchi direktori Jorj Chen boshchiligidagi delegatsiya vakillari Aurora Li va Doniyor Koshenov ishtirokidagi seminarlar shular jumlasidandir.

Shu bilan birga, 28-29-sentyabr kunlari AOKA, Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi va UNESCO hamkorligida “Sun'iy intellekt, elektron boshqaruv va axborot erkinligi” mavzusidagi xalqaro konferensiya tashkil etildi. Unda 122 dan ortiq matbuot kotibi ishtirok etdi.

22-noyabr kuni Agentlikda AOKA va Yoshlar ishlari agentligi bilan hamkorlikda 80 dan ziyod matbuot kotiblari uchun “Wikipedia” ekspertlari ishtirokida seminar tashkil qilindi. Unda 498 nafarga yaqin matbuot xizmati xodimi qatnashdi.

Joriy yilning 4-6-aprel kunlari Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida matbuot kotiblari uchun amerikalik ekspert, inqirozli holatlarda axborot bilan ishlash bo‘yicha tajribali mutaxassis Bob Jensen ishtirokida “Axborot xizmatlari faoliyatining samaradorligini yanada oshirishga qaratilgan, inqirozli kommunikatsiya, dezinformatsiya va feyk xabarlarga qarshi kurashish, qisqa va uzoq muddatli strategiyalarni ishlab chiqish hamda ularni amalga oshirish” mavzusida seminar-trening tashkil qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-4366-son qaroriga asosan, davlat organlari va tashkilotlari axborot xizmatlari xodimlarini tajriba orttirish va xorijiy mamlakatlarning tegishli tashkilotlari faoliyati bilan yaqindan tanishish, shuningdek, ularni axborot jihatdan ta'minlash uchun safar qiluvchi delegatsiyalar tarkibiga kiritishi belgilangan. Xususan, 2022-yil davomida 25 ta davlat organi va tashkiloti axborot xizmatlari rahbarlari va xodimlari 24 davlatda safarda bo‘lishdi.

Axborot makonidagi mavjud holat, o‘ziga xos tendensiyalar bu yo‘nalishdagi ishlarimizni yanada kuchaytirish lozimligini ko‘rsatmoqda. Shundan kelib chiqib, bu boradagi ishlarimizni davom ettiramiz.

Xabaringiz bor, Internet makoni va ommaviy axborot vositalari doimiy monitoring qilinib, aniqlangan tanqidiy materiallar tezkor rasmiy munosabat bildirish uchun 150 dan ortiq tuzilgan guruhlar orqali tashkilotlarga yetkazib berilmoqda.

Qaror qabul qilingan davrgacha tanqidiy-tahliliy materiallarda davlat organlarining munosabat bildirish statistikasi respublika miqyosida 12 foizni tashkil qilgan bo‘lsa, 2022-yilda bu ko‘rsatkich 96%ni tashki qildi. Ya'ni 14 minga tanqidning 13 ming 500 dan ortig‘iga o‘z vaqtida javob qaytarilgan.

Bir qarashda ko‘rsatgichlar yomon emasdek, biroq, tanqidiy materiallarga e'lon qilinayotgan munosabat va bayonotlarning sifati talab darajasida emas. Shu bois har bir tanqidiy materialga chuqur tahliliy yondashish, muammoning sabablari va uni bartaraf etish mexanizmlari haqida ham ma'lumot berishi talab etiladi.

Ushbu ishlarni tizimlashtirish hamda qog‘ozbozlik va hisobotbozlikdan voz kechish maqsadida Agentlik tomonidan mediarejalar bo‘yicha alohida platforma yaratildi va hozirda buni faol ishlash rejimiga o‘tkazish bo‘yicha ishlar jadallashtirilmoqda.

O‘tgan davrda kundalik axborot oqimida ommaviy axborot vositalari mahsulotlari tarkibida axborot xizmatlarining ulushi sezilarli darajada ortganini ko‘rish mumkin. Masalan, axborot xizmatlarining axborot tarqatish manbalari 2019-yilda 559 ta bo‘lgan bo‘lsa, 2020-yilda 1 487 taga, 2021-yilda 3 615 taga, 2023- yil iyun oyi holatiga 3 800 taga yaqinlashdi.

Axborot xizmatlari veb-saytlar, turli ijtimoiy tarmoqlar va videoxostinglardagi sahifalar, mobil messenjerlardagi kanallar orqali ommaviy axborot vositalari va keng jamoatchilikka o‘z sohasiga tegishli ma'lumotlarni yetkazib bermoqda.

Bugungi kunga kelib deyarli barcha davlat organlari va tashkilotlari, mahalliy hokimlik vakillarining ijtimoiy tarmoqlarda tashkilot rasmiy kanalidan tashqari o‘zilarining ham rasmiy blog sifatidagi telegram va boshqa kanallari yo‘lga qo‘yilishi borasida qoniqarli natijalarga erishildi.

2021-yilda mahalliy, tuman va shahar hokimliklaridan tashqari jami 160 ga yaqin davlat tashkiloti va idoralari axborot xizmatlari rahbarlarining rasmiy telegram kanallari va boshqa ijtimoiy tarmoqlarda o‘z sahifalari tashkil etilgan bo‘lsa, 2022-yilda tuman-shahar hokimliklari matbuot kotiblari ham ijtimoiy tarmoqlarda rasmiy sahifalar ochishdi.

 

Hurmatli davra ishtirokchilari!

Bugun biz matbuot kotiblarining har bir uchrashuvi, har bir muloqotidan unumli foydalanishimiz, sohani rivojlantirish, mavjud kamchiliklarni bartaraf qilish yo‘lida takliflar olish kerak. Shu bois bugungi konferensiyamiz 3 ta muhim yo‘nalish bo‘yicha panel sessiyalarda davom etadi.

Biz bu yo‘nalishlarni tanlashda chuqur o‘ylab, axborot makonidagi hozirgi holatni inobatga olib, Sizlardan ko‘proq fikr olish va o‘zaro tajriba almashish maqsadini ko‘zlaganmiz.

Misol uchun, birinchi yo‘nalishni Axborot xizmatlarining kampaniyalashgan holda ishlash mexanizmlari: mavjud muammo va kamchiliklar hamda ularni bartaraf etish yo‘llariga bag‘ishladik. Haqiqatan, agar faoliyatimizni o‘rganib, tahlil qiladigan bo‘lsak, Axborot xizmatlarining kampaniyalashgan holda ishlashi bugun maqtanarli holatda emas. Aytaylik, mamlakatimizdagi energetika inqirozi bilan bog‘liq holatlar, ta'lim yoki iqtisodiy masalalarni ommaviy axborot vositalariga o‘z vaqtida yetkazish, muammolarni analiz qilish, shunga mos bo‘lgan matreiallar e'lon qilishda o‘zaro yakdillik va hamkorlik yetarli darajada emas. Bungi misollarni istagancha keltirish mumkin. Bugun mana shu masalalar yuzasidan fikr va takliflar olinishi juda muhim.

Yana bir dolzarb masala tashkilot imijini yaratish, jamoatchilik bilan aloqalarni tashkil qilishda rahbar va axborot xizmati hamkorligidir. Bu masala bo‘yicha uzoq vaqtdan beri gapirib, fikr yuritib kelinayotgan bo‘lishiga qaramasdan ayrim tashkilotlarda hali hamon aniq konsepsiya, amaliy harakat ko‘zga tashlanmaydi. Shu bois tashkilot imiji maqtanarli emas, rahbar va matbuot kotibining fikri bir joydan chiqmaydi, yo‘nalish to‘g‘ri tanlanmagan. O‘ylaymanki, agar bugun mana shu masalalar bo‘yicha aniq takliflar, misollar, qo‘llash mumkin bo‘lgan usullar bo‘lsa ulashishimiz, bir birimizda fikr uyg‘otishimiz kerak.

Hurmatli matbuot kotiblari, Axborot xizmati faoliyati 2030-yilga borib qanday bo‘ladi, buni kim qanday tasavvur qiladi?

Panel sessiyalarimizning 3 yo‘nalishi aynan shu masalaga qaratilgan. Barcha sohalarda 2030-yilgacha bo‘lgan reja va yo‘nalishlar belgilab olinmoqda. Shundan kelib chiqib, kerak bo‘lsa har bir tashkilot o‘zining axborot siyosatini belgilab olishi, keyingi yillarda qanday o‘zgarib borishini tahlili qilishi, shunga qarab vazifalarni belgilab olishi kerak. Ochig‘i, mana shu sessiyada aytiladigan fikrlar, takliflar ko‘pchilik uchun qiziq bo‘lsa kerak.

Ertaga ham “Davlat organlari faoliyati ochiqligini ta'minlashda rasmiy resurslardan foydalanishning samaradorligi va xavfsizlik masalalari” mavzusida maxsus media-trening o‘tkaziladi. Bu masala ham ko‘pchilik uchun muhim, deb o‘ylayman.

Umuman olganda, har bir yo‘nalish bo‘yicha aytilgan taklif va fikrlar, ijobiy tajribalar biz uchun juda ham muhim. Aytilgan barcha masalalarni qo‘llanma shaklida chop etamiz va keng ommalashtiramiz.

Konferensiya doirasidagi sessiyalarda yana quyidagi masalalarni muhokama qilsak, to‘g‘ri bo‘lardi nazaraimda.

- sohalar kesimida muammoli masalalar ro‘yxatini shakllantirish;

- ushbu muammolarga duch kelganda tezkor munosabat bildirish uchun tayyor shablon keyslar tayyorlash;

- ommaviy axborot vositalari bilan faol hamkorlik qilish va amalga oshirilayotgan ishlar haqida doimiy axborot berish hamda fikr almashish maqsadida jurnalist va blogerlar uchun sohaviy media-maktablar tashkil qilish, qisqa muddatli seminarlar o‘tkazish;

- kamida har chorakda yig‘ilgan holda sohadagi dolzarb masalalarni muhokama qilish;

- sohalar hamkorligida axborot kampaniyalarini tashkil qilish.

 

Mamlakatimizda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligini ta'minlash borasida katta qadamlar tashlandi. Bugun O‘zbekistonda so‘z erkinligi, davlat organlarining ochiqligi, har qanday dolzarb masala yuzasidan ma'lumot olishning osonlashgani Prezidentimiz tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlarning natijasidir. Buni amalga oshirishda albatta, matbuot kotiblarini o‘rni va roli beqiyos. Shu bois oldimizda turgan juda katta vazifalarni tushunib, his qilib, tashkil etilayotgan forumdan o‘zingiz uchun katta tajriba olasiz degan umiddamiz.

Manba: https://aoka.uz/uzb/news/1422

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

t.me/uzmetaxborotxizmati

 

>