OAV va jamoatchilik bilan ishlash
Press-tur: O‘zbekistonda ilk yirik quvvatli shamol turbinasi o‘rnatildi
  • 13.06.2023
  • 113

Bugun, 13-iyun kuni Navoiy viloyatining Tomdi tumanida 500 MVt quvvatli shamol elektr stansiyasini qurish loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishtirish maqsadida Energetika vazirligi tomonidan ommaviy axborot vositalari vakillari, jurnalist va blogerlar uchun press-tur tashkil qilindi.

Qayd etish kerakki, Birlashgan Arab Amirliklarining “Masdar” kompaniyasi tomonidan barpo etilayotgan mazkur yirik loyiha doirasida “Goldwind” kompaniyasining (Xitoy Xalq Respublikasi) birinchi 4,7 MVt quvvatli shamol turbinasi o‘rnatildi. Uning balandligi 97 metr, shamol parraklarining har biri esa 77 metrni tashkil qiladi.
 

 


Bugun yurtimizdagi ushbu birinchi yirik quvvatli shamol elektr stansiyasining dastlabki turbinasi muvaffaqiyatli o‘rnatilgani munosabati bilan tadbir tashkil qilindi.

Unda Energetika vazirligi, Birlashgan Arab Amirliklarining “Masdar” kompaniyasi, Zarafshon va Tomdi tumanlari hokimligi rahbariyati ishtirok etdi.
 

 


Tadbirda ta’kidlanganidek, mazkur yirik loyiha doirasida jami 111 ta shamol turbinasi o‘rnatiladi. Ushbu elektr stansiyasining ilk quvvatlari joriy yil yakunida ishga tushiriladi hamda u Markaziy Osiyodagi eng yirik shamol elektr stansiyasi bo‘lib hisoblanadi.

Stansiya to‘liq ishga tushirilgach, yiliga 1 mlrd 800 mln kVt/soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Buning natijasida yiliga 540 mln kub metr tabiiy gaz tejalishiga erishilib, atmosferaga 720 ming tonna zararli gazlar chiqishining oldi olinadi.
 

 


Eslatib o‘tamiz, mazkur yirik loyiha Prezidentimizning 2020-yil 22-dekabrdagi “Navoiy viloyatida quvvati 500 MVt bo‘lgan shamol elektr stansiyasini qurish” investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida amalga oshirilmoqda.

Press-tur jarayonida ommaviy axborot vositalari vakillariga ushbu loyiha, uning ahamiyati va istiqbollari haqida mutaxassislar tomonidan batafsil ma’lumot berildi.
 

 

 

 

 

 

 

 

 

 
 

 

O‘zbekiston Respublikasi
Energetika vazirligi Matbuot xizmati.

 

Manba: https://minenergy.uz/uz/news/view/2906

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

>