Yangiliklar
Xizmat safari hisoboti: “Polar Night Energy” va “Energy Vault” kompaniyalari tomonidan ishlab chiqilgan texnologiyalarni o‘rganish bo‘yicha (Finlyandiya, Shveysariya, 2023-yil 4–9-mart)
  • 10.03.2023
  • 132

1-kun: Frankfurt shahri (Germaniya) orqali Xelsinki (Finlyandiyaga)ga jo‘nab ketildi.

2-kun: Ishchi guruh birgalikda yig‘ildi, boriladigan obyekt va uchrashuv o‘tkaziladigan joylar rejalashtirildi, marshrut shakllantirilib, ulovlarga buyurtma berildi.

3-kun: “Polar Night Energy” kompaniyasi tomonidan ishga tushirilgan qumda ishlaydigan energiya saqlash qurilmasi joylashgan manzilga borildi.

Ushbu qurilma qayta tiklanuvchi energiya manbalarida ishlab chiqarilgan o‘zgaruvchan elektr energiyasini issiqlik energiyasiga aylantirib, kompressor yordamida issiq havoni trubkalar orqali qum to‘ldirilgan bakka yuboradi va qum haroratini 600? darajagacha qizdiradi.

Qurilma yopiq siklda ishlab, issiqlik almashinuv qurilmasi orqali markaziy isitish tizimiga issiqlik energiyasini uzatadi. Uni 6 soat davomida to‘la quvvatga ko‘tarib, 12–20 soat davomida foydalanish mumkin. Markur qurilma kichik o‘lchamda bo‘lib, issiqlik energiyasi quvvati 0,2 MVt ga, hajmi 4 MVt•soat (3,6 Gkal) issiqlik energiyasiga teng.

Ma'lumot uchun: 0,2 MVt issiqlik (0,17 Gkal) energiyasi 30–40 ta xonadonlarni issiqlik energiyasiga bo‘lgan talabini qondiradi. Ushbu qurilma 6–10 soatda to‘la quvvatlanadi va 10–20 soat davomida quvvatlamasdan ishlatsa bo‘ladi, yoki ikkisini bir vaqtda, tarmoqdan quvvatlash davomida issiqlik energiyasi bilan ta'minlash ham mumkin.

Kompaniya shuningdek quvvati 10 MVt (8,5 Gkal/soat) va issiqlik hajmi 350 MVt•soatga (300 Gkal) teng bo‘lgan loyihani taklif etmoqda. Ushbu quvvatda bir vaqtning o‘zida 2000 dan ortiq xonadonlarni issiqlik energiyasi bilan ta'minlanadi.

Ma'lumot uchun: 1 ta xonadon 1 oyda 3 Gkal issiqlik energiyasi iste'mol qiladi.

♦ Bu issiqlik markazlarida ishlab chiqarilganda 450 kub gaz hamda 35 kVt soat elektr sarflanadi.

♦ Xonadonlarda 2 konturli gazda ishlaydigan kotellardan foydalanilganda 420 kub gaz va 20 kVt soat elektr sarflanadi.

♦  Xonadonlarda 2 konturli elektrda ishlaydigan kotellardan foydalanilsa 3500 kVt soat elektr sarflanadi.

Ushbu qurilmani shahar ichida qurilayotgan quyosh panellariga to‘g‘ridan to‘g‘ri ulash orqali aholini issiqlik energiyasiga bo‘lgan talabini qondirishga, tabiiy gazni iqtisod qilishga hamda tarmoq yuklamasidagi to‘lqinlanishlarni oldini olishga erishiladi.

4-kun: Finlyandiyadan Frankfurt (Germaniya) shahri orqali Syurix (Shveytsariya) shahriga, temir yo‘l transporti orqali Lugano (Shveytsariya) shahriga kelindi “Energy Vault” kompaniyasi bilan uchrashuv belgilandi.

5-kun: “Energy Vault” kompaniya vakillari bilan uchrashildi, ular tomonidan ishlab chiqilgan texnologiyalar bilan tanishildi, namunaviy loyihalar joylashgan joyga borildi. Kompaniya taklif etgan loyihalar:

► Silindrik gravitatsion energiya saqlash qurilmasi:

Afzalliklari:

► Uzoq muddatli energiya saqlash va uzatish imkoniyati, 6-10 soat;

Kamchiliklari:

► Konstruktiv jihatdan mustahkam emas;

► Kran ilgagi beton bloklar bilan kontaktda bo‘lgani sabab yemirilish sodir bo‘lishi va 30 tonnali bloklarni 10 yilda qayta alishtirish zarurligi;

► Kranlarda harakat bo‘lgani uchun qo‘shimcha energiya iste'mol bo‘lishi, FIK-75%dan past;

► Kichik quvvatda ishlashi;

► Ishga tushish vaqti 5–7 soniya.

2. Kubsimon gravitatsion energiya saqlash qurilmasi

Afzalliklari:

► Uzoq muddatli energiya saqlash va uzatish imkoniyati, 6-10 soat;

► 35 yildan ortiq xizmat ko‘rsatadi;

► Bloklar chiqindilarni presslash orqali tayyorlanishi hisobiga kapital xarajatlar 8%ga kamayadi;

► Investitsiyaning 80% mahalliy ishlab chiqaruvchilarga sarflanadi, 20% dizayn va dasturiy ta'minot uchun xorijga;

► 18 oyda qurib bitkaziladi (akkumulyator batareyasida 21 oy);

► Samaradorligi 80%dan ortiq.

Kamchiliklari:

► Katta maydon egallaydi;

► 2400 MVt•soatdan kam qurish (400 MVt•6 soat) iqtisodiy jihatdan o‘zini oqlamasligi;

► Teng quvvatdagi Akkumulyator batareyasiga nisbatan 3 barobar qimmat (2400 MVt•soat uchun), biroq xizmat muddati 5–7 barobar ko‘proq;

► Ishga tushish vaqti 2–3 soniya (akkumulyator batareyalarida 5-10 millisoniya).

Shuningdek, Kompaniya akkumulyator batareyalar bo‘yicha ham o‘z takliflarini berdi. Ular olib borilayotgan loyihada batareyalar konteynerlarga invertorlar bilan birgalikda joylashtirilib, maxsus ramkalar yordamida 4-6 qavat ustma ust qo‘yish orqali egallaydigan joy maydonini sezilarli kamaytirish imkonini ko‘rsatdilar (AKVA Pauer tomonidan qurilayotgan 250MVt/500MVt•soatli batareya uchun 36 ga yer maydoni talab etilmoqda).

Kompaniya xodimlariga minnatdorchilik bildirildi va “O‘zbekiston MET” AJ ramzi tushirilgan esdalik sovg‘alar taqdim etildi.

6-kun: Milan aeroporti orqali Toshkentga yetib kelindi.

 

Z. Jo‘rayev, Tizim xizmatlari bosh boshqarmasi boshlig‘i

F. Sharofitdinov, Elektr energiyasini xususiy ishlab chiqaruvchilari bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i   

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

http://t.me/uzmetaxborotxizmati

>