Yangiliklar
Aksiyadorlik jamiyati negizida Xodimlarni tayyorlash markazi tashkil etilib, mutaxassislarning malakasini oshirish jarayoni amalga oshirilmoqda
  • 08.06.2023
  • 313

Yodingizda bo‘lsa, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari A.A.Nazirov tomonidan 2023-yil 27-fevral sanasida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishining AN–16-sonli bayonida belgilangan vazifalar asosida Axborot xizmati tomonidan “VIDEODARSLAR VA TEST-SINOV MASHG‘ULOTLARI” deb nomlangan maxsus o‘quv-axborot kanali — Aksiyadorlik jamiyati ishchi-xodimlari (muhandislar va elektr chilangarlari) uchun tashkil etilgan kasbiy mahorat va malaka oshirishga mo‘ljallangan elektron platforma yaratilgan edi.

‖ VIDEODARSLAR VA TEST-SINOV MASHG‘ULOTLARI:

https://t.me/+Pz1qHR0W8mYzNmZi

Shu davr ichida Axborot xizmati tomonidan 5 ta videodars va 50 ga yaqin turli yo‘nalishda test topshiriqlari e'lon qilindi, o‘quv-axborot kanaliga biriktirilgan muloqot guruhida berilgan topshiriq va test savollarining javoblari Aksiyadorlik jamiyati muhandislar va elektr chilangarlari tomonidan qizg‘in muhokama etildi.

Avvalroq, aniqrog‘i 2022-yilning 16-iyul sanasida “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari A.A.Nazirov tomonidan imzolangan  AN-235-sonli ko‘rsatmada Mutaxassis xodimlarga o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazish to‘g‘risida Aksiyadorlik jamiyati mas'ullariga bir qator vazifalar qo‘yilgan edi.

Jumladan, Magistral elektr tarmoqlari filiallari mutaxassis xodimlarining tizimli ravishda malakasini oshirish, nazariy va amaliy bilimlarini mustahkamlash hamda yangi o‘rnatilgan zamonaviy elektr uskunalari bilan tanishtirish maqsadida olib boriladigan faoliyat hamda Ko‘rsatma bajarilishini nazorat qilish Xodimlar bilan ishlash, kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash boshqarmasiga yuklatilib,  quyidagi vazifalar belgilangan edi:

• Magistral elektr tarmoqlari filiallari xodimlariga (masofaviy) o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazish uchun “ENERGO-IT” filiali sifatli aloqa tashkil etishi;

• Tasdiqlangan o‘quv dasturiga asosan o‘qituvchilar puxta tayyorlangan holda o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazishi;

• Barcha magistral elektr tarmoqlari filiallarining (MET filiali direktorlari) tegishli xodimlarini (ro‘yxatga asosan) o‘quv mashg‘ulotlariga qatnashishlari ta’minlashi;

• O‘quv mashg‘ulotlar yakunida xodimlarning olgan bilimlarini baholash uchun sinov imtihonlari o‘tkazilishi va iqtidorli hamda yuqori baho olgan xodimlarni rag‘batlantirish maqsadida rahbariyatga takliflar kiritish.

Shuningdek, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi D.A.Isaqulov tomonidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishi bayonnomasiga asosan «Toshkent shahar magistral elektr tarmoqlari» filiali tarkibidagi 220 kV kuchlanishli “Keles” podstansiyasining Mustahkamlik va xavfsizlik texnikasi guruhi xonalari negizida Xodimlarni tayyorlash markazi tashkil etilib, unga elektr energetika sohasida bir necha yillar ishlagan, o‘quv-metodik ish tajribasiga ega mutaxassislar jalb qilindi. Shu bilan birga, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatining “Ustozlar guruhi” murabbiylari bilan hamkorlikda “Magistral elektr tarmoqlari filiallari tezkor xodimlarining malakasini oshirish, nazariy va amaliy bilimlarini mustahkamlash bo‘yicha 2023-yilda o‘tkaziladigan o‘quv kurslari dasturi” ishlab chiqildi.

Shuni mamnuniyat bilan ma’lum qilamizki, Xodimlarni tayyorlash markazi ayni paytda 3-bosqich tinglovchilarga — tezkor xodimlarining malakasini oshirish, nazariy va amaliy bilimlarini mustahkamlash bo‘yicha darslarni olib borish arafasida.

Hozirda Xodimlarni tayyorlash markazini zamonaviy texnika, mebel va ko‘rgazmali uskunalar bilan jihozlash jarayoni ketmoqda. Tinchlovchilarga o‘quv kursi yakunida tegishli sertifikat va malaka oshirish jarayonida o‘z bilim-salohiyati bilan murabbiylar nazariga tushgan mutaxassislarga Aksiyadorlik jamiyati hamda Markaz rahbariyatidan tashakkurnoma taqdim etish, xorijiy tillarni yaxshi bilgan va o‘quv kursini muvaffaqiyatli tamomlagan tinglovchilarni xorijlik mutaxassislar ishtirokidagi malaka oshirish jarayoniga jalb qilish kabi tashkiliy ishlar rejalashtirilgan.

Ma’lumot o‘rnida: “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi tomonidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida D.A.Isaqulov Aksiyadorlik jamiyatida faoliyat olib borayotgan barcha rahbar xodimlarga o‘zlari yaxshi bilgan yo‘nalishda “mahorat darsi” o‘tib berish, ushbu jarayon tinglovchilarga videodarslar shaklida taqdim etilish bo‘yicha bir qator tavsiyalar berib o‘tdi. Axborot xizmati “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati muhandislarini ushbu jarayonda faol ishtirok etishga taklif etadi.

Ulug‘bek Urunov, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati Axborot xizmati rahbari

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

http://t.me/uzmetaxborotxizmati

>