Yangiliklar
Bosh prokuratura ishtirokida o‘quv seminar: Yoqilg‘i-energetika sohasida davlat nazorati mexanizmlarini takomillashtirish va “raqamli nazorat” tizimini joriy etish
  • 02.06.2023
  • 315

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining tashabbusi bilan, Davlat soliq hamda bojxona qo‘mitasi vakillari ishtirokida, Energetika vazirligi tizim tashkilotlarida Yoqilg‘i-energetika sohasida qonunchilik ijrosi ustidan nazorat bo‘lim boshliqlari hamda neft va gaz sohasidagi qonunchilik ijrosi ustidan nazorat qilish bo‘yicha ixtisoslashtirilgan prokurorlarning o‘quv seminar dasturi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi D.A.Isaqulov Aksiyadorlik jamiyatining asosiy ish faoliyati bilan yaqindan tanishtirib, mamlakatimiz hamda Markaziy Osiyo davlatlari elektr energetika yagona tizimi ish faoliyati to‘g‘risida umumiy maʼlumotlarni taqdim etdi.

Yig‘ilishda, shuningdek, Boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari A.Nazirov yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlari hamda podstansiyalar faoliyati, ayni paytda olib borilayotgan taʼminlash-sozlash, modernizatsiya-rekonstruksiya, qurishish-montaj, loyihalashtirish va istiqboldagi rejalar haqida tadbir ishtirokchilariga qisqacha axborot berib o‘tdi. Boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari S.Artikov sohada olib borilayotgan raqamlashtirish dasturlari va uning samarasi, yuqori kuchlanishli podstansiyalarda yaratilgan qo‘shimcha o‘tkazuvchanlik quvvati hamda mavsumiy tayyorgarlik xususidagi maʼlumotlarni seminar ishtirokchilariga taqdim etdi.

O‘z navbatida O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Yoqilg‘i-energetika sohasida qonunchilik ijrosi ustidan nazorat bo‘lim boshliqlari hamda neft va gaz sohasidagi qonunchilik ijrosi ustidan nazorat qilish bo‘yicha ixtisoslashtirilgan prokurorlar tomonidan energetika sohasi mutaxassislariga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 24-maydagi “Yoqilg‘i-energetika sohasida davlat nazorati mexanizmlarini takomillashtirish va “raqamli nazorat” tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi PF–77-son Farmonining mazmun-mohiyati, yoqilg‘i-energetika sohasidagi qonunchilik hujjatlari, dastur hamda loyihalarda belgilangan chora-tadbirlarning o‘z vaqtida va to‘liq ijro etilishini taʼminlash, sohada huquqni qo‘llashning yagona amaliyotini shakllantirish borasida tavsiyalarini berdi.

O‘quv seminar yakunida mutaxassislar “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan elektr energiyasi isteʼmoli sezilarli darajada oshishi kutilayotgan 2023-yil yoz mavsumi, shu bilan birga, 2023/2024-yil kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari, navbatchi brigadalar hamda avtotransport va mexanizmlarning shayligi, turli himoya vositalari, ehtiyot qism hamda uskuna-jihozlar zaxirasi yaratilgani haqida axborot berildi.

Maʼlumot o‘rnida: Yig‘ilishda Energetika vazirligi huzuridagi “Milliy dispetcherlik markazi” davlat unitar korxonasi vakillari ham ishtirok etishdi.

 

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

http://t.me/uzmetaxborotxizmati

>