Yangiliklar
BOLALIK DUNYOSI — BEG‘UBOR DUNYO!
  • 01.06.2020
  • 27288

     Har bir inson o‘z bolaligiga qaytishni istab yashaydi...

     Agar zimdan kuzatsangiz bolajonlarning quvnoq o‘yinlari, shirindan-shakar qiliqlaridan tortib hatto arazlarigacha sodda va samimiy. Shuning uchun bo‘lsa kerak bolalik sog‘inchi bizni bir zum ham tark etmaydi.

     Bugungi bayram sanasi bilan «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyatida faoliyat yuritib kelayotgan barcha xodimlarni tabriklayman!

     Bolalarni himoya qilish kuni bayrami hech bir kishiga begona emas. Zero, bu beg‘ubor olamning mitti yo‘lakchalarida hammamizning qadrdon izlarimiz qolgan. Bugun esa barchamiz bolalik atalmish ko‘rkam olamning oshuftalariga aylandik...

     Biz o‘z bolalik chog‘larimizni ortimizdan unib-o‘sib kelayotgan aziz farzandlar-u nabiralarning musaffo nigohlaridan topamiz! Yaratganga ming shukurlar bo‘lsinki, mana shunday jannatmonand Vatanda yasharkanmiz, bolajon xalqligimizga borib, katta to‘y-tantanalar uyushtiramiz, ko‘nglimizga ertangi kunga oid go‘zal tilaklarni joylaymiz. Va ularning aksariyati jondan aziz farzandlarimizga chambarchas bog‘langan.

     Jamiyatimiz ishchi-xodimlari uchun nechog‘liq tarzda qulayliklar va shart-sharoit yaratib berilgan bo‘lsa, tabiiyki, bu holatda ham aziz farzandlar e'tibor markazimizda. Yurtimizning barcha bayramlarida ulashiladigan sovg‘a-salomlar-u rag‘batlantirishlar, hech shubhasiz, har bir xodimimizning muborak xonadonida tarbiya topayotgan bolalar kelajagi uchun demakdir!

     Tashkilotimiz tarkibidagi tibbiy va dam olish maskanlari, suv havzalari, sport-sog‘lomlashtirish muassasalarini rivojlantirish yo‘lidagi ko‘pgina harakatlarimiz negizida asl bolaparvarlik kayfiyatimiz hukmron. Tashkilotimiz tomonidan otaliqqa olingan umuta'lim maktabida olib borayotgan ishlarimiz ham o‘quvchi yoshlarning kelajagi uchundir.

     Yozingizda bo‘lsa, muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev yangi maktab foydalanishga topshirilishi arafasidagi tashrifi chog‘ida bolalarga yaratilgan sharoitlarni ko‘zdan kechirib, o‘quvchi yoshlar bilan suhbatlashganda «...Biz juda katta marra olganmiz. Ularga erishishda sizlarday yoshlarga ishonamiz va suyanamiz. Murakkab sinovlardan o‘tib, katta yo‘lga qadam qo‘ydingiz. Sizni shunday tarbiyalagani uchun ota-onalaringizga mendan rahmat aytinglar. Bu avvalo ularning, ular bilan birga mening ham baxtim, butun millatimizning baxti», degan edi.

     Qadrli hamkasblar! Uyingizga fayz bag‘ishlab turgan barcha farzandlarni ko‘psonli jamoamiz nomidan tabriklab, qutlov so‘zlarini yetkazing. Bolalarimiz, yoshlar — yurtimiz kelajagi, ertangi kunimiz!

 

D.A.Isaqulov, «O‘zbekiston MET» AJ boshqaruv raisi

 

 

     Aziz bolajonlar!

     Vatanimiz erkalari, quvnoq avlodi!

     Siz bor-ki, hayotimizda mazmun mujassam! Siz bor-ki, yaxshi kunlar — to‘ylar, bayramlar yarashadi! Jonajon yurtimizning yanada nurafshon kelajagi — Sizning qo‘llaringizda!

     Bilingki, biz barchangizni yaxshi ko‘ramiz!

 

SOG‘LOM BOLAJON

                                        

     «Sog‘ tanda — sog‘lom aql»,

     Demish bunda donolar.

     Baxsh etadi bu naql –

     Umrimizga ma'nolar.

 

     Quloq sol, ey bolajon,

     Ko‘zim oqu-qorasi.

     Vataningdir jonajon –

     Ikki daryo orasi.

 

     Ijobatdir bunda sen

     Orzu qilsang neni-ki.

     Maqsadlaring bo‘lsa keng

     Jumla-jahon seniki!

 

     O‘zligiga o‘zi bek –

     Avlodsan, jonim bolam!

     Qadaming bo‘lsin tetik,

     Hech kimdan emassan kam!

 

     Sen uchun tiniq osmon,

     Osoyish chaman senga!

     Quyoshni varrak qilib -

     Bog‘lab beraman senga!

 

     Faqat mardlik yo‘lin tut,

     Chalg‘imagin bir lahza.

     Yaxshilarning qo‘lin tut,

     Barmoqlar musht – birlashsa!

 

     Yaramoqlik qanday baxt -

     Elu-yurtning koriga!

     Shukrona qil hamma vaqt

     Shu Vatanning boriga!

 

     Bu o‘lkada har farzand

     Bo‘lg‘ay sog‘lom bolajon.

     Boshingni tutib baland -

     Ulg‘ay, sog‘lom bolajon!

 

Orif To‘xtashev,

«O‘zbekiston MET» AJ boshqaruv raisining maslahatchisi,

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi,

«O‘zbek bolalar va o‘smirlar adabiyoti» Kengashi raisi, shoir

 

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

t.me/uzmetaxborotxizmati

>