Yangiliklar
15-yanvar kuni iste’molchilarni energiya resurslari bilan ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot
  • 16.01.2023
  • 203

Kecha, 15-yanvar kuni iste’molchilarni yoqilg‘i-energiya resurslari bilan ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot beramiz.

Kecha, 15-yanvar kuni elektr stansiyalari orqali 228 mln kVt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Shundan respublika iste’molchilariga 227,5 mln kVt-soat elektr energiyasi yetkazib berildi.

Shuningdek, gaz ta’minoti korxonalari tomonidan iste’molchilarga 144 mln kub metr tabiiy gaz va 700 tonna suyultirilgan gaz yetkazib berildi. Iste’molchilarni ko‘mir mahsulotlari bilan ta’minlash maqsadida 7,1 ming tonna mahalliy ko‘mir yetkazib berildi.

Korxonalarda qazib chiqarish va ishlab chiqarish ishlari o‘rnatilgan tartibda olib borilmoqda. Barcha korxonalarda shtablar tuzilgan, 24 soatlik navbatchilik tashkil qilingan.

Anomal sovuq harorat tufayli respublika hududlaridagi elektr tarmoqlari va transformator punktlarida, shu jumladan Toshkent shahrining barcha tumanlarida yuzaga kelgan nosozliklar bartaraf etib borilmoqda.

Zarur chora sifatida respublikamizning ayrim hududlarida elektr energiyasi ta’minotida cheklovlar (bir yarim soatdan ikki soatgacha) kiritildi. Ta’minotdagi uzilishlar bo‘yicha iste’molchilardan 1000 dan ortiq murojaat kelib tushdi. Murojaatlar yuzasidan elektr qurilmalarida yuzaga kelayotgan nosozliklar maxsus brigadalar tomonidan bartaraf etilmoqda.

Hududlarda gaz bosimining pastligi sababli ayrim xonadonlarni tabiiy gaz bilan ta’minlash imkoniyati bo‘lmadi. Xususan, Toshkent, Jizzax, Samarqand, Farg‘ona, Andijon, Namangan, Surxondaryo, Navoiy, Sirdaryo viloyatlari va Toshkent shahrining ayrim xonadonlarida gaz ta’minotida uzilishlar kuzatilmoqda.

Tabiiy va suyultirilgan gaz bo‘yicha iste’molchilardan 474 ta murojaat kelib tushdi. Mavjud muammolarni bartaraf etish bo‘yicha tezkor chora-tadbirlar olib borildi.

Gaz tarmoqlarida avariyalar tufayli ta’mirlash ishlari iste’molchilarni oldindan ogohlantirgan holda amalga oshirildi. Shuningdek, vazirlik va tizim tashkilotlarining mas’ul xodimlari hududlarga safarbar etilgan, iste’molchilarni barqaror energiya resurslari bilan ta’minlash bo‘yicha  zarur choralar ko‘rilmoqda.

Anomal sovuq kunlarida tarmoqlarda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan va kuzatilayotgan nosozliklarni bartaraf etish maqsadida elektr va gaz ta’minoti korxonalarida tunu-kun ishlaydigan 1000 dan ortiq maxsus brigada tashkil etilgan bo‘lib, ular joylarda muammolarni tezkorlik bilan bartaraf etilishini ta’minlamoqdalar.

Shu o‘rinda iste’molchilardan isitish moslamalariga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lishlarini, gaz uskunalaridan foydalanishda xavfsizlik qoidalariga, shuningdek, is gazidan zaharlanishning oldini olish yuzasidan berilgan tavsiyalarga qat’iy rioya qilishlarini so‘raymiz.

Hurmatli iste’molchilar! Energiya ta’minoti yuzasidan quyidagi manzillariga murojaat qilishingiz mumkin.

Elektr energiyasi ta’minoti yuzasidan 1154 qisqa raqami yoki “Telegram”dagi (@HET_admin) administratorga, tabiiy va suyultirilgan gaz ta’minoti yuzasidan 1104, 104 telefon raqamlari yoki Facebook ijtimoiy tarmoqdagi guruhga hamda ko‘mir ta’minoti yuzasidan 78-148-30-03, 71-244-38-28 telefon raqamlari va @Uzbekcoaluz_bot “Telegram” botga murojaat qilishlari mumkin.

 

O‘zbekiston Respublikasi

Energetika vazirligi Matbuot xizmati

Manba: https://minenergy.uz/uz/news/view/2519

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

>