OAV va jamoatchilik bilan ishlash
bugun.uz — Oʻzbekistonda 2022-yilda 58,4 mlrd soʻmlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanilgani aniqlandi
  • 08.01.2023
  • 196

Oʻzbekistonda 2022 yilning 11 oyi davomida tadbirkorlik subyektlari tomonidan 58,4 milliard soʻmlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanilgani aniqlandi. Bu haqda Energetika vazirligi huzuridagi Elektr energetikada nazorat inspeksiyasi matbuot xizmati rahbari Navroʻz Norboboyevga tayanib, OʻzA xabar berdi.

Qayd etilishicha, “Oʻzenergoinspeksiya” tomonidan 2022 yilning 11 oyi davomida bu yoʻnalishda 499 ta tadbirkorlik subyektida tekshiruvlar oʻtkazilib, 133,3 million kilovatt soat, yaʼni 58,4 milliard soʻm miqdorida elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlari aniqlangan.

2022 yilning dekabr oyida oʻtkazilgan nazorat tadbirlarida hududlar boʻyicha 719 ta isteʼmolchi tomonidan 35,5 million kilovatt soat miqdordagi elektr energiyasidan noqonuniy foydalangani maʼlum boʻlgan. Bunday holat tufayli energetika tizimiga 15,7 milliard soʻm qiymatda zarar keltirilgan.

Misol uchun, Sirdaryo viloyatining jami isteʼmolchilarining bir kunlik elektr energiyasi isteʼmoli 5,5 million kilovatt soat boʻlib, ushbu koʻrsatkichga asosan Sirdaryo viloyatining oʻrta hisobda 1 haftalik hajmdagi elektr energiyasi isteʼmoliga teng miqdorni tashkil qiladi.

Noqonuniy foydalanish holatlarini hududlar kesimida tahlil qilinganda eng koʻpi Andijon, Qashqadaryo, Samarqand va Toshkent viloyatlarida aniqlangan. Masalan, Samarqand viloyati Ishtixon tumanida faoliyat yuritib kelayotgan “Maroqand sifat tekstil” MCHJda 2,3 milliard soʻm, Toshkent viloyati Yangiyoʻl tumanida joylashgan Spring Colours Industriy MCHJda 1,4 milliard soʻm, Andijon shahrida faoliyat yuritib kelayotgan “F.X.S” MCHJda 684,17 million soʻm qayta hisoblash ishlari amalga oshirilgan.

Qoidabuzar isteʼmolchilarga nisbatan belgilangan tartibda choralar koʻrilib, ularning elektr uskunalari tarmoqdan ajratilgan. Keltirilgan zararni qoplash yuzasidan hujjatlar huquqni muhofaza qilish organlariga kiritilib, undirish choralari koʻrilmoqda.

Eslatib oʻtamiz, avvalroq Energetika vaziri energotizimda rejali cheklovlar kiritilmasa, Oʻzbekiston jiddiy talafot koʻrishi mumkinligini aytgani, Toshkentdagi gaz quyish shoxobchalari vaqtincha yopilgani, Oʻzbekistonda davlat tashkilotlari mashinalariga metan gaz quyish taqiqlangani hamda Toshkentdagi koʻcha chiroqlarini oʻchirish boshlangach qancha elektr energiyasi tejalayotgani haqida xabar berilgandi.

Manba: https://bugun.uz/

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

>