Yangiliklar
YUQORI KUCHLANISHLI ELEKTR TARMOQLARI: TABIIY OFAT TALAFOTLARINI BARTARAF ETISH BO‘YICHA TEZKOR MA'LUMOTLAR
  • 29.04.2020
  • 1573

  Ko‘pchilikka ma'lumki, 2020-yil 27-aprel soat 00:28 da Turkmaniston tarafdan kuchli shamol oqimining kirib kelishi natijasida mamlakatimizning turli hududlarida, jumladan: Buxoro, Navoiy, Samarqand, Qashqadaryo va Jizzax viloyatlarida, bundan tashqari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatining ayrim hududlarida yuqori hamda past kuchlanishli elektr tarmoqlaridagi avariyaga qarshi avtomatika tizimi ishlashi oqibatida elektr ta'minotida ko‘plab uzilish holatlari kuzatildi, bir nechta tayanch ustunlari hamda havo tarmoqlariga zarar yetdi.

  Ushbu munosabat bilan, yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlari tizimida tabiiy ofat talafotlarini bartaraf etish bo‘yicha tezkor ma'lumotlar taqdim etib boriladi:

  BUXORO VILOYATI:

  Tabiiy ofat natijasida 500/220/10 kV «Qorako‘l» podstansiyasi, 1 ta 500 kVli va 8 ta 220 kVli havo tarmoqlari avariyaviy o‘chgan edi. Natijada jami 240 MVt, shu jumladan Buxoro viloyati hududiga qarashli quvvati 150 MVt bo‘lgan nasos agregatlari, Qandim zavodi tarmoqdan uzilgan edi.

  Olib borilgan tezkor ishlar natijasida 220kV li «Buxoro» havo tarmog‘i orqali «Qandim» podstansiyasiga kuchlanish berilib, «Qandim gazni qayta ishlash zavodi»ning elektr ta'minoti to‘liq tiklandi.

  Shuningdek, tabiiy ofat natijasida 220 kVli «Buxoro» tarmog‘ining 5 ta, «Hamza-1» va «Hamza-2» havo tarmoqlarining 9 ta tayanch ustunlari shikastlangan.

  Avval xabar berilganidek, «O‘zbekiston MET» AJ boshqaruv raisi boshchiligidagi tezkor shtab tomonidan yetkazilgan talafotlar bartaraf etilmoqda. «Hamza-1», «Hamza-2» va «Hamza-3» podstansiyalarga quvvat berilishi ustida ish olib borilmoqda.

  SAMARQAND VILOYATI:

  Tabiiy ofat natijasida Samarqand viloyatidagi yuqori kuchlanishli havo tarmog‘ining 1 ta tayanch ustuni  shikastlangan edi. Ushbu tayanch ustunining o‘rniga yangi konstruksiya montaj qilindi va 228-raqamli tayanch ustuni yangilanganidan so‘ng elektr tarmog‘iga kuchlanish berildi.

  JIZZAX VILOYATI:

  Avval xabar berganimizdek, Turkmaniston hududidan kuchli shamol oqimining kirib kelishi natijasida mamlakatimizning bir nechta viloyatlaridagi elektr ta'minotida uzilishlar kuzatildi. Ayni paytda iste'molchilarning yirik qismi bosqichma-bosqich tarmoqqa ulanib, tabiiy ofat talafotlari bartaraf etilmoqda.

  Misol uchun, Jizzax viloyatida joylashgan yuqori kuchlanishli havo liniyalariga jiddiy zarar yetmagan bo‘lsa-da, ayrim tayanch ustunlari o‘zining tik holati va mustahkamligini yo‘qotgan.

  «Jizzax magistral elektr tarmoqlari» filiali xodimlari 220 kV kuchlanishli «20-D» havo liniyasining 384-raqamli tayanch ustunida yuzaga kelgan tik holatdan og‘ishni bartaraf etib, xavfsizlik nuqtai nazaridan vaqtincha iste'moldan uzilgan  elektr uzatish tarmog‘i faoliyatini to‘liq tiklashdi va iste'molchilar tarmoqqa qayta ulandi.

  Ma'lumot o‘rnida: ayni paytda «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyatiga qarashli havo tarmoqlarini tiklash, ya'ni zarar yetgan tayanch ustunlarini ta'mirlash hamda yangilash uchun kecha-kunduz ish olib boradigan bir nechta brigadalar safarbar etilgan. Tezkor shtabda tuzilgan ish rejasiga muvofiq iste'molchilarni tarmoqqa ulash ishlari bosqichma-bosqich olib borilmoqda.

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

Kanalga a'zo bo‘ling! t.me/uzmetaxborotxizmati

>