Yangiliklar
KUCHLI SHAMOL OQIBATIDA ELEKTR TA'MINOTIDA KUZATILGAN NOSOZLIKLAR BARTARAF ETILMOQDA
  • 28.04.2020
  • 874

  2020-yil 27-aprel soat 00:28 da Turkmaniston tarafdan kuchli shamol oqimining kirib kelishi natijasida mamlakatimizning turli hududlarida, jumladan: Buxoro, Navoiy, Samarqand, Qashqadaryo va Jizzax viloyatlarida, bundan tashqari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatining ayrim hududlarida yuqori hamda past kuchlanishli elektr tarmoqlaridagi avariyaga qarshi avtomatika tizimi ishlashi oqibatida elektr ta'minotida ko‘plab uzilish holatlari kuzatildi.

  «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati tasarrufidagi barcha podstansiyalar hamda havo liniyalariga xizmat ko‘rsatuvchi texnik-muhandislar kuchaytirilgan tartibda xizmat qilishmoqda, navbatchi mutaxassislar safiga qo‘shimcha brigadalar jalb etilgan, barcha maxsus texnika va kerakli jihozlar shay holatga keltirilgan. Xususan, eng ko‘p zarar ko‘rgan hudud — Buxoro viloyatida «O‘zbekiston MET» AJ ma'muriyati va filial mutaxassislaridan tarkib topgan Ishchi guruh faoliyat yuritmoqda.

  Ayni soatlarda noqulay ob-havo sharoiti tufayli yetkazilgan talafotlar elektr ta'minoti korxonalari bilan bir qatorda mahalliy hokimiyat, favqulodda vaziyatlar, yong‘in xavfsizligi va boshqa yordamchi kuchlar tomonidan bartaraf etilmoqda.

  Elektr ta'minoti korxonalaridagi barcha ishchi kuchi va resurslar iste'molchilar ta'minotini tiklash uchun safarbar etilgan. «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ tasarrufidagi «Call Centre»ning qisqa 1154 raqami kuchaytirilgan tartibda xizmat ko‘rsatmoqda. Yuzaga kelgan noqulayliklar uchun iste'molchilardan uzr so‘raymiz.

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

Kanalga a'zo bo‘ling! t.me/uzmetaxborotxizmati

>