Yangiliklar
Energetika vazirligi Matbuot shtabi 25-dekabr kuni isteʼmolchilarni yoqilg‘i-energiya resurslari bilan taʼminlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar haqida maʼlumot beradi
  • 26.12.2022
  • 248

Kecha, 25-dekabr kuni elektr stansiyalar orqali 232,6 mln kVt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Shundan respublika isteʼmolchilariga 223,1 mln kVt-soat elektr energiyasi yetkazib berildi.

Shuningdek, gaz taʼminoti korxonalari tomonidan isteʼmolchilarga 154,3 mln kub metr tabiiy gaz va 0,1 ming tonna suyultirilgan gaz yetkazib berildi. Isteʼmolchilarni ko‘mir mahsulotlari bilan taʼminlash maqsadida 5,7 ming tonna mahalliy ko‘mir yetkazib berildi.

Korxonalarda qazib chiqarish va ishlab chiqarish ishlari o‘rnatilgan tartibda olib borilmoqda. Barcha korxonalarda shtablar tuzilgan, 24 soatlik navbatchilik tashkil qilingan.

Respublikamizning ayrim hududlarida elektr energiyasi taʼminotida cheklovlar (bir yarim soatdan ikki soatgacha) kiritildi.

Soat 20:50 da Andijon shahar 2-kichik dahada joylashgan 155-sonli transformator punktida nosozlik kuzatilgan. Buning natijasida, 6 ta ko‘p qavatli uylarda yashovchi 380 ga yaqin aholi elektr ta'minotidan uzilgan. Ushbu nosozlik soat 01:11da bartaraf etilib, elektr ta’minoti to‘liq tiklandi.

Taʼminotdagi uzilishlar bo‘yicha isteʼmolchilardan 220 ta murojaat kelib tushdi. Murojaatlar yuzasidan elektr qurilmalarida yuzaga kelgan nosozliklar maxsus brigadalar tomonidan bartaraf etildi.

Shuningdek, gaz quvurlarida bosimning meʼyordan pastligi sababli Toshkent viloyatining Bo‘stonliq, Piskent, Yangiyo‘l, Zangiota, Bo‘ka va Chinoz tumanlarining ayrim xonadonlarida gaz yetib borishida uzilishlar kuzatilgan. Qolgan barcha hududlarda gaz taʼminoti barqarorlashgan.

Isteʼmolchilardan 207 ta murojaat kelib tushdi. Mavjud muammoni bartaraf etish bo‘yicha tezkor chora-tadbirlar olib borildi.

Gaz tarmoqlarida olib borilgan taʼmirlash ishlari isteʼmolchilarni oldindan ogohlantirgan holda amalga oshirildi. Shuningdek, vazirlik va tizim tashkilotlarining masʼul xodimlari hududlarga safarbar etilib, isteʼmolchilarni barqaror energiya resurslari bilan taminlash choralari ko‘rilmoqda.

Bundan tashqari, kuz-qish davrini betalafot o‘tkazish maqsadida elektr tarmoqlari korxonalarida 532 ta, gaz taʼminoti korxonalarida esa 244 ta nosozliklarni oldini olish va bartaraf etish bo‘yicha brigadalar tashkil etilgan.

Shu o‘rinda isteʼmolchilardan isitish moslamalariga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lishlarini, gaz uskunalaridan foydalanishda xavfsizlik qoidalariga, shuningdek, is gazidan zaharlanishning oldini olish yuzasidan berilgan tavsiyalarga qatʼiy rioya qilishlarini so‘raymiz.

Hurmatli isteʼmolchilar, elektr energiyasi taʼminoti yuzasidan 1154 qisqa raqami yoki Telegramdagi (@HET_admin) administratorga, shuningdek, tabiiy va suyultirilgan gaz taʼminoti yuzasidan 1104, 104 telefonlari yoki (Facebook) ijtimoiy tarmog‘idagi guruhga murojaat qilishingiz mumkin.

▶️@minenergy_uz

Manba: https://t.me/minenergy_uz/6834

“O‘zbekiston MET” AJ Axborot xizmati

 

>