Yangiliklar
Olmaliq g‘isht zavodi bilan bog‘liq vaziyat haqida
  • 12.12.2022
  • 243

 Ijtimoiy tarmoqlarda “Toshkent viloyati prokurori gaz tarmog‘iga noqonuniy ulangan g‘isht zavodini o‘chirmaslikni so‘radi” mazmunidagi xabarlar tarqaldi. Shu munosabat bilan quyidagilarni maʼlum qilamiz:

Olmaliq shahrida joylashgan “Olmaliq g‘ishtchi” MCHJga qarashli g‘isht zavodi 2022-yil 29-noyabr kuni ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun gaz taʼminotidan uzilgan. Kuz-qish mavsumida aholi va ijtimoiy soha obyektlarini gaz bilan taʼminlash zarurati tufayli tabiiy gazdan foydalanishni vaqtinchalik taqiqlash doirasida ushbu korxonani tarmoqdan uzish belgilangan tartibda amalga oshirildi.

Tekshiruv davomida ishchi guruh tomonidan mazkur xo‘jalik subyekti keyinchalik mahalliy gaz taʼminoti tashkiloti ko‘magida tabiiy gaz tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulangani aniqlandi. O‘tgan davr mobaynida g‘isht zavodi tomonidan 118 282 metr kub tabiiy gaz noqonuniy foydalanilib, 118 million so‘mlik zarar yetkazilgan.

Mazkur holat yuzasidan Olmaliq shahar prokuraturasi tomonidan 2022-yil 9-dekabr kuni “Olmalik g‘ishtchi” MCHJ va “Olmaliqshahargaz” filiali mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Tekshiruv davomida maʼlum bo‘lishicha, viloyat gaz taʼminoti tashkiloti rahbari prokuraturaga mazkur korxonaning faoliyat yuritishi zarurati to‘g‘risida ariza bilan murojaat qilib, buni maʼlum eksportchilar ro‘yxatiga kiritilgani bilan izohlagan va bu haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Aniqlangan faktlar yuzasidan unga nisbatan ham tergovga qadar surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

Ijtimoiy tarmoqlar foydalanuvchilari, blogerlardan Olmaliq g‘isht zavodidagi vaziyatni to‘g‘ri talqin qilish va rasman tasdiqlanmagan maʼlumotlarni tarqatmaslik so‘raladi.

Ayni paytda Energetika vazirligi tomonidan Bosh prokuratura bilan yaqin hamkorlikda energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish bilan bog‘liq barcha aniqlangan faktlar bo‘yicha qatʼiy choralar ko‘rilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi
Energetika vazirligi Matbuot xizmati

▶️@minenergy_uz

Manba: https://t.me/minenergy_uz/6649

“O‘zbekiston MET” AJ Axborot xizmati

t.me/uzmetaxborotxizmati

>