Kasaba uyushmasi
Prezident Oʻzbekiston kasaba uyushmalari kuni munosabati bilan Oʻzbekiston kasaba uyushmalari xodimlari va faollariga tabrik yoʻlladi
  • 11.11.2022
  • 342

Oʻzbekiston kasaba uyushmalari xodimlari va faollariga

Qadrli vatandoshlar!

Hurmatli kasaba uyushmalari xodimlari va faollari!

Avvalo, siz azizlarni, sizlar orqali kasaba uyushmalarining millionlab aʼzolarini mamlakatimizda ilk bor nishonlanayotgan bayram – Oʻzbekiston kasaba uyushmalari kuni bilan chin qalbimdan tabriklab, barchangizga oʻzimning yuksak hurmatim va ezgu tilaklarimni bildirishdan gʻoyat mamnunman.

Bugungi kunda yurtimizda kasaba uyushmalari tizimida 33 mingdan ortiq boshlangʻich tashkilotlar samarali faoliyat koʻrsatmoqda hamda 6 500 dan ziyod xodim va 300 mingga yaqin faollar fidokorona mehnat qilib kelmoqda.

Ayni paytda, kasaba uyushmalari oʻz safida 5,5 million nafardan ziyod aʼzolarni birlashtirib, ularning mehnatga oid huquq va manfaatlarini taʼminlashda yaqindan yordam berib kelmoqda. Ushbu ustuvor vazifani samarali taʼminlash maqsadida soʻnggi 5 yilda kasaba uyushmalari tizimida keng koʻlamli chora-tadbirlar amalga oshirildi, mehnat jamoalarida xodimlarni ijtimoiy-iqtisodiy qoʻllab-quvvatlash ishlari yangi bosqichga koʻtarildi.

Korxona va tashkilotlarda yil davomida 1 nafar ishchi va xizmatchilarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash sohasiga sarflanadigan oʻrtacha mablagʻ miqdori 5 marotaba oshirildi.

Bu davrda Kasaba uyushmalari federatsiyasi tizimida 14 ta sogʻlomlashtirish maskani qurildi, 5 tasi rekonstruksiya qilindi. Natijada bir yilda qoʻshimcha ravishda 34 ming nafar yurtdoshimizni tizimdagi sanatoriylarda sogʻlomlashtirish imkoniyati yaratildi.

Shuningdek, 593 mingga yaqin xodimlar va ularning oila aʼzolari, 8700 dan ortiq urush va mehnat fronti faxriylari sanatoriylarda sogʻlomlashtirilgani, 1,5 million nafardan ortiq bolalarning oromgohlarda dam olishlari tashkil etilgani ham bu boradagi ishlar koʻlamining kengligidan dalolat beradi.

Bundan tashqari, 788 mingdan ziyod xodimlar va ularning oila aʼzolari, 14 mingga yaqin keksa avlod vakillari va 15 mingdan ortiq ehtiyojmand oilalar aʼzolarining respublikamizdagi diqqatga sazovor qadamjolarga sayohatlari tashkil qilindi.

Xodimlar mehnatini muhofaza qilish maqsadida kasaba uyushmalari tomonidan 16 mingga yaqin korxona va tashkilotlar faoliyati oʻrganilib, aniqlangan 61 mingdan ziyod kamchiliklar bartaraf etilishi taʼminlandi.

Soha xodimlarining saʼy-harakatlari natijasida 14 mingga yaqin xodimlarning buzilgan mehnat huquqlari tiklanib, ular foydasiga 3,6 milliard soʻmdan ortiq mablagʻ undirib berildi.

Keyingi yillarda sohada xalqaro hamkorlik aloqalari mustahkamlanib bormoqda. Xususan, Oʻzbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi Kasaba uyushmalari umumkonfederatsiyasiga aʼzolikka qabul qilindi, Markaziy Osiyo davlatlarining turdosh tashkilotlari bilan kelishuvlar tuzildi, Xalqaro mehnat tashkiloti bilan hamkorlik yangi bosqichga koʻtarildi.

Soʻnggi yillarda aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, inson huquq va manfaatlarini taʼminlashda kasaba uyushmalari faol ishtirok etib kelmoqda. Jumladan, “Ayollar daftari” bilan ishlash tizimi orqali oʻtgan davr mobaynida mutasaddi vazirlik va idoralar, hokimliklar bilan hamkorlikda 6,5 milliondan ortiq xotin-qizlar bilan muloqotlar oʻtkazilib, 900 mingga yaqin opa-singillarimizning muammolarini ijobiy hal etishda kasaba uyushmalari davlatimizga mustahkam tayanch boʻlib maydonga chiqqanini minnatdorlik bilan eʼtirof etish joiz.

Bu haqda gapirganda, oʻtgan yili Kasaba uyushmalari federatsiyasi huzurida tashkil etilgan 1211 “ishonch telefoni”ga kelib tushgan xotin-qizlarning 100 mingga yaqin murojaatlarida bildirilgan masalalarning hal etilgani alohida tahsinga loyiq.

Hurmatli doʻstlar!

Maʼlumki, biz oʻz oldimizga Yangi Oʻzbekistonni barpo etishdek buyuk vazifani strategik maqsad qilib qoʻydik. Shu maʼnoda, “Inson qadri uchun” gʻoyasini umummilliy harakatga, yurtimizni keng imkoniyatlar va amaliy ishlar mamlakatiga aylantirishda davlat va jamoat tashkilotlari bilan bir qatorda, hech shubhasiz, kasaba uyushmalari ham muhim oʻrin tutadi.  

Biz bundan buyon ham bandlikni taʼminlash va aholini ijtimoiy muhofaza qilish sohalarida ijtimoiy sheriklik imkoniyatlarini yanada kengaytirish, taʼsirchan jamoatchilik nazoratini oʻrnatishga oid tashabbuslaringizni qoʻllab-quvvatlaymiz.

Shu bilan birga, korxona va tashkilotlarda xodimlarning kasbiy, mehnatga oid, ijtimoiy-iqtisodiy huquqlarini taʼminlash tizimini yanada kuchaytirishni davrning oʻzi taqozo etmoqda.

Mamlakatimizda faoliyat koʻrsatayotgan barcha ish beruvchilar va rahbarlar butun dunyoda tan olingan quyidagi qoidaga amal qilishlarini istardim: har qaysi korxona yoki tashkilotda albatta kasaba uyushmasi faoliyat koʻrsatishi va rahbarlar albatta ular bilan yaqin hamkorlikda ish olib borishi shart. Shundagina jamiyatimizda mehnat qonunchiligi buzilishi holatlarining oldi olinadi, hayotimizda ijtimoiy adolat yanada mustahkam qaror topadi.

Aziz va muhtaram vatandoshlar!

Jonajon Vatanimiz oʻz taraqqiyotining hal qiluvchi bosqichiga kirayotgan, inson qadri, huquq va manfaatlarini taʼminlash barcha sohalarda biz uchun bosh maqsadga aylanayotgan hozirgi paytda hayotning oʻzi butun xalqimiz kabi kasaba uyushmalari oldiga ham ulkan vazifalarni qoʻymoqda.

Oʻzining katta va boy tajriba maktabi, shonli anʼanalariga ega boʻlgan mamlakatimiz kasaba uyushmalari ularni samarali hal etib, Yangi Oʻzbekistonda yangicha mehnat munosabatlari shakllanishi va ravnaq topishiga munosib hissa qoʻshadi, deb ishonaman.

Biz bu yoʻlda ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, kasaba uyushmalarining fuqarolik jamiyatining eng faol institutlaridan biriga aylanishi uchun koʻmaklashish boʻyicha bundan buyon ham bor imkoniyatlarimizni safarbar etamiz.

Sizlarni bugungi qutlugʻ ayyom – Oʻzbekiston kasaba uyushmalari kuni bilan yana bir bor samimiy tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, masʼuliyatli va olijanob ishlaringizda yangi-yangi yutuqlar tilayman.

Mana shunday quvonchli kunlaringiz koʻp boʻlsin, xonadonlaringizdan hech qachon tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka, baxt va omad arimasin! 

Shavkat Mirziyoyev, 
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

Mnaba: https://xs.uz/uz/post/

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

http://t.me/uzmetaxborotxizmati

>