Yangiliklar
Aksiyadorlik jamiyatida Osiyo Taraqqiyot Banki ko‘magida tashkil etilgan trening mashg‘ulotlari bo‘lib o‘tmoqda
  • 10.11.2022
  • 279

Bugun, 2022-yil 10-noyabr kuni  Energetika vazirligi hamda «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati xodimlari uchun Osiyo Taraqqiyot Banki (OTB) ko‘magida «Elektr energiyasini sotib olish shartnomasini boshqarish — huquqiy va texnik masalalar» mavzusidagi trening mashg‘ulotlari boshlandi. Mazkur trening mashg‘uloti elektr energiyasini sotib olish shartnomasining huquqiy va texnik jihatlarini o‘rganishga, shu yo‘nalishdagi masalalarni tahlil qilish orqali muhokama qilishga yo‘naltirilgan bo‘lib, xalqaro moliya instituti tashabbusi bilan o‘tkazilmoqda.

Tadbirni «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati  boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari S.S.Artikov ochib berib, mashg‘ulotlar har tomonlama samarali bo‘lishini tiladi.

Treningning huquqiy qismi quyidagilarni qamrab oladi: shartnomalarni boshqarish, sifat monitoringi yuritish va uning asosiy qoidalarini amalga oshirish, xatarlarni taqsimlash va sug‘urta qilish. Shuningdek, elektr stansiyalaring tarmoqqa ulanishi, operatsion talablari, elektr stansiyalarini qurish va boshqarishga qo‘yiladigan talablar, to‘lov qoidalari, akkreditiv ochish, kompensatsiya to‘lanishi va qaytarish mexanizmlari, moliyaviy himoya mexanizmlari, mustaqil muhandisning roli va yuridik xarajatlar yo‘nalishlarida bilim va malakani oshirish shular jumlasidan.

Trening mashg‘ulotlarining texnik qismi quyidagilarga bag‘ishlanadi: elektr stansiyasini amalga oshirish, sinovdan o‘tkazish va ishga tushirish paytida tomonlarning majburiyatlari, elektr stansiyasini belgilangan talablariga muvofiq saqlash, operativ va nazorat qilish qoidalari, dispetcherlik, shuningdek, elektr energiyasini saqlash tizimlarini (batareyalarni) kiritish.

Loyihalarni tayyorlash bilan shug‘ullanadigan barcha darajadagi mutaxassislar, ya'ni  yuridik guruh, texniklar, operatorlardan tortib moliyaviy-iqtisodiy bo‘limgacha elektr stansiyalarini qurish bo‘yicha investitsiya loyihalarini amalga oshirishda ishtirok etadigan barcha xodimlarning kasbiy mahorati va malakasini oshirish maqsadida ushbu trening mashg‘ulotlari o‘tkazilmoqda.

Trening mashg‘ulotlarini mutaxassislar: White & Case xalqaro yuridik kompaniyasi hamkori Richard Xill  hamda Suntrace kompaniyasining xalqaro texnik konsultanti, loyihalash bo‘yicha katta menedjer Yens Rodenxauzer olib bormoqda.

Eslatib o‘tamiz, «Elektr energiyasini sotib olish shartnomasini boshqarish — huquqiy va texnik masalalar» mavzusidagi trening mashg‘ulotlari 10–11 noyabr kunlari «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyatining katta majlislar zalida davom etadi.

 

✍️ Sh.Inog‘omov, «O‘zbekiston MET» AJ Mustaqil elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi korxonalar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i

 

 «O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

http://t.me/uzmetaxborotxizmati

 

>