OAV va jamoatchilik bilan ishlash
OAV: «ATAMALAR “ATALA” BO‘LMASIN!»
  • 21.10.2022
  • 520

BIR PAYTLAR ZAMONA ZAYLI BILAN “INTERNATSIONAL” + “LIK” KABI O‘ZAGI U YOQDAN, QO‘ShIMCHASI ESA BU YOQDAN BO‘LGAN SO‘ZLAR LUG‘ATIMIZDA TIQILIB KETGAN EDI. 1990-YILLAR BOSHIDA – O‘ZBEK TILI ENDIGINA DAVLAT TILI MAQOMINI OLGAN CHOG‘DA AKSAR ODAMLAR RUSCHA YO RUS TILI ORQALI KIRIB KELGAN HAR BIR ATAMANI, TOPSA – O‘ZBEKCHA, TOPMASA – ARABCHAYu FORSCHA SO‘ZLAR BILAN ALMASHTIRIB, “O‘ZBEKCHA”LASHTIRISHGA TUSHDI, HAMMA SO‘Z VA ATAMA YASASHGA ISHQIVOZ BO‘LDI.

Ilgari “vazir” deganda ertaklardagi podshoning o‘ng yo chapida o‘tiradigan sallali odamni tushungan bo‘lsak, endi “ministr” o‘rnini bosdi. G‘alati-g‘alati yangicha so‘zlar o‘ylab topildi. Bulardan, ayniqsa, “ovoznigor” (padio) va “oynaso‘z” (kiosk) deganlari ajabtovur edi.

Mayli-da, ishqilib, shu tarzda ham o‘zbek tili ancha-muncha boyib qoldi. Bugun “muhandis” yo “kutubxona”, “kimyo” desangiz, hyech kim hayron bo‘lmaydi. Axir, atigi qirq yilcha burun ham bular o‘zbek tilining o‘limga hukm qilingan, lug‘atlarda “arx.” yoki “esk.” belgisi qo‘yilib, chormixga tortilgan so‘zlari edi-ku!

Ammo hozir tilning quvvatini ketkizadigan, so‘zday mo‘tabar narsani ichi bo‘sh shaqildoqqa aylantiradigan yangi illat paydo bo‘ldi. Bu bir so‘zga ikki-uch ma'noni yuklash yo aksincha: bir necha tushunchani bitta so‘zda ifodalashda ko‘rinadi.

“Stansiya” ana shunday so‘zlardan biri. Rostdan ham, nima deb bersa bo‘ladi uni? Birov “shoxobcha” deyishni taklif qildi, bosh­qasi “tarmoq” dedi, “avtostansiya”ni ko‘zda tutganlar esa “bekat”ni yoqladi.

Asli lotinchada “stansiya” to‘xtash, to‘xtab turish degani. Istiloh sifatida bizga ruschadan o‘tgan bu kalimaning qo‘llanish doirasi keng – avtostansiya, telefon stansiyasi, radiostansiya, temir yo‘l stansiyasi, sanepidstansiya, o‘simliklarni muhofaza qilish stansiyasi, meteorologiya stansiyasi, tovar stansiyasi, tog‘-iqlim stansiyasi, qon quyish stansiyasi, ta'minot stansiyasi, yosh texniklar (yosh tabiatshunoslar) stansiyasi, metro stansiyasi, nasos stansiyasi, yonilg‘i quyish stansiyasi, mashina stansiyasi, ta'mirlash stansiyasi va hokazo.

Har kim o‘z fikrini o‘tkazishga intildi. Ishboshi qilib tayinlangan Atamaqo‘mda esa qat'iy bir fikrni kesib aytgulik saviya ham, mavqye ham yo‘q edi. Shuning kasriga avvalgi “ministr”lar dastlab “nozir”, keyin “vazir” bo‘lishdi. “Rayon” esa “nohiya”, keyinroq “tuman” deb, “gazeta” – “ro‘znoma”, “kunnoma” va yana “gazeta” deb, “jurnal” esa “oybitik”, “oynoma”, “majalla”, so‘ng tag‘in “jurnal” deb ataldi va…

“Stansiya” masalasida har kim o‘z fik­rida qoldi. Bugungi kunda u “shoxobcha”, “tarmoq”, “bekat” (shohbekat) va... yana qaytib “stansiya” deb turfa tarzda qo‘llanyapti.

“Xo‘sh, to‘rt xil nomlansa, nima qipti?” deb so‘rashi mumkin til masalasidan yiroqroq odamlar. Pichoq ham, qaychi ham kesuvchi asbob, ammo ularni aralashtirish mumkin emas. Demak, “stansiya” kabilar borasida aniq bir xillik kerak, yo‘qsa, tushunchalar aro boshboshdoqlik yuzaga kelib, davlat tilida ish yuritishga to‘siq bo‘ladi va oxir-oqibat, ona tilimizning endigi taraqqiyotiga xalal beradi. Stansiya – stansiyadir, hyech qanday shoxobchayu tarmoqchalar uning ma'nosini ifodalay olmaydi. Masalan, Markaziy telegraf-telefon stansiyasi. U nimaning shoxobchasiyu nimaning tarmog‘i?

Buning moddiy zarari-chi? Biror vazirlik nomida bitta so‘z o‘zgarsa, shu vazirlikning markaziy idorasi oldidagi marmar taxtaga zarhal bilan yoziladigan odam bo‘yi peshlavhadan tortib, uning barcha viloyat va tumanlardagi sho‘balarida jami muhrlar, blanka, peshlavha va boshqa hujjatlar yangilanadi. Buning uchun shuncha idorayu tashkilotning nizomlari ham o‘zgartirilishi shart – qayta ko‘rib chiqilib, tasdiqlanadi. Davlatning, ya'ni xalqning boshqa ehtiyojga yarashi mumkin bo‘lgan million-million so‘m aqchasi ana shu birgina xatoni bartaraf etishga sarf bo‘ladi. Atamachilik ishida to‘g‘ri yo‘l tutilsa, boyagi mablag‘ni biror maktab qurishga, yo nafaqa pulini sal oshirishga yoinki avtobus yo‘lkirasini biroz bo‘lsa-da, kamaytirishga asqotib qolardi. Bu bitta so‘z ustidagi g‘alva...

Tilimiz, ayniqsa, termin va atamalar borasida orqaga ketayotganga o‘xshaydi. Chunki atamachilikni boshqaradigan markaz yo‘q, bori ham yopib yuborilgan. Shuning kasriga, har kim “atamashunos” bo‘lib ketdi. Masalan, har bir tuman elektr tarmoqlari idorasiga kirsangiz, qator turgan oynaband kiosklar tepasiga “TASVIRChI” deb yozib qo‘yilganiga ko‘zingiz tushadi. Ammo... bu joyda o‘tiradigan xodimlar nimani tasvirlaydi? Razm solsak, “OPeRATOR”ni biror akang qarag‘ay tilbuzar “kinooperator” bilan bir xil deb o‘ylab, uni ham “tasvirchi”ga aylantirib yuborgan ko‘rinadi. Holbuki, bu “tasvirchi”lar qarzingizni hisob­lab beradi, surat olmaydi.

Toshkentning Chilonzorida bir mahkama tepasida “TARJIMALAR” degan yozuvni ko‘rdim. Biroq bu joyda hyech narsani tarjima qilishmas, balki pulingizni boshqa joyga o‘tkazib berishar ekan. Ruscha u ham “perevod”-da. Tarjimani... boshqatdan tarjima qilishga to‘g‘ri keladi.

Ajabtovur tarzda o‘girilayotgan so‘zlardan yana biri – “operatsiya”, hozir “amaliyot” deb yuritilyapti. Men “operatsiya” qanday qilib “amaliyot” bo‘lib qolganini yaxshi eslayman. O‘shanda Markaziy bank o‘z sohasiga oid atamalarni davlat tiliga o‘tkazishga yordam berishni so‘rab, Til va adabiyot institutining tarjimonlar guruhiga murojaat qildi. O‘zbekchalashtirilishi so‘ralgan tushunchalardan biri Markaziy bankning “Operatsionnoe upravlenie”si ekan. Agar buni jo‘ngina qilib “Operatsiya boshqarmasi” desak, ayonki, bunday “tarjima”ning birovga keragi bo‘lmaydi. Bank ishi bilan tanishib chiqishga to‘g‘ri keldi. Ma'lum bo‘lishicha, boyagi boshqarma bankning yuragi – jami amaliy ishlarni bajaruvchi, hisob-kitoblarni olib boruvchi muassasa ekan. Men uni “Amaliyot boshqarmasi” deb o‘girib taqdim etdim. Bosh­qa atamalar qatori bu yangicha nomlanish ham qabul qilindi va qo‘llanyapti. Ammo bu degani qaerda “operatsiya” so‘zi uchrasa, darrov uni “amaliyot” bilan almashtirish kerakligini bildirmaydi (chunki, agar “amaliyot”ni qaytarib rus tiliga tarjima qilsangiz, aksar holda “praktika” bo‘ladi).

Nima deysizki, oradan biror yil o‘tib-o‘tmay, gazetalarda “Boris yelsinning yuragiga amaliyot o‘tkazildi” degan xabarlar bosilib turibdi-da! Shovvozlar “operatsiya” endi “amaliyot” bo‘pti, deb tushunishganga o‘xshaydi. Keyinroq bu yumshatilib, “jarrohlik amaliyoti” deyila boshladi.

Ammo-lekin, odamlar qabul qilmasa, ya'ni nutqida ishlatmasa bekor. Hozirgacha biror kishi tibbiy operatsiyani “amaliyot” deganini eshitganim yo‘q. Demak, qabul bo‘lmabdi – “operatsiya”ning o‘zi tuzuk ekan.

Til ijtimoiy hodisa, ammo siyosiy narsa emas. Binobarin, unga siyosatni aralashtirish, til jarayonini siyosiy irodaga bo‘ysundirish mahol. Tilga farmon berib bo‘lmaydi. Demak, qaysi tildan kirgan bo‘lishidan qat'i nazar, ona tiliga qabul qilingan va qo‘llanayotgan so‘zlarni “haydab” chiqarish ham imkondan xorij. “Haydalgan” ana shunday so‘zlardan biri “stansiya”, yana biri “operatsiya” bo‘lsa, ular ham vaqt o‘tib, xuddi bir paytlar yangilab ko‘rilgan, ammo ijobat bo‘lmagan “gazeta”, “jurnal”, “radio”, “televizor” so‘zlari singari o‘zbek tili leksikoniga qaytyapti.

Menimcha, bunda bosh yo‘nalish – o‘zga tillardan kirib kelgan va atamalarimiz qatoridan o‘rin olgan har bitta so‘zni shu holicha qoldirish yo almashtirish masalasi ko‘rib chiqilar ekan, bu so‘z asli baynalmilalmi yo faqat bir tildagina mavjud bo‘lib, o‘zbekchaga ana shu tildan qabul qilinganmi, dastlab shuni aniqlash kerak. Basharti so‘z xalqaro bo‘lsa, uni ona tilimizda ham qoldirish, faqat bir millat tilidan olingan bo‘lsa, uni xalqaro ekvivalenti bilan almashtirgan ma'qul.

Juda ko‘p atamalar ko‘p ma'noli. Bu ularni ikkinchi tilda qo‘llashda mushkulot keltirib chiqaradi. Masalan, pozitsiya – mavqye,
pozitsiya – nuqtai nazar, pozitsiya – egallangan yer. Ularni boshqa tilda qo‘llashda hushyor bo‘lish kerak. Chunonchi, “falon harbiy bo‘linmaning mavqyei” deyish bo‘linma egallagan pozitsiyani emas, shu bo‘linmaning polkdagi obro‘sini anglatadi.

Hozir bizda reestr ham – ro‘yxat, spisok ham – ro‘yxat bo‘lib ketgan. Kopiyani ham nusxa deb aytyapmiz, ekzemplyarni ham. Yana bir misol: napravlenie – yo‘nalishdir, ammo marshrut – marshrutligicha qolgani ma'qul. Yo‘qsa, ilmiy aniqlik boy beriladi, tilning ifodaviy imkoniyatlari ko‘payish o‘rniga ozayadi.

Endi avvallari Xudoning bergan kuni o‘n martalab eshitadiganimiz “plan” so‘zini oling. Hozir “reja”, “shartnoma rejasi”, “shartnomaviy majburiyat” kabi g‘alati-g‘alati shakllarda qo‘llanyapti. Ammo ulardan hyech qaysisi, o‘sha qisqagina, qulay bo‘lgan “plan”ning ma'nosini bera olmaydi, hyech kim (agar radioga intervyu berayotgan bo‘lmasa) tilini burab, “shartnomaviy rejani ado etdik” demaydi.

Davlat tili to‘g‘risidagi qonun chiqqanida asosiy e'tibor rusiyzabon aholiga o‘zbek tilini o‘rgatishga qaratildi. Son-sanoqsiz tekin kurslar ochildi. Aholining nari borsa besh foizini tashkil etadigan rusiyzabonlarga o‘zbek tilida so‘zlashishni o‘rgatib qo‘yish bilanoq lisonimiz davlat tili bo‘lib qolmaganiga va bu xato ish bo‘lganiga bugun shohidmiz. Davlatning millionlab mablag‘i hisobiga bir-ikkita “uzbekcha” so‘z o‘rganganlar bugun Rossiyada, Isroilu Kanadaga ketib, u yoqdagi o‘zbek tilini bilmaydiganlarga “Nonni nanna deydilar”, deb o‘rgatib yurgan bo‘lsa ham ajab emas.

Mohiyatan shu kabi boshqa bir xato bugun davom etyapti – qanday qilib bo‘lsa-da, atamalarga o‘zbekcha ko‘ylak kiydirishga zo‘r beryapmiz. Boringki, bir necha yuz so‘z va atamani shu zaylda eplab-seplab “o‘zbekcha” qilib olarmiz. Ammo bu ona tilimiz mavqyeini oshirishga emas, o‘zbek terminologiyasini barbod qilishga olib kelishi tayin. Yana anoyi bo‘lib kutganimiz qoladi.

O‘zbek tili davlat tili bo‘lishining bor-yo‘g‘i ikkita “kichkina” sharti bor: birinchidan, barcha idora va tashkilotlarda davlat tilida ish yuritishnigina emas, ishlab chiqarishni ham ona tilimizga o‘tkazishimiz kerak va ikkinchidan, davlat tilida ish yuritish sifatini tobora yaxshilash lozim. Busiz qonun... qog‘ozda qola beradi.

Bizdagi til mavqyeiga bir misol. Asaka avtomashinalarining mutlaq ko‘pchiligini qorako‘z o‘zbegim sotib olib minadi. Lekin birorta mashinaning yo‘riqnoma kitobchasi o‘zbek tilida emas, bu kitoblar – har yili minglab mashinani sotib olishga va'da berib, o‘z yurtiga eksport qildirib, so‘ng shuncha xarajatga chuv tushirib, ortga qaytarib yuboradigan mamlakatning davlat tilida.

Nega shunaqa? Chunki shu zavod rahbarlarining hyech biri millatparvar emas. Millatparvar bo‘lmagan odam vatanparvar ham bo‘lmaydi. Endi bu gapni ham isbotlash shart emasdir?

Til – millatni, xalqni va mamlakatni yaxlit qilib tutib turadigan omil. Shunday ekan, tilga quvvat berish millatni, xalqni qo‘llashdir, yurtni qo‘riqlashning debochasidir.

 

Zuhriddin ISOMIDDINOV

Manba: https://21asr.uz/uz/tanqid/2017

Illyustratsiya: Eldos Fozilbekov / «Gazeta.uz» 

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

 t.me/uzmetaxborotxizmati

>