OAV va jamoatchilik bilan ishlash
minenergy.uz — Jurnalist va blogerlar ko‘mir yoqilg‘isidan foydalaniladigan issiqxonalar faoliyati bilan yaqindan tanishdilar
  • 27.10.2022
  • 226

Kecha, 26-oktabr kuni Energetika vazirligi, “O‘zneftgazinspeksiya”, “O‘ztransgaz” AJ va “Hududgaztaʼminot” AJlar tomonidan mahalliy OAV vakillari, jurnalist va blogerlarni Toshkent viloyatining O‘rta-Chirchiq tumanidagi ko‘mir yoqilg‘isiga moslashtirilgan issiqxonalar faoliyati va ularning afzalliklari bilan tanishtirish maqsadida press-tur tashkil etildi.
 

 

Jurnalistlar tumandagi ko‘mir yordamida faoliyat yuritayotgan issiqxonalar faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Xususan, “Komolabegim Agro Food” MCHJga qarashli issiqxona tabiiy gaz o‘rniga ko‘mirdan foydalanadigan issiqxonalardan biri hisoblanadi.

Tabiiy gaz tobora qiymati yuqori, nisbatan qimmatbaho tabiiy zaxiraga aylanib boryapti, undan yonilg‘i sifatida foydalanish ham vaqt o‘tgan sayin qimmatlashib bormoqda.




 

Tabiiy gazga nisbatan arzon bo‘lgan yoqilg‘i turi – ko‘mirdan foydalanishga o‘tish biznesda mahsulot tannarxining oshib ketishi xavfini sezilarli darajada pasaytiradi.

Jurnalistlar issiqxona sharoitida ko‘mir yoki tabiiy gaz yordamida mahsulot yetishtirish uchun sarf etiladigan umumiy xarajatlar hisob-kitobi bilan tanishtirildi.
 

 

Taqqoslash uchun aytadigan bo‘lsak, Toshkent viloyatida bir xil tabiiy sharoit, bir xil maydon (1 gektar uchun) va bir xil mahsulot (pomidor) yetishtirishga ixtisoslashgan – ko‘mirda ishlovchi issiqxona va tabiiy gazda ishlovchi issiqxona xo‘jaligi faoliyati solishtirilganda ko‘mir yoqilg‘isida mahsulot yetishtirish tabiiy gazga nisbatan 30 foizgacha arzon tushishi yoki mavsum davomida 150 mln so‘mga yaqin yoqilg‘i resurslari tejalishiga erishilishi maʼlum bo‘ldi.

Tadbirkorning aytishiga ko‘ra, ko‘mir tabiiy gazga nisbatan arzon yoqilg‘i bo‘lib, mahsulot tannarxining oshib ketishiga yo‘l qo‘ymaydi. Issiqxona mahsulot yetishtirish uchun mavsum davomida o‘rtacha 432 mln so‘m harajat qilgan holda 1 mlrd 320 mln so‘m daromad oladi. Bunda sof foyda 885 mln so‘mni tashkil etadi.
 

 

“Ekologiya nuqtai nazaridan olganda, tabiiy gaz yoqilganda ko‘mir yonganidagi kabi yuqori haroratda azot oksidi ajralib chiqadi. Faqat ko‘mir yoqilg‘isidan foydalanish uchun tozalovchi qo‘shimcha uskunalar talab etiladi, yaʼni bu uskunalar atmosferaga chiqadigan zararli chiqindilarni kamaytirishga xizmat qiladi”, – deydi tadbirkor.
 

 

Yurtimizda muqobil energiya manbalari qurilmalarini joriy etish, xususan energiya tejovchi texnologiyalarni rivojlantirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Ahamiyatlisi, energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etish natijasida ham tabiiy resurslarni tejashga ham xarajatlarni sezilarni darajada kamaytirishga erishiladi.
 

 

 

 

 

 

 

 



O‘zbekiston Respublikasi
Energetika vazirligi Matbuot xizmati

Manba: https://minenergy.uz/uz/news/view/2234

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

t.me/uzmetaxborotxizmati

>