OAV va jamoatchilik bilan ishlash
uza.uz — O‘zbekiston – Turkmaniston: tomonlar hukumatlararo kelishuvlar asosida hamkorlik qiladi
  • 24.10.2022
  • 207

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovning taklifiga binoan ayni paytda rasmiy tashrif bilan Ashxobod shahrida bo‘lib turibdi.

O‘zbek va turkman xalqlari qadimdan yaqin do‘st, ahil qo‘shni, strategik hamkor sifatida mushtarak maqsadlar bilan bir daryodan suv ichib yashab kelgan. Ushbu xalqlarning tarixiy ildizlari va dini birligi, tili, madaniyati, an’analarining mushtarakligi O‘zbekiston –Turkmaniston hamkorligining mustahkam asosi bo‘lib xizmat qilmoqda.

«O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati axborot xizmatining ma’lum qilishicha, O‘zbekiston – Turkmaniston hamkorligi energetika sohasi, xususan, elektr energetika tarmog‘ida ham hukumatlararo kelishuvlarga muvofiq amalga oshirib kelinmoqda.

Prezidentning mazkur rasmiy tashrifi doirasida bir qator uchrashuv va tadbirlar o‘tkazilmoqda.

«O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Dadajon Isaqulov va Turkmaniston energetika vaziri Xajimuhammet Rejepmurodov o‘rtasida ishchi tartibdagi uchrashuvi tashkil etildi. Shuningdek, unda O‘zbekistondan «O‘zeltexsanoat» uyushmasi raisi Mirziyod Yunusov hamda «Turkmenenergo» davlat elektr energetika korporatsiyasi raisi Durdi Elyasov ham ishtirok etdi.

Tomonlar hukumatlararo kelishuvlarga muvofiq amalga oshirilayotgan loyihalar, O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan elektr jihozlarini Turkmaniston bozoriga olib kirishdagi hamkorlik, shu jumladan, Turkmanistondan O‘zbekistonga elektr energiyasi importi, Turkmanistondan O‘zbekiston magistral elektr tarmoqlari orqali Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlariga elektr energiyasi tranziti masalalarini muhokama etdi.

Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, Savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston – Turkmaniston hukumatlararo komissiyasi 15-yig‘ilishining (2019-yil 23-noyabr, Ashxobod shahri) qaroriga ko‘ra, Turkmaniston Respublikasidan O‘zbekistonga elektr energiyasi yetkazib berish masalasi yuzasidan kelishuvga erishilgan. Kelishuvga muvofiq 2019-yilning dekabr oyidan «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ hamda «Turkmenenergo» davlat energetika korporatsiyasi o‘rtasida Turkmanistondan O‘zbekistonga elektr energiyasini yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolangan.

O‘zA

Manba: https://uza.uz/oz/posts/ozbekiston-turkmaniston-tomonlar-hukumatlararo-kelishuvlar-asosida-hamkorlik-qiladi_418034

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

t.me/uzmetaxborotxizmati

>