OAV va jamoatchilik bilan ishlash
uza.uz — Elektr energiyasi sohasida 41 mingdan ortiq murojaat bo‘lgan
  • 21.10.2022
  • 252

Aholining kundalik turmush tarziga bevosita ta’sir qiluvchi masalalar bo‘yicha davlat organlariga qilgan murojaatlarini tezkor va sifatli ko‘rib chiqish eng dolzarb masalalardan biridir. Bu borada mamlakatimizda tizimli ishlar tashkil etilmoqda.

Birgina Energetika vazirligiga shu yilning to‘qqiz oyi mobaynida 1 ming 629 ta, tizim tashkilotlariga 82 ming 804 ta murojaat kelib tushgan. Shundan 41 ming 412 tasi elektr energiyasi, 40 ming 766 tasi tabiiy va suyultirilgan gaz, 219 tasi ko‘mir hamda 2 ming 36 tasi boshqa masalalarga oid murojaatlardir. Mazkur murojaatlar o‘z vaqtida ko‘rilib, nazoratga olingan.  

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasi va Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasining qo‘shma yig‘ilishida Energetika vazirligining Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarida ko‘tarilgan masalalar qay darajada hal etilayotgani to‘g‘risidagi axboroti eshitildi. Unda yuqoridagi raqamlar aytib o‘tildi.  

— Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashga alohida e’tibor qaratib kelinadi, — dedi energetika vazirining birinchi o‘rinbosari Azim Ahmedxo‘jayev. — Murojaatlarda ko‘tarilgan masalalarni hal etish maqsadida joriy yilda 11 ta magistral podstansiya modernizatsiya qilinib, ularning quvvati 1 616 MVAga oshirilgan. Shuningdek, past kuchlanishli tarmoqlarni yangilash va modernizatsiya qilish dasturi doirasida 4 ming 320,7 km elektr uzatish tarmoqlari, 537 ta transformator punkti yangidan qurildi. “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida 2 ming 727,3 km elektr uzatish tarmoqlari, 710 ta transformator o‘rnatilgan, yil yakuniga qadar yana 400 tasi o‘rnatiladi.  

Shuningdek, yig‘ilishda aholini gaz bilan ta’minlash masalalariga ham alohida e’tibor qaratildi.  

—  Qo‘mitamizga taqdim etilgan axborotga ko‘ra, aholiga tabiiy gazni barqaror yetkazib berish maqsadida joriy yilda 11,8 km magistral gaz quvurlarining nuqsonli qismi almashtirilgan, 17 ta gaz taqsimlash stansiyasi rekonstruksiya qilinib, 89 ta kompressor stansiyasida gaz haydash agregatlari ta’mirlangan, — dedi deputat Navro‘z Yusupov. — Shuningdek, tabiiy gaz ta’minoti bo‘yicha 157,3 km gaz tarmoqlari va 299 ta gaz taqsimlash punkti mukammal ta’mirlangan. Ta’kidlash joizki, aholining tabiiy gaz va elektr energiyasi, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish, benzin va metan yoqilg‘isi ta’minoti bilan bog‘liq bir qator masalalar borasidagi murojaatlari, e’tirozlari talay. Biz deputatlar saylov okruglarida bo‘lganimizda, saylovchilarning ushbu yo‘nalishdagi murojaatlari ko‘p ekanligiga guvoh bo‘lamiz. Vazirlik va mutasaddi vakillar aholidan eng ko‘p bo‘ladigan murojaatlarga, shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamaga sabab bo‘layotgan muammolarga doimiy e’tibor qaratib, ularga o‘z munosabatini bildirib borishi maqsadga muvofiq.  

Yig‘ilishda deputatlar saylov okruglarida duch kelgan muammolar, saylovchilar murojaatlaridan kelib chiqqan holda qator savollarni o‘rtaga tashladi. Vazirlikka murojaatlarni belgilangan muddatlarda sifatli ijrosini ta’minlash yuzasidan nazoratni yanada kuchaytirish bo‘yicha bir qator taklif va tavsiyalar berildi.  

Muhtarama Komilova,  

O‘zA

Manba: https://uza.uz/oz/posts/elektr-energiyasi-sohasida-41-mingdan-ortiq-murojaat-bolgan_417790

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

https://t.me/uzmetaxborotxizmati

>