Bu haqda AOKAda «Milliy elektr tarmoqlari» AJ axborot xizmati rahbari Ulug‘bek O‘rinov ishtirokida o‘tkazilgan brifingda ma'lum qilindi:
✔️ 2022/2023-yil kuz-qish mavsumida respublika iste'molchilarini elektr energiyasi bilan barqaror ta'minlash maqsadida “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatining 2022-yil 15-avgustdagi 200-sonli buyrug‘i imzolanib, 17 banddan iborat chora-tadbirlar rejasi amaliyotga tatbiq etildi. Rejada ko‘zda tutilgan joriy va kapital ta'mirlash ishlarning barchasi bajarilgan.
2022/2023-yillar kuz-qish mavsumida respublikaning maksimal sutkalik elektr energiya iste'moli joriy o‘sish sur'atlari (oxirgi yillarda kuzatilayotgan sur'atlarda) saqlanib qolinsa, 265-270 mln kilovatt•soatni, tig‘iz soatlardagi energotizim ichki maksimal yuklamasi 12 600-12 700 MVt (megavatt) (o‘tgan yilga nisbatan 8 foizga ko‘p) tashkil etishi kutilmoqda.
Mavsumda kunlik o‘rtacha 18-20 mln kilovatt•soat elektr energiyasi (Hukumatlararo kelishuvlarga muvofiq imzolangan shartnomalar asosida qo‘shni respublikalardan) importni amalga oshirishni hisobga olsak, energotizimda 250 mln kilovatt•soat elektr energiyasi ishlab chiqarish zarur bo‘ladi.
Energotizimning kutilayotgan tig‘iz soatlardagi jami 13 000 MVt (megavatt) (eksport bilan birgalikda) iste'mol quvvatini qoplash uchun elektr ishlab chiqaruvchi stansiyalar, elektr energiyasi importini hisobga olgan holda, 12 300 MVt ishchi quvvatni ta'minlashi zarur bo‘ladi.
Magistral elektr tarmoqlarini mavsumga tayyorlash borasida tuzilgan chora-tadbirlar rejasiga asosan 10 ta transformator, 66 ta 110-500 kVli o‘chirgich, 14 ta kompressor qurilmasi va 810,23 km uzunlikdagi 110–220–500 kV kuchlanishli havo elektr uzatish tarmoqlari mukammal ta'mirlandi.
Shu bilan birga, 267 ta transformator, 1520 ta o‘chirgich, 22 ta havo kompressori hamda 4307,6 km uzunlikdagi havo elektr uzatish tarmoqlari davriy rejaga nisbatan joriy ta'mirlandi.
Modernizatsiya dasturi doirasida joriy yilda podstansiyalar quvvatini 1616 MVAga (megavoltamperga) oshirish belgilangan bo‘lib, bugungi kunda 8 ta podstansiyada ishlar to‘liq yakunlandi va o‘tkazuvchanlik quvvati 1116 MVAga (megavoltamperga) oshirildi.
Yil oxiriga qadar podstansiyalarda o‘tkazuvchanlik quvvati jami 1678 MVA (megavoltamperga) oshiriladi.
Shuningdek, avariyaviy holatlarni tezkor bartaraf etish maqsadida 65 ta navbatchi guruhlar brigadasi tashkil etilgan bo‘lib, ular maxsus avtotransport, zaruriy ehtiyot qismlar, shuningdek, aloqa hamda himoya vositalari bilan to‘liq ta'minlangan.
120 tonna transformator va 540 kilogramm kompressor moyi, 1000 kilogramm texnik plastina, 7 tonna turli rusumli simlar, 46 dona metall tayanchi, 26 dona temir-beton tayanchi, 15 dona turli quvvatdagi transformatorlari zaxirasi yaratildi.
Mavsum uchun jami 314 ta avtotransport vositalari, shundan, 161 ta maxsus avtotransport, 96 ta yuk avtotransporti, 59 ta mexanizmlar shay holatga keltirilgan.
Magistral elektr tarmoqlarida 2022/2023-yil kuz-qish mavsumini betalafot o‘tkazish bo‘yicha barcha choralar ko‘rildi.
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati