Yangiliklar
Xizmat safari hisoboti: «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ mutaxassislari «Gruziya davlat elektr tizimi» kompaniyasiga tashrif buyurishdi
  • 27.09.2022
  • 570

SCADA tizimini joriy etish jarayonini o‘rganish, shuningdek Jahon banki ko‘magida raqamli podstansiyalarni qurish hamda ularni ekspluatatsiya qilish yo‘nalishida tajriba almashish maqsadida «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyatida mehnat faoliyati yurituvchi bir guruh mutaxassislar «Gruziya davlat elektr tizimi» (GSE) kompaniyasining bir nechta obyektlariga tashrif buyurishdi.

GSE — «Gruziya davlat elektr tizimi» (Georgian State Electrosystem / საქართველოს სახელმწიფო ელექტროსისტემა) kompaniyasining elektr energetika sohasini raqamlashtirish bo‘yicha uzoq muddatli tajribasini hisobga olgan holda, tomonlar majmuada qo‘llaniladigan so‘nggi texnologiyalar bo‘yicha fikr almashishdi. Shuningdek, bunday keng ko‘lamli loyihani amalga oshirishda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolar va ularni hal qilish yo‘llarini muhokama qildilar.

Tashrif davomida o‘zbekistonlik energetiklar energiya tizimining bir qator muhim ob'ektlari, shu jumladan, Gruziya energiya tizimini boshqarish majmuasining markazi hamda 500/400/220 kVli «Axalsixe» raqamli podstansiyasiga tashrif buyurishdi.

Eslatib o‘tamiz, «O‘zbekiston MET» AJ tomonidan Jahon banki ko‘magida «Elektr energetikasi sektorini transformatsiya qilish va barqaror elektr uzatish» investitsiya loyihasi doirasida SCADA tizimini joriy etish loyihasini amalga oshirish bo‘yicha xalqaro tanlov savdolariga e’lon berilgan.

Ma'lumot o‘rnida: «Gruziya davlat elektr tizimi» kompaniyasi 2002-yilda «Elektrodispetcherizatsiya» MChJ hamda «Elektroperedacha» OAJning birlashishi natijasida tashkil etilgan. 2002-yil dekabr oyidan boshlab kompaniya boshqaruvi Jahon banki tomonidan e’lon qilingan «Elektr energiyasining ulgurji bozorini qo‘llab-quvvatlash» loyihasining tender natijalariga ko‘ra kompaniyani besh yillik boshqarish huquqini qo‘lga kiritgan Irlandiyaning ESB International kompaniyasi tomonidan amalga oshirilgan. 2007-yil noyabr oyidan boshlab, yuqorida nomi tilga olingan loyiha tugagandan so‘ng, kompaniyani boshqarish Gruziya direksiyasi tomonidan davom ettirilmoqda.

Xizmat safarida bo‘lgan mutaxassislar guruhi

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

 http://t.me/uzmetaxborotxizmati

>