Yangiliklar
SOHAMIZ XOTIN-QIZLARI HAMISHA HURMAT-EHTIROMDA!
  • 06.03.2020
  • 1710

    Bugun, 2020-yil 6-mart kuni «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyatining barcha hududiy filial va tarkibiy muassasalarida o‘tkazilgani kabi markaziy boshqaruv apparati binosida ham «8-mart — Xalqaro xotin-qizlar bayrami» munosabati bilan Jamiyatimiz xotin-qizlarini tabriklash marosimi bo‘lib o‘tdi.

     «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati Birlashgan kasaba uyushma qo‘mitasi tomonidan tayyorlangan maxsus bayram sahnasi va binoning kirish qismidagi bayramona bezaklar bugun barcha energetiklar uchun erta tongdan ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Aksiyadorlik jamiyatida xizmat qilayotgan ishchi-xodimlar qo‘llarida quchoq-quchoq gullar bilan hamkasb ayollarni kutib olishlari bugungi ish kuniga yanada shukuh bag‘ishladi.

     Jamiyatning markaziy binosida mehnat qilayotgan xotin-qizlarni «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari X.B.Elmurodov boshchiligidagi bir guruh ishchi-xodimlar tabriklashdi. Hamisha hurmat va ehtiromda bo‘lgan ayollarni har bir ofis xonalariga alohida-alohida kirib tabriklashgan energetiklar muhtarama ayollar va opa-singillarimizga qimmatbaho sovg‘alar taqdim etishdi.

 

     Ma'lumot o‘rnida: «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisi D.A.Isaqulovning 2020-yil 4-martdagi 69-sonli buyrug‘iga muvofiq Jamiyat tarkibidagi barcha tashkilotlarda mehnat faoliyati olib borayotgan ayollar bir martalik mukofot pullari bilan taqdirlandi.

     Ayol madhiga ta'rifu doston tugamaydi!

     Darhaqiqat, ayol timsoli, uning pokiza ziynati har qanday ta'rifdan baland turadi. Uni hyech qanday qiyos yoxud tashbeh bilan ifodalab bo‘lmaydi. Ayol buyuk, ayol muqaddas, ayol boqiylik, abadiyat manbai. Ayol-go‘zallik, latofat va nazokat timsoli! Kim uchun ona, kim uchun suyukli yor, yana kim uchundir hamshira yoinki jon qadar farzand bo‘lgan ayol hech qachon muqaddasligini yo‘qotmaydi!

 

     Donishmandlarning aytishicha, ayollarning ichki dunyosi shunday sirli ma’voki, uning botinida o‘zigagina ayon jihatlar hamisha mavjuddir. Jismlar tarkibidagi ko‘z ilg‘amas zarralarning xossalariga mukammal izoh bergan, butun olam tan olgan olimlar ham ayol olamini yaxshi bilaman, deya olmaslar!

     Ayol borki — olam munavvar!

Darhaqiqat, ushbu ta'rif va tasnif aynan bizning Jamiyatimiz xotin-qizlariga qarata aytilgan bo‘lsa, ne ajab?! Zero, bizning jamoa jonajon yurtimizning har bir xonadoniga nurafshonlik, yorug‘lik istab, faoliyat olib boradi.

 
  «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyatining markaziy boshqarmasida bugungi kunda 100 ga yaqin va hududiy tizimlar jamlanmasi bo‘yicha 1000 dan ziyod biri-biridan xushniyat va go‘zal xotin-qizlar faoliyat olib borishmoqda.

  – Bizning tashkilotimizda mazkur bayram o‘zgacha intiqlik bilan kutiladi. Ayricha shukuh, ayricha quvonch bilan nishonlanadi. Jamoamizga fayziyoblik baxsh etib turgan malohatli ayollarimiz haqida har qancha g‘ururlansak oz, – deydi «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisi Dadajon Aynaqulovich Isaqulov. – Ularning har jabhada faolligini ko‘rib, hayratlanasan kishi. Shunday ekan, ochiq yuzli va shirin so‘zli ayollarimizning gulgun chehralaridan hyech qachon mayin tabassum so‘nmasin, tillaridan shirin kalom tushmasin! Men ishonamanki, ayollari e'zoz va rag‘bat topgan yurtdan hyech qachon qut-baraka ko‘tarilmaydi.

 

 

     8-mart ayyomi munosabati bilan barcha hamkasb xotin-qizlarni chin yurakdan muborakbod etamiz! Baxtimizga bor bo‘ling, aziz ayollar!

 

 ORIF TO‘XTASH

 

 AYOLNI ARDOQLA!

 

Ayolni ardoqla, dil mehringni ber,

Unga ayt eng ezgu tilak, birodar.

Himoyasi uchun yaralganmiz er,

Ayol bor — kuch topar bilak, birodar.

 

Muhabbat bog‘idan nasibang — unda,

Olisdan axtargan xazinang — unda,

Unutib qo‘yibsan vazifang unda –

Shundan sanchib qo‘yar yurak, birodar.

 

Uyda ayol borki, elga oshnamiz,

Changda yurib, g‘ubor bilmas poshnamiz,

Davralardan uyga qachon shoshilamiz?!

Xonadonda o‘rning bo‘lak, birodar.

 

Tongda otlanasan, ishlaring bisyor,

Bazmdan bazmga tortqilar do‘st-yor...

Ko‘zlari yo‘lingda, intiq, intizor –

Seni kutmoqda bir malak, birodar.

 

Keldi izhori dil xonasi, deb ayt,

Shirin farzandlarim onasi, deb ayt,

Sensan — hayotimning ma'nosi, deb ayt,

Mehr — sadoqatdan darak, birodar.

 

Sen-u menga bugun shul erur talab:

Farzandlarni qo‘ymoq suyub-erkalab...

Xullas, hayot yukin dadil yelkalab –

Odamday yashamoq kerak, birodar!

 

     Hurmatli energetika sohasi mutaxassislari, Siz orqali ahli ayolingiz, opa-singlingiz, onajoningizni «8 mart — Xalqaro xotin-qizlar bayrami» munosabati bilan muborakbod etamiz!

 

Fikrimda shu taxlit jamlanar hayot –

Qizlar nigohidan ranglanar hayot,

Ayol sadoqati ko‘rk berar toki,

Ona mehri bilan anglanar hayot!

 

«O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ Axborot xizmati

Kanalga a'zo bo‘ling! t.me/uzmetaxborotxizmati

>