«Nursiz» poytaxt
Toshkent shahrida soatlab svet o‘chishi endi yangilik emas. Ayniqsa, so‘nggi bir haftada kuzatilayotgan jaziramada elektr energiyasining qadri bilinmoqda.
«Yangihayot tumani, Navro‘z 9-tor ko‘chada deyarli har kun svet o‘chadi, kuchlanish umuman barqaror emas, 100 voltgacha tushib ketadi», deydi Shukur Sulaymonov.
Gulnora Abdurahimova Do‘mbirobodda svet kunda-kunora o‘chishi, ilgari to‘rt-besh soatlab o‘chishiga ancha ko‘nikishgan bo‘lsa, endi tongga yaqin yonishiga ham o‘rganib qolishgani haqida yozgan.
«Chilonzor tumani 19-dahada ham har kuni shu ahvol», deya yozg‘iradi Sanjar Musayev.
Nargiza Arslonovaga ko‘ra, Sergelida kuniga ikki marta svet o‘chmasa hisob emas.
«Yunusoboddagi Shahriston metrosi joylashgan ko‘chaning bir tomonida svet bor, bir tomonida yo‘q», deya xabar qiladi Gulmira Matmusayeva.
Iste’molchilar yuqoridagilardan tashqari poytaxtning Yunusobod, Yashnobod, Olmazor, Shayxontohur, Mirobod, Mirzo Ulug‘bek tumanlarida ham kuniga bir necha marta svet o‘chayotgani, elekt energiyasi uzilishi bilan ichimlik suvi ham kelmay qolayotganidan shikoyat qilishgan. Facebook’dagi «Yunusobodliklar» guruhi esa mavzuga doir shikoyatlardan, ta’bir joiz bo‘lsa, «portlayotgani»ni ko‘rish mumkin. Aftidan, eng ko‘p va davomli uzilishlar aynan ushbu tumanda kuzatilayotgandek.
Jurnalist va huquq faoli Dilmurod Sayyid kutilayotgan muammo haqida tuman hokimligi, Olmazor TETK, «Yangi qaldirg‘och» XUJMSh mas’ullarini ogohlantirishgani, biroq mas’ullar iste’molchilarning murojaatlariga loqayd munosabatda bo‘lgani sabab transformatorlar yonib ketgani, buning oqibatida yuzlab xonadonlar elektr ta’minotimiz qolishganidan shikoyat qilgan.
Bundan tashqari, internet faollari Toshkent, Samarqand, Navoiy, Namangan viloyatlarida ham energiya ta’minotida uzilishlar kuzatilayotgani haqida xabar berishgan.
Ushbu muammo harakat xavfsizligiga ham ta’sir qilmoqda. Ma’lum qilishlaricha, elektr energiyasi almashlab o‘chirilishi natijasida ko‘plab chorrahalarda svetoforlar ishlamayapti. Bu esa avtomobillar qatnovini qiyinlashtirmoqda.
«Shaxmat tartibida o‘chirish» muammoning yagona yechimimi?
Toshkent shahri tumanlarida elektr almashlab o‘chirilishi tasodifiy emas. Sohaga aloqador shaxslar buni «shaxmat tartibida o‘chirish» deb atashadi. Ya’ni energotizimda yuklama ortib ketgan paytda svet ataylab o‘chiriladi.
Energetika vazirligi bu chora keng ko‘lamli muammolarning oldini olishi, agar shunday qilinmasa tarmoqda jiddiy nosozliklarga olib kelishi mumkinligini ta’kidlamoqda.
Biroq iste’molchilar ko‘rilayotgan chora orqali muammoning oqibati bilan kurashilayotgani, uning ildizi, sabablariga yechim izlanmayotganidan qayg‘urmoqda.
«Ketma-ket 6 kun, har kuni 13:30 dan 18:30-19:00 gacha svet o‘chaverganidan bildimki, svetni o‘chirish reja asosida amalga oshirilmoqda. Eski, almisoqdan qolgan transformatorlar, kabellar va provodlarning yuqori darajadagi iste’mol yuklamasi tufayli kuyib ketishining oldini olish maqsadida.
Yuklamalar qayerdan paydo bo‘lyapti? Albatta yangi qurilgan va qurilayotgan «novostroykalar» tufayli. Chunki ulardan tizimni yangilash, zamonaviy transformatorlarni o‘rnatishni hech kim talab qilmayapti, qilolmayapti.
Talab qilishsa, uy quruvchi tadbirkorlar o‘rinli e’tirozini bildiradi: «Biz katta miqdorda pora va otkatlar berganmiz, bizda boshqa pul yo‘q! » Korrupsiya oqibatlarini ko‘ryapmiz o‘rtoqlar!)
Taklif: Qonun bilan ushbu talabni majburiy qilib qo‘yish kerak: «Ko‘p qavatli uylarni foydalanish uchun qabul qilish (gospriyemka) faqatgina yangi kommunikatsion tizimlar, yangi transformatorlar, sifatli kabel va o‘tkazgichlar o‘rnatilgan taqdirdagina amalga oshiriladi, mavjud tizimlarga ulanish taqiqlanadi!» deb yozadi huquqshunos Bobir Muqaddamov.
Kun.uz manbalarining ta’kidlashicha, aslida muammoning yechimi bor. Buning uchun Energetika vazirligi, «Milliy elektr tarmoqlari» AJ va «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ «kuz-qish tayyorgarligi»dan «yoz va qish mavsumiga tayyorgarlik»ka o‘tishi kerak.
Avvalgi maqolada Kun.uz Energetika vazirligiga mamlakat energiya ta’minoti yuklama ortishiga qanchalik tayyorligi yuzasidan izoh so‘rab murojaat qilgani, biroq vazirlikdan bu borada hech qanday izoh berilmasligi aytilgani haqida yozilgandi. Bu esa tizimda yozgi mavsumga qishdagiday tayyorgarlik ko‘rilmasligi, yildan yilga avjiga chiqayotgan jaziramalar sharoitida mutasaddilarda vaziyatni o‘nglash, aholini energiya bilan barqaror ta’minlash bo‘yicha rejalar yo‘qligi haqida xulosaga kelishga sabab bo‘lgandi.
Ekspertlarning ta’kidlashicha, O‘zbekistonda elektr energiyasining eng kam iste’moli bahorgi vaqtga to‘g‘ri keladi. Qolaversa, bu davrda yoz faslidagidek issiq kuzatilmaydi. Mana shu davrda oldinda turgan jaziramaga, anomal issiq ob-havo sharoitida elektr iste’moli keskin ortishiga tayyorgarlik ko‘rish talab etiladi. O‘zbekistonda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida taqsimlash korxonalari, ya’ni hududiy elektr tarmoqlarining nimstansiyalari aynan yoz paytida ta’mirlanadi, shu bois ko‘p yuk transformatorlari ishchi holatida bo‘lmaydi.
«Yildan yilga yoz faslida yuklama ortib borayotgani yaqqol ko‘rinib turgan narsa. Soha mutasaddilari ham shuni hisobga olib ta’mirlash ishlarini bahorga ko‘chirishlari kerak», deydi shaxsi sir tutilishini so‘ragan manba.
Energetika vazirligi xabar berishicha, o‘tgan haftada elektr energiyasiga bo‘lgan talab eng yuqori iste’molni tashkil qilgan. Respublika bo‘yicha o‘tgan yoz mavsumida havo haroratining eng yuqori sutkasida 224 million kilovatt-soat elektr energiyasi iste’mol qilingan bo‘lsa, joriy yil 22 iyul kuni eng yuqori iste’mol qayd etilib, 237 million kilovatt-soat (o‘tgan yilgi ko‘rsatkichdan 6 foizga ko‘p)ni tashkil qilgan.
«Xususan, Toshkent shahrida iste’mol tarixiy ko‘rsatkichga yetib, odatda kuz-qish mavsumida yuqori bo‘ladigan iste’moldan ortdi. O‘tgan 2021–2022-yillar kuz-qish mavsumida Toshkent shahrida eng yuqori iste’mol 24 million kilovatt-soatni tashkil qilgan bo‘lsa, joriy yil 22 iyul sanasi bu ko‘rsatkich 27,5 million kilovatt-soat yoki 15 foizga ko‘pni tashkil etdi», deyiladi vazirlik xabarida.
Qayd etilishicha, yoz mavsumidagi iste’mol rekordiga ayrim xonadonlarda elektr energiyasi sutkalik iste’moli 1000 kilovatt-soatgacha yetgani yoki o‘rtacha 4-5 oylik elektr energiyasi iste’molini bir kunda sarflab yuborgani sabab bo‘lgan.
Shu raqamlar ham yoz mavsumidagi muammolar ko‘lami kuz-qish mavsumidagidan kam bo‘lmayotgani, balki oshib ham ketganini ko‘rsatmoqda. Demak, mutasaddilar ekspertlarning yuqoridagi fikrlarini inobatga olishi kerak bo‘ladi.
«Boshsiz» qolayotgan vazirlik
Shu yilning 7 aprel kuni Alisher Sultonov lavozimidan ozod etilganidan buyon Energetika vazirligi rahbarsiz qolmoqda. Mamlakatda energetika sohasini muvofiqlashtirish, energiya manbalarini ishlab chiqarishni ko‘paytirish va diversifikatsiya qilish maqsadida tarif siyosatini takomillashtirish, energetika sohasida zamonaviy korporativ boshqaruvni joriy etishga mas’ul sohaning muhim pallada yetakchisiz qolayotgani tushunarsiz. Uch yarim oydan buyon energetika vazirligining yangi rahbari kim bo‘lishi hozircha ma’lum emas.
Ekspertlarning e’tiroficha, sohaning ortga ketishiga keyingi paytda tayinlanayotgan rahbar-kadrlar tizimdan chiqmagani, energetika muammolarini ichidan bilmasligi ham sabab bo‘lmoqda. Iste’foga chiqarilgan vazir Alisher Sultonov ham, 2021 yil 31 avgust kuni unga birinchi o‘rinbosar etib tayinlangan Azim Ahmadxo‘jayev ham soha bo‘yicha ixtisoslikka ega emas. Balki tizimning o‘zidan chiqqan kadrlar malakasiga tayanadigan, ishonadigan vaqt kelgandir?
Kechikayotgan energetika islohoti
Energetika sohasidagi muammolar yildan yo‘lga bo‘y cho‘zib bormoqda. Hukumat elektr energiyasini davlat tomonidan subsidiyalashni bekor qilish va tabaqalashtirilgan narxlar belgilashga bu muammolarning yechimi sifatida qaramoqda. Shu maqsadda «Yoqilg‘i-energetika resurslarining narxlarini o‘zgartirish to‘g‘risida» hukumat qarori loyihasi muhokamaga qo‘yildi. Unda 1 iyuldan elektr va gaz bo‘yicha tabaqalashtirilgan tariflarga o‘tilishi ko‘zda tutilgandi. Biroq ayrim sabablarga ko‘ra bu qaror qabul qilinmadi, islohotlar esa noma’lum muddatga kechiktirildi.
Energetikaga budjetdan subsidiyalar «xalqqa yordam bo‘lishi» uchun joriy qilingani rost. Biroq mutaxassislarning fikricha, bunday tizim sohaning rivojlanishiga to‘siq bo‘lib qolaveradi.
Yana bir muhim omil – O‘zbekistonda infratuzilmaning samaradorligi ham ancha past. Sobiq ittifoq davrida qurilgan inshootlardan haligacha foydalaniladi. Turli hisob-kitoblariga ko‘ra, ishlab chiqariladigan elektr energiyasining 20 foizi yetkazib berish paytida yo‘qolib ketadi.
Boshlangan islohotlar xalq farovonligi uchun xizmat qilishi rost bo‘lsa, garchi qiyin kechsada, uni oxiriga yetish zarur. Zero, bir yerda depsinib turaveradigan, kezi kelsa oldinga emas, orqaga qarab ketadigan soha keskin islohotlar bilangina oldinga qarab siljiy oladi. Ko‘rilayotgan kichik choralar esa teshik chelakda suv tashishdan boshqa narsa emas.
Jamshid Niyozov, jurnalist
Manba: https://kun.uz/
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati
t.me/uzmetaxborotxizmati