Aksiyadorlik jamiyatining 8 nafar xodimlari Shveytsariyaning «Hitachi Energy Switzerland Ltd» institutida raqamli podstansiyalar faoliyati yo‘nalishida malaka oshirib qaytishdi.
Raqamlashtirish dasturlari tatbiq etilgan soha va tarmoqlar borki, “ish unumdorligi”, “samaradorlik”, “taraqqiyot” va “yangi texnologiyalar” kabi jumlalar bilan sifatlanadigan rivojlanish ko‘rsatkichlarini kuzatishimiz mumkin. Ilgari asosan qo‘l mehnati va yarimmexanizatsiyalashgan ishlab chiqarish jarayoni — bugungi globallashuv zamonidagi raqobatga, sifat talabi-yu tezkorlik ko‘rsatkichlariga dosh bera olmaydi. Ayni paytda bu jarayon energetika sohasi, xususan elektr energetika tarmog‘ida ham kuzatilmoqda.
Yana bir ahamiyatli jihati shundaki, raqamlashtirish — bosqichli jarayon. Uning natijadorligiga erishish uchun ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish jarayoniga raqamli dasturlarni tatbiq etishning o‘zi kamlik qiladi. Raqamli texnologiyalar — eski texnik dastgohlardan voz kechish, ish uslubini tubdan o‘zgartirish, eng muhimi, malakali kadrlar tayyorlash bilan chambarchas bog‘liq.
Alqissa, bugungi kundagi taraqqiyot ko‘p jihatdan axborot texnologiyalarining rivojlanish ko‘rsatkichlariga bog‘liq. XXI asrda internet tarmog‘i jamiyat hayotining turli sohalariga kirib kelishi bilan «elektron hukumat», «elektron savdo», «raqamli iqtisodiyot» kabi atamalar paydo bo‘ldi. Ushbu atama ilk bor 1995 yilda Massachusets universiteti olimi Nikolas Negroponte tomonidan tilga olingan.
Buni qarangki, O‘zbekiston energetika sohasida, xususan elektr energetikasi tarmog‘ida bir necha yillardan buyon raqamli texnologiyalarning dastlabki yutuqlaridan samarali foydalanilib kelinadi. Misol uchun, raqamli texnologiyalarning dastlabki unsurlari 1992 yilda 500/220/10 kVli «Toshkent» podstansiyasiga «EKRA» rusumli favqulodda vaziyatlarni qayd etuvchi registratorlarga «FPM-1M» tipidagi ShJAQ — shikastlangan joyni aniqlovchi qurilmalar o‘rnatilgan. Ayni paytda esa bunday kichik qurilmalar tarmoqli dasturlarga aylangan. Hozirda ularni har tomonlama mukammal, zamonaviy dasturlar hisobiga yangilash, takomillashtirish ishlari olib borilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 28 apreldagi 4699-sonli qaroriga asosan «O‘zbekiston MET» AJda raqamlashtirish bo‘yicha bir nechta loyihalar amalga oshirilmoqda. Aniqrog‘i, Aksiyadorlik jamiyatining moliyaviy-iqtisodiy faoliyat tizimi samaradorligini oshirish, korporativ boshqaruvni optimallashtirish maqsadida ishlab chiqarish va boshqarish jarayonlarini avtomatlashtirish tizimi — ERP (Enterprise Resource Planning) dasturi, shu bilan birga, dispetcherlik boshqaruvi va ma’lumotlarni yig‘ish dasturiy-apparat kompleksi — SCADA (Supervisory Control And Data Acquisition) dasturini joriy qilish ustida bosqichli ish jarayonlari olib borilmoqda.
Batafsil:
Ayni paytda «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati tasarrufida 84 ta yuqori kuchlanishli podstansiya mavjud (220–500 kV kuchlanishli tarmoqlar 11400 kmdan ortiq). Ularning ichida atigi bittasi — 2020 yilda foydalanishga topshirilgan “Sirg‘ali” podstansiyasini shartli ravishda “yarimraqamli podstansiya” deb atashimiz mumkin. Ammo investitsiya dasturlariga binoan endilikda quriladigan podstansiyalar to‘liq raqamli dasturlar asosida ishlaydigan bo‘ladi. Bu zamon talabi.
Batafsil:
«O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ hamda «Hitachi Energy Switzerland Ltd» instituti o‘rtasida 2022 yil 12 iyun kuni imzolangan shartnomaga muvofiq Aksiyadorlik jamiyatining 8 nafar xodimlari Shveytsariyaning «Hitachi Energy Switzerland Ltd» institutida malaka oshirib qaytishdi. Ko‘zlangan maqsad aniq — Elektr energetika tarmog‘ini raqamlashtirish jarayonida xorij tajribasini o‘rganish.
Xizmat safari davomida raqamli podstansiyalarning bugungi kundagi ahamiyati va elektr energetika tarmog‘idagi ish samarasi, ularni ekspluatatsiya qilishdagi o‘ziga xos qiyinchiliklar, potensial xavf-xatarlar va boshqarishdagi zamonaviy dasturiy ta’minotlar o‘rganildi. Institut treninglar markazidagi simulyatsiya laboratoriyalarida podstansiyadagi jarayonlar virtual tarzda hosil qilindi va podstansiya boshqaruvi onlayn rejimda amalga oshirildi.
«O‘zbekiston MET» AJ xodimlari Shveytsariyaning Baden shahridagi «Hitachi Energy Switzerland Ltd» institutining treninglar markazida podstansiyalar uchun kuch qurilmalari, rele himoyasi, avtomatika va aloqa qurilmalari ishlab chiqarilishi hamda monitoring va boshqaruv uchun maxsus dasturiy ta’minotlardan, jumladan LUMADA APM, LUMADA EAM va LUMADA FSM dasturlari ish faoliyati bilan tanishishdi. Shuningdek, elektr energetikasida raqamli texnologiyalarni joriy qilish, «raqamli yechimlar», raqamli telekommunikatsiya tizimlari va raqamli boshqaruv bo‘yicha asosiy ma’lumotlar keltirib o‘tildi. Xizmat safari davomida raqamli podstansiyalar arxitekturasi o‘rganildi. Shu bilan birga, raqamli podstansiyadagi kuch qurilmalarining boshqaruvi maxsus laboratoriyada simulyatsiya (mashq) qilindi. Shuningdek, «O‘zbekiston MET» AJ mutaxassislari raqamli podstansiyaning asosiy elementi hisoblangan analog signallarni o‘zgartiruvchi blok — Merging Unit’ning ish jarayonini o‘rganish va tahlil qilishga muyassar bo‘lishdi.
«Hitachi Energy Switzerland Ltd» instituti xodimlari o‘zbekistonlik mutaxassislarini sinov va sertifikatlash laboratoriyalari, kommunikatsiya va kiberxavfsizlik markazlari faoliyati bilan tanishtirdilar.
Shveytsariyada malaka oshirib qaytgan mutaxassislar «O‘zbekiston MET» AJning raqamli dasturlar bilan ishlaydigan xodimlari uchun xorijda o‘rganib qaytgan bilim-tajribalari bilan o‘rtoqlashish maqsadida taqdimot va mahorat darsi o‘tib berishdi.
Xulosa o‘rnida shuni alohida ta’kidlash lozimki, axborot texnologiyalari, raqamli dasturlar tez sur’atlarda rivojlanayotgan bugungi kunda O‘zbekiston energotizimida raqamli texnologiyalar, shuningdek, raqamli podstansiyalarni jahon tajribasiga suyangan holda joriy qilish dolzarb vazifa hisoblanadi.
U.P.Urunov, «O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati rahbari
Xizmat safari hisoboti uzbekistonmet.uz veb-saytida
O‘zbekcha www.uzbekistonmet.uz/uz/liss/view/2583
O‘zbekcha www.uzbekistonmet.uz/uz/liss/view/2583
Russkiy www.uzbekistonmet.uz/ru/liss/view/2583
English www.uzbekistonmet.uz/en/liss/view/2583
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati
Manba: https://kun.uz/uz/64719738