2022-yil 14–15-iyul kunlari Qozog‘iston Respublikasining poytaxti Nur-Sulton shahrida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Elektr energetika Kengashining navbatdagi 60-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Unda MDH Elektr energetika Kengashiga a'zo bo‘lgan davlatlar Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Ozarbayjon, Ukraina, O‘zbekiston va Belarus davlatlarining Energetika vazirlari hamda elektr energetika kompaniyalari rahbarlari qatnashdi.
Mazkur yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasidan «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ boshqaruvi raisi D.A.Isaqulov boshchiligida delegatsiya ishtirok etdi.
Yig‘ilishning kun tartibida Qozog‘iston Respublikasi elektr energetikasi, MDHga a'zo davlatlar o‘rtasida qayta tiklanuvchi energiya sohasida hamkorlikning dolzarb masalalari, kam uglerodli energetika sanoatining MDH davlatlarini barqaror rivojlanishiga qo‘shgan hissasi, MDHga a'zo davlatlarning elektr energetika sanoatini raqamli tranformatsiyasi to‘g‘risida ma'ruzalar tinglanib, muhokamalar qilindi.
Shuningdek, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Elektr energetika Kengashi Ijroiya qo‘mitasining moliyaviy-xo‘jalik faoliyatini navbatdagi taftishdan o‘tkazish, “MDHda xizmat ko‘rsatgan energetik” faxriy unvonini berish va MDH elektr energetika kengashining Faxriy yorlig‘i bilan taqdirlash hamda Kengashning navbatdagi 61-yig‘ilishini Moskva shahrida o‘tkazish bo‘yicha takliflar muhokama qilindi.
Shu bilan birga, joriy yil-15 iyulda Qozog‘istonning elektr tarmoqlarini boshqaruvchi “KEGOC” AJning 25 yilligiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
✍️ Bekzod Karimov, «O‘zbekiston MET» AJ Xalqaro aloqalar va shartnomalar bo‘limi boshlig‘i
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati