OAV va jamoatchilik bilan ishlash
“Energetikada tezroq erkin bozor yaratishimiz kerak” - Bahrombek Umarbekov
  • 24.06.2022
  • 466

Energetika vazirligi Elektr energetikasi tarmog‘ini isloh qilish loyihasi direktori o‘rinbosari Bahrombek Umarbekov energiya narxlari nega oshayotgani, erkin bozorga o‘tish zarurati, tariflar ko‘tarilishining ta’minot yaxshilanishiga ta’siri borasida Kun.uz muxbiri savollariga javob berdi.

Foto: Energetika vazirligi matbuot xizmati
 

Suhbatimiz 23-iyun kuni Toshkentda boshlangan “O‘zbekiston energetika forumi – 2022” doirasida bo‘lib o‘tdi.

Energetika tarmog‘iga xorijiy investorlarni jalb qilish salohiyatimiz qay darajada?

O‘zbekistonning energetika sohasiga investorlarni jalb qilish potensiali ham, bu sohaga xorijiy investorlar tomonidan bildirilayotgan qiziqish ham yuqori darajada. Biz bu boradagi ishlarni to‘g‘ri amalga oshirishimiz kerak.

Energetika vazirligining bu boradagi yakuniy rejasi – erkin bozorni yaratish. Bunda investorlarga hech qanday kafolatlar berilmaydi, faqatgina ularning xususiy mulk daxlsizligi ta’minlanadi. Ular mablag‘larini xavf-xatarga qo‘ygan holda, barcha risklarni inobatga olib O‘zbekistonda stansiya quradi va mijozlarni jalb qilgan holda ishlab chiqargan elektr energiyasini yetkazib berishi mumkin bo‘ladi.

Bozorni bir kunda yaratib bo‘lmaydi, bu juda murakkab ish, ammo amalga oshirish imkonsiz bo‘lgan vazifa ham emas. Ko‘plab mamlakatlar bu yo‘lni bosib o‘tgan, biz ularning tajribalarini o‘rganyapmiz.

Erkin bozor munosabatlarini joriy qilish uchun kamida 2-3 yil vaqt talab etiladi. Ungacha oldimizda ikkita yo‘l bor. Birinchisi, tashqi qarz evaziga stansiyalar qurishda davom etish. Ikkinchisi esa DXSh asosida loyihalarni amalga oshirish. Bu energiyaga bo‘lgan defitsit ortib ketmasligining oldini olishda juda ham muhim.

Ammo DXShning ham o‘ziga yarasha yaxshi va yomon tomonlari bor. Yaxshi tomoni – davlatning suveren qarzi oshmayapti, salbiy tomoni esa bilvosita kafolatlar ostida pul jalb qilish miqdori o‘sib bormoqda. Agar ahvol yomonlashib, “Milliy elektr tarmoqlari” investorlardan xarid qilayotgan elektr energiyasi uchun pul to‘lay olmay qolsa, ushbu bilvosita qarzlar bevosita qarzlarga aylanadi va ushbu mablag‘larni Moliya vazirligi to‘lashi kerak bo‘ladi. Shuning uchun ham tezroq erkin bozor yaratishimiz kerak.

Bugungi kunda elektr energiyasi aholiga subsidiyalangan narxlarda yetkazib beriladi. Bu resurslarning asl tannarxi qancha o‘zi?

Elektr energiyasining asl tannarxini hisoblab chiqish Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligining vazifasi hisoblanadi, afsuski menda bu borada aniq raqamlar yo‘q. Ekspert sifatida shuni aytishim mumkinki, elektr energiyasi tannarxi taxminan 500-600 so‘mni tashkil etadi.

Aholiga yetkazib berilayotgan mahsulot narxi (hozirda 295 so‘m – tahr.) va uning tannarxi o‘rtasida yaxshigina tafovut mavjud, shu sababli ham tariflarni oshirish muhokama qilindi. Bu borada iste’molchilar bilishi shart bo‘lgan ayrim jihatlar bor: energetika sohasida to‘rtta kompaniya mavjud bo‘lib, bular tabiiy monopoliya hisoblanadi. Shu sababli ham ular investitsiyalarni DXSh asosida jalb qila olmaydi. Mablag‘larni faqatgina suveren qarzni oshirish va o‘z balansiga korporativ kredit olish yo‘li bilan jalb qilish mumkin. Aynan ushbu kompaniyalarga korporativ kredit olish imkoniyatini yaratish uchun ham tariflarni oshirish kerak edi. Umuman olganda, tarmoq kompaniyalari katta zarar bilan ishlab kelmoqda. Shu sababli ham korporativ qarz olishi katta muammo hisoblanadi.

Sohani transformatsiya qilishning yagona yo‘li suveren qarz jalb qilish bo‘lib qolmoqda, ammo bu borada ham mablag‘ jalb qilish chegaralangan. Natijada kompaniyalarning o‘sishi ham cheklangan bo‘lib qolmoqda.

Tarif narxi oshganiga yarasha, hududlarni elektr energiyasi bilan ta’minlash ham yaxshilanadimi?

Albatta, narx oshishi, sifatga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatishi kerak. Ammo bu birdaniga sodir bo‘lmaydi. Masalan, mashina haydayotganingizda ham tezlanish pedalini bosganingizda, birdaniga o‘zingiz xohlagan tezlikka erisha olmaysiz. Buning uchun ma’lum vaqt talab qilinadi. Shu jihatdan, narx oshganidanoq elektr stansiya qurib bo‘lmaydi, bunga ham 4-5 yil vaqt kerak. Loyiha tayyorlanguncha 1 yil, moliyaviy manbalarni aniqlashtirib olguncha yana 1 yil, qurib bitgazguncha esa yana 3 yil muddat talab etiladi.

Hozirgi narx oshishi kelajakdagi taqchilliklarning oldini olish uchun amalga oshirilmoqda.

Ikkinchidan, bizdagi elektr energiyasi taqchilligi mavsumiy xarakterga ega. Qish va yoz mavsumida tarmoqlarga yuklama oshadi. Kelajakda bu muammoning oldini olish uchun tayyorgarlik ishlarini amalga oshirishimiz kerak. Energetika vazirligi tomonidan ma’lum hududlarda ataylab taqchillik yuzaga keltirilmaydi. Ba’zida 25-yanvarda yuzaga kelgan “blekaut”ga o‘xshash hodisalarning oldini olish uchun, ma’lum bir tumanda ma’lum bir vaqtda elektr energiyasi o‘chirib turilishi mumkin. Bu navbatma-navbat amalga oshiriladi.

Ko‘mirdan isitish vositasi sifatida voz kechish borasida xalqaro hamjamiyat oldida majburiyatlarni o‘z bo‘ynimizga olganmiz. Bu qanday amalga oshiriladi?

Bu uzoq muddatli reja. Ertaga yoki indinga bu ishni amalga oshirishning iloji yo‘q. Masalan, Germaniya ham gaz narxi oshib ketgani bois o‘zining ko‘mir stansiyalarini qayta ishga tushirishni rejalashtirmoqda.

Biz e’tibor qaratishimiz kerak bo‘lgan eng muhim jihat – urbanizatsiya masalasi. Oxirgi yillarda “Obod qishloq” kabi dasturlar natijasida qishloqlar soni kengayib ketdi, urbanizatsiya ulushi esa o‘smayapti.

Xo‘sh, urbanizatsiya energetika tarmog‘iga nima beradi? Odamlar jipslashib, shaharlarda yashasa, ular markaziy isitish tizimiga ulanadi. Bu ancha arzonga tushadi. Urbanizatsiya ulushi qanchalik oshsa, ko‘mirda uyini isituvchi xonadonlarning soni shunchalik kamayib boraveradi.

O‘zbekistonda yashil energetikaga o‘tish bo‘yicha nimalar qilinyapti?

Yashil energetika – havoga zararli gazlarni chiqarmagan holda, elektr energiyasi ishlab chiqarish hisoblanadi. Bularga birinchi o‘rinda shamol, quyosh va gidroelektrstansiyalar kiradi. Ba’zi ekspertlar atom elektr stansiyasini ham yashil energetikaga qo‘shishadi, ammo bu bahsli mavzu. Chunki undan chiqadigan radioaktiv moddani ma’lum bir joyda saqlash muammosi bor.

Yashil energetika bizga kerak, bu tarmoq rivojlanyapti. Bu borada GESlar juda ham muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki quyosh va shamol elektrstansiyalari elektr energiyasi ishlab chiqarishda mo‘’tadil emas. Tabiat hodisalariga bog‘liqlik jihati juda ham yuqori darajada. Bu – ularning kamchilik tomoni. Ushbu ­muammolarni GESlar orqali hal qilish mumkin. Hozirgi zamonaviy texnologiyalar yordamida GESlarda ishlab chiqarilayotgan tokni sekundlar ichida oshirish yoki kamaytirish imkoniyati bor. Shu jihatdan yuzaga keladigan nomutanosibliklarning oldini olish mumkin.

Nima sababdan aksariyat loyihalar xorijiy investorlar bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda?

Hamma uchun tanlovlarni ochiq e’lon qilamiz. Ammo mahalliy kapital egalari xorijiy investorlarga nisbatan kattaroq daromad talab qiladi. Xorijiy mamlakatlarda kapital ko‘p bo‘lgani uchun kamroq daromadga ham rozi bo‘lgan holda investitsiyalar kiritishlari mumkin.

Masalan, arab mamlakatlarida ichki investitsiya imkoniyatlari cheklangani bois o‘z pullarini tashqi bozorlarga ham jalb qilishga harakat qilishadi. Bizning ichki bozorda esa investitsiya imkoniyatlari juda ham ko‘p, ammo kapital kam. Shu jihatdan mahalliy investorlarimiz birinchi navbatda yuqori daromad keltiradigan tarmoqlarga mablag‘ jalb qilishni ma’qul ko‘rmoqda.

Xorijiy investorlar energetika tarmog‘imizga uzoq muddatga pul tikishga tayyor va ular talab qilayotgan daromad darajasi ham anchayin past. Bu bizning iqtisodiyotimiz o‘sishiga juda ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Energetika sohasi qanchalik raqobatbardosh bo‘lsa, bu boshqa tarmoqlardagi o‘sishga ham katta ta’sir ko‘rsatadi.

 

Doston Ahrorov suhbatlashdi.

Manba: https://kun.uz/uz/news/2022/06/24/energetikada-tezroq-erkin-bozor-yaratishimiz-kerak-bahrombek-umarbekov

 

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

http://t.me/uzmetaxborotxizmati

>