Yangiliklar
23 DAQIQA DAVOM ETGAN IMPORT AMALIYOTIDAGI QUVVAT KAMAYISHI BARTARAF ETILDI
  • 17.02.2020
  • 631

     Ko‘pchilikka ma'lumki, «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati 2019-yilning 1-dekabr sanasidan buyon «Turkmenenergo» davlat elektr energetika korporatsiyasidan import amaliyoti amalga oshirilmoqda.

     Bugun, 2020-yil 17-fevral kuni soat 19:27 da Turkmaniston energetika tizimiga tegishli «Mari» issiqlik stansiyasida nosozlik yuzaga kelib, 760 MVt quvvat bilan ishlayotgan energobloklar yuzaga kelgan texnik holat tufayli 150 MVt quvvatga tushib qolgan edi.

     Turkmanistondan kelayotgan quvvatning kamayishi oqibatida O‘zbekiston energetika tizimida avariyaga qarshi avtomatika tizimi ishlashi natijasida 610 MVt quvvatga ega iste'molchilar vaqtincha tarmoqdan uzilgan edi.

     «Turkmenenergo» davlat elektr energetika korporatsiyasining «Mari» issiqlik stansiyasidagi nosozlik bugun soat 19:50da bartaraf etilib, tarmoqdan uzilgan iste'molchilarga kuchlanish berish boshlanganini ma'lum qilamiz.

     Ayni paytda mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan va kelishuvga binoan qabul qilinayotgan import elektr energiyasi iste'molchilarga yetkazib berilmoqda. Turli nosozliklar tufayli elektr ta'minotida ro‘y berishi mumkin bo‘lgan qisqa muddatli uzilishlar «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ mutasaddi xodimlari tomonidan bartaraf etilib, mavjud yoqilg‘i zaxirasiga muvofiq elektr energiyasini ishlab chiqarish jarayoni «Issiqlik elektr stansiyalari» AJ tomonidan amalga oshirilmoqda.

 

«O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ Axborot xizmati

Kanalga a'zo bo‘ling! t.me/uzmetaxborotxizmati

>