Yangiliklar
QANCHA SARFLASANGIZ HAM, QAYTA TIKLANAVERADI...
  • 28.06.2022
  • 414

Dolzarb mavzu

QANCHA SARFLASANGIZ HAM, QAYTA TIKLANAVERADI...

Yer yuzida aholi sonining oshishi, iqtisodiyotning jadal rivojlanishi bilan birga, barcha turdagi mahsulotlar qatori energiya resurslaridan foydalanishga bo‘lgan talab ham kun sayin ortib boryapti. Olimlarning fikricha, energiya resurslaridan hozirgiday darajada foydalanishda davom etsak, dunyodagi neft zaxirasi 50-60 yilga, tabiiy gaz 70-75 yilga, ko‘mir esa 150-160 yilga yetadi, xolos. Bu masalaning yechimi sifatida jahonda muqobil energiya manbalari, ya'ni tabiatda qayta tiklanadigan quyosh, shamol, suv kabilardan energiya olish jadallashib bormoqda.

Muqobil energiya manbalari va energiya tashuvchilardan foydalanishning dolzarbligi sayyoramizda so‘nggi o‘n yilliklarda yuzaga kelgan global ekologik muammolar — iqlim o‘zgarishi, ozon qatlamining yemirilishi va boshqa sabablar bilan ham bog‘liq. Tahlillarga ko‘ra, har yili atmosfera qatlamiga birgina sanoat korxonalaridan 5 milliard tonnadan ortiq karbonat angidrid, 300 million tonna atrofida uglerod oksidi chiqariladi. Achinarlisi, dunyoda atmosferaga chiqarilayotgan ifloslantiruvchi moddalar hajmi o‘tgan asrning 50-yillariga nisbatan qariyb 4 barobarga ortgan va u barqaror o‘sish tendensiyasiga ega.

Shu bois, muqobil energetika dunyoda innovatsion rivojlanishning muqarrar omiliga aylanib bormoqda. Qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish elektroenergiya va issiqlik hosil qilishning yangi texnologik bazasi shakllanishiga olib keladi, elektroenergetika samaradorligini oshiradi, yangi ish o‘rinlari yaratib, insonlar hayot sifati oshishiga xizmat qiladi. Qolaversa, atmosferaga tarqalayotgan zaharli gazlar hajmi keskin kamayib, ekologik sharoit yaxshilanadi, texnogen falokatlar tahdidi kamayadi.

Ma'lumotlarga ko‘ra, hozir jahonda energiya ishlab chiqarishning 0,04 foizdan kamroq qismigina quyosh energetikasiga to‘g‘ri kelmoqda. Agar yerdagi cho‘llarning bor-yo‘g‘i 4 foizi quyosh panellari bilan qoplansa, hosil bo‘ladigan energiya butun insoniyatning energiya talabini qondirishga yetar ekan. Shu sababli, bugungi kunda dunyoning 65 dan ortiq mamlakati o‘z oldiga quyosh, shamol, suv energiyasi, shuningdek, vodorod, biogaz va boshqa muqobil energiya manbalaridan kengroq foydalanishni maqsad qilib qo‘ygan. Bu boradagi harakatlar ham kun sayin faollashib boryapti.

Muqobil energiya qurilmalari uchun kompensatsiya to‘lanadi

Yurtimizda elektr energiyaga talab ayniqsa, oxirgi yillarda o‘sib bormoqda. Bu iqtisodiyot va sanoat tarmoqlarining rivojlanishi, aholining elektrotexnika uskunalaridan foydalanish ko‘rsatkichi oshib borayotgani bilan bog‘liq. Hisob-kitoblarga ko‘ra, O‘zbekistonda bir yilda 10 milliard dollarlik elektr va gaz iste'mol qilinadi. Bugungi kunda 2-3 milliard kilovatt soat elektr energiyasiga qo‘shimcha talab ham bor. Kelgusi 5 yilda esa bu ehtiyoj 10 milliard kilovatt soatga oshishi kutilmoqda.

Bu raqamlar joriy yil 10-iyun kuni davlatimiz rahbari raisligida qayta tiklanuvchi energiyadan foydalanishni kengaytirish masalalari bo‘yicha o‘tkazilgan yig‘ilishda keltirilgani bejiz emas. Gap shundaki, elektr energiyaga talab ortib borayotgan hozirgi sharoitda xonadonlar va barcha korxona-tashkilotlarda muqobil energiyadan foydalanishni ko‘paytirish zarurati yuqori. Bu boradagi ishlarni barcha hududlarda yanada kengroq amalga oshirish bo‘yicha vazifalar ham belgilandi.

Aslida, O‘zbekiston qayta tiklanuvchi energiya manbalari bo‘yicha katta salohiyatga ega davlatlardan. Ekspertlarning baholashicha, yurtimizdagi muqobil energetika qayta tiklanmaydigan organik yonilg‘i resurslaridan bir necha barobar ko‘proq. Bu imkoniyatning 97 foizga yaqini quyosh energiyasiga to‘g‘ri keladi. Ya'ni, diyorimizda bir yilda 320 kun quyoshli hisoblanadi. Bu borada quyosh energetikasi rivojlangan Ispaniyadan ham o‘zishimiz mumkin ekan. Qolaversa, shamol esuvchi hududlar, shuningdek, elektroenergiya hosil qilishda foydalanish mumkin bo‘lgan tog‘ daryolarimiz mavjud.

Shu bois, yurtimiz sharoitida quyosh resurslari, kichik gidroenergetika, shamol resurslari, biomassa va geotermal energiya muhim sanaladi. Bundan tashqari, qayta tiklanuvchi energetika olisdagi, tog‘li va borish qiyin bo‘lgan tumanlarda joylashgan aholi punktlari uchun iqtisodiy asoslangan energiya manbai bo‘lishi mumkin. Bunday boy tabiiy salohiyatdan belgilangan maqsadda foydalanish kerak, yuqori samarali qayta tiklanuvchi energiya manbalarini amaliyotda keng qo‘llash lozim.

Masalan, O‘zbekistonda bir yilda 10 milliard dollarlik elektr va gaz iste'mol qilinishi katta ko‘rsatkich. Agar buning 10 foizini iqtisod qilishni o‘rgansak, bu 1 milliard dollarni boshqa ehtiyojlar uchun sarflashimiz mumkin bo‘ladi, degani. Afsuski, yurtboshimiz ta'kidlaganidek, hamma hududlarda ham mutasaddilar bu masalaning qanchalik muhimligini tushunib yetmagan.

Aslida, muqobil energiya manbalari, birinchi navbatda, har bir fuqaroning xonadonida yaxshi yashashiga sharoit yaratishga qaratilgan. Bu borada 2019-yilda alohida jamg‘arma tashkil qilinib, aholiga byudjetdan subsidiya berish tizimi joriy etildi. Lekin birorta viloyat, tuman va shahar hokimida yoki vazirda o‘z tizimidagi tashkilotlarda energiya iste'moli, uni tejash, muqobil energiya uskunalarini o‘rnatish bo‘yicha hisob-kitob yo‘qligi, ular joriy qilingan subsidiya va kompensatsiyadan o‘z tarmog‘i yoki hududida foydalanish bo‘yicha jon kuydirmagani tanqid qilindi. Shu bois, endi yurtimizda muqobil energiya uskunasini o‘rnatgan aholi va tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha mutlaqo yangi tizim joriy etilmoqda. Bunda aholi va tadbirkorlarga o‘rnatilgan quyosh va shamol elektr uskunalari uchun quvvatiga qarab 15 million so‘mgacha, suv isitish qurilmasi uchun esa 2 million so‘mgacha kompensatsiya to‘lanadi, yoki uskuna qiymatini 3 yil ichida foizsiz bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati yaratiladi. Ushbu tizim Energetika vazirligining maxsus jamg‘armasi orqali joriy etiladi. Muqobil energiya uskunalarini o‘rnatish istagida bo‘lgan aholi va tadbirkorlar bu imkoniyatlardan foydalanishi uchun biron-bir idoraga borishga majbur bo‘lmaydi. Barcha hujjatlar uskuna xarid qilinadigan joyning o‘zida hal bo‘ladi. Hududlarda ushbu amaliyot shu yil 1-sentabrdan joriy etiladi.

Arzon va ekologik toza energiya

Umuman, yig‘ilishda belgilangan vazifalar, tizimda taqdim etilayotgan imtiyozlarni ko‘rib, har bir kishining o‘z xonadoniga muqobil energiya qurilmasini o‘rnatishga qiziqishi ortishi tabiiy. To‘g‘ri-da, qayta tiklanuvchi energiya manbai ham arzon, ham ekologik toza. Xonadon tomiga o‘rnatiladigan quyosh paneli elas-elas taraladigan quyosh nuridan ham energiya olib, zaxirasiga to‘plab boradi, kerak vaqtda uni sarflab, uy sohibiga beminnat xizmat qilaveradi.

Bunday qurilmalarning ko‘p o‘rnatilishi mamlakat iqtisodiyotiga ham foyda. Elektr energiya muqobil energiya manbalaridan olingani sari, tabiiy manbalar tejaladi. Energetika tarmoqlaridagi yuklamalarni yengillashtirish, avariyalarning oldini olish, tarmoqlardagi texnologik yo‘qotishlarni pasaytirish imkoniyati oshadi. Asosiysi, ekologik toza, “yashil” energiyaga o‘tish jarayoni faollashadi.

Masalan, Kitob tumani “Yangiobod” massividagi jami 96 ta xonadonga ega 4 ta ko‘p qavatli uyda quyosh panellarini o‘rnatish hisobiga yiliga 100 ming kilovatt soat elektr energiyasi iqtisod qilinmoqda. Nafaqat xonadonlar, balki ijtimoiy soha ob'ektlarida ham bosqichma-bosqich muqobil energiya uskunalarini o‘rnatish boshlangan. Mutasaddilarga kelgusi yil Investitsiya dasturi mablag‘larining kamida 15 foizini shunday qurilmalarni o‘rnatishga yo‘naltirish topshirildi. 2023-yildan ijtimoiy soha ob'ektlarida kamida 25 foiz issiq suv iste'moli va tashqi yoritishni muqobil energiya hisobidan qoplash talabi kiritiladi.

Shamol ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lgan hududlarda esa shamol generatorlaridan foydalanish ham yaxshi samara beradi. Ayrim viloyatlarda fermerlar o‘z bog‘i va dala maydonlariga shamol generatori o‘rnatib, zarur elektr energiyani ushbu qurilma orqali olishni boshlab yuborgan.

Mutaxassislarinng hisob-kitoblari bo‘yicha, sayyoramizning shamol energiya salohiyati jahonda hozir ishlatilayotgan elektr energiya hajmiga nisbatan 30 marotaba yuqori. Bu yer yuzasiga yaqin havo qatlami, ya'ni 100 metr balandlikkacha shamol energiyasining imkoniyati xolos. 100 metr va undan balandda shamol tezligi yanada kuchli va undagi energiya beradigan shamol quvvatining imkoniyati ham anchayin katta.

Mamlakatimiz shamol resurslariga boy hududlardan hisoblanadi. yer yuzasiga yaqin havo — 10 metr balandlikda esadigan shamolning elektr energiya beradigan quvvati yurtimizda bir yilda ishlab chiqarilayotgan elektr energiyaning 25 foizini tashkil qiladi. Agar 100 metr balandlikkacha shamoldan elektr energiya olinsa, hozirgidan kattaroq hajmda energiya olish mumkin bo‘ladi.

Qo‘ng‘irotboy SHARIPOV,

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti rektori, professor

«Yangi O‘zbekiston» gazetasining 2022-yil 24-iyun kungi 125-soni mutolaa uchun havola qilinadi.

Gazetaning internetdagi www.yuz.uz veb-sayti orqali ham yangiliklardan boxabar bo‘lib borishingiz mumkin.

Ushbu pdf fayl gazeta tahririyati tomonidan taqdim etildi.

Kanalga ulanish ⇒  https://t.me/gazetalar_sharhi

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

t.me/uzmetaxborotxizmati

>