Investitsiyalar va tashqi savdo vazirining o‘rinbosari Sh.Vafaev boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasining BAA tashrifi chog‘ida Masdar kompaniyasi bosh direktori Muhammad al-Ramahi bilan muzokaralar o‘tkazildi.
Eslatib o‘tamiz, Masdar tomonidan O‘zbekistonda birinchi 100 MVt quyosh elektr stansiyasini qurish bo‘yicha loyihasi muvaffaqiyatli amalga oshirilib, u 2021-yil avgust oyida Navoiy viloyatida tantanali ravishda foydalanishga topshirildi.
Uchrashuv chog‘ida tomonlar o‘zaro hamkorlik kun tartibidagi dolzarb masalalarni, jumladan, O‘zbekistonda energetika sohasidagi yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirishni jadallashtirish imkoniyatlarini muhokama qildilar.
Muhammad al-Ramahining ma'lum qilishicha, Masdar 2022-yil avgust oyida Navoiy viloyatida 500 MVt quvvatli shamol elektr stansiyasi, dekabr oyida esa Surxondaryo, Jizzax va Samarqand viloyatlarida umumiy quvvati 897 MVt teng bo‘lgan qo‘yosh elektr stansiyalari qurilishini boshlashni rejalashtirmoqda.
Ushbu loyihalarning amalga oshirilishi O‘zbekistonga quyosh va shamol quvvatidan olinadigan elektr energiyasi miqdorini 8 GVtgacha yetkazish va 2026-yilga kelib mamlakatning umumiy energiya balansida muqobil energiya manbalari ulushini 25 foizga yetkazish maqsadlariga erishishga yordam beradi, bu esa O‘zbekistonning gaz va ko‘mirga bo‘lgan energiya qaramligini kamaytiradi.
Manba: https://mift.uz/uz/
Fotogalereya: https://mift.uz/uz/
«Ўзбекистон МЭТ» АЖ Ахборот хизмати