OAV va jamoatchilik bilan ishlash
Ma'lumotlar: atama, raqam va so‘zga e'tiborli bo‘laylik
  • 01.06.2022
  • 452

Mamlakatimizda qonunchilik hujjatlariga muvofiq tarzda amalga oshirilayotgan faoliyatning ochiqligi va shaffoligini ta'minlash bo‘yicha islohotlar (talab va takliflar) — korrupsiyaga qarshi kurash, jamoatchilik nazoratini o‘rnatish borasida muhim ahamiyat kasb etishi shubhasiz. Uning pirovard natijasi iqtisodiy taraqqiyot, demokratik tamoyillar asosida yashaydigan kuchli jamiyat hayotida aks etadi.

 

Biroq ochiqlik va shaffoflikni ta'minlashda jamoatchilik e'tiboriga raqamlar, foizlar va turli atamalarda ma'lumot taqdim etish ham o‘ziga yarasha mas'uliyat va aniqlik talab etadi. Ayniqsa birgina kichik xato (texnik, bilim-salohiyatsizlik tufayli, izohlanmagan) tufayli jamoatchilikda noto‘g‘ri fikr va tushunchalar hosil bo‘lib, ayniqsa bu ma'lumotlar noto‘g‘ri talqin etilishiga yetaklashi mumkin.

Yaqinda Ochiq ma'lumotlar portalida (https://data.egov.uz) “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Vazirlar Mahkamasi hujjatlari bilan soliq va bojxona imtiyozlari hamda preferensiyalar, shu jumladan individual imtiyozlar berilgan sub'ektlar, ularning yakuniy benefitsiar (foyda oluvchi) jismoniy shaxslari, ularning to‘lagan soliqlari va moliyaviy ko‘rsatkichlari to‘g‘risidagi axborot /2-002-0031/” ma'lumotlar jadvali e'lon qilindi:

https://data.egov.uz/data/61641e6aec71c8d08438430c

Ushbu ma'lumotnomaga tayanib (havola ko‘rsatib) O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi o‘zining rasmiy veb-saytida “Soliq imtiyozlari va preferensiyalar berilgan sub'ektlar hamda ular tomonidan to‘langan soliqlar miqdori to‘g‘risidagi ma'lumotlar ochiqligi ta'minlanmoqda” nomli infografikali ma'lumotnoma taqdim etdi:

https://anticorruption.uz/uz/item/2022/05/30/soliq-imtiyozlari-va-preferentsiyalar-berilgan-subektlar-hamda-ular-tomonidan-tolangan-soliqlar-miqdori-togrisidagi-malumotlar-ochiqligi-taminlanmoqda

Mazkur ma'lumotnomada soliq imtiyoziga ega bo‘lib, UMUMAN SOLIQ TO‘LAMAGAN korxonalar mavjudligi, ular imtiyozga ega bo‘lgan jami soliq to‘lovchilarning 35% yoki 15478 tani tashkil etishi, o‘rganish davrida bunday korxonalarning jami soliq imtiyozlari miqdori 3 trillion so‘mdan ziyodni tashkil etgani, quyida keltiirilgan jadvalda ushbu korxonalar Top-10ligi nomma-nom keltirilib, ular ega bo‘lgan soliq imtiyozining miqdori hamda turi aks etgani haqida batafsil ma'lumotlar taqdim etildi.

Ma'lumotnomaning 4-bandida “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ QQS — 33,6 mlrd. so‘m qo‘shimcha qiymat solig‘i to‘lamagani qayd etilgan va bu to‘g‘ri, ammo jadval sarlavhasidagi “UMUMAN SOLIQ TO‘LAMAGAN” degan jumla mantiqan noto‘g‘ri. Bu anglashilmovchilikni tuzatib qo‘yishni iltimos qilib Agentlik matbuot xizmati orqali, ular ulab bergan mutaxassislar bilan Aksiyadorlik jamiyatimiz mutaxassislari o‘zaro fikr almashishdi. Biroq negadir sarlavha tahrir etilmadi...

 

O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi infografikali ma'lumotnomasiga tayanib, kecha, 2022-yil 31-may kuni kun.uz axborot nashri “Soliqdan eng ko‘p imtiyoz olayotgan kompaniyalar ro‘yxati ochiqlandi” nomli ma'lumotnoma e'lon qildi:

https://kun.uz/uz/00556074

 

 Biz kun.uz tahririyati bilan ham bog‘lanib masalani ma'lum qildik. Avvaliga manbadagi (O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi o‘zining rasmiy veb-saytida) ma'lumot shu tarzda taqdim etilgani, o‘zgartirolmasligini bildirishdi, ammo biroz muddatdan so‘ng “UMUMAN SOLIQ TO‘LAMAGAN” degan jumla “MUAYYAN TURDAGI SOLIQNI UMUMAN TO‘LAMAGAN” degan jumla bilan tahrir etildi. kun.uz tahririyatiga masalaning mohiyatiga yetib, ma'lumotnomaning jadval sarlavhasini tahrir etgani uchun minnatdorlik bildiramiz. 

 

Bir qarashda katta farq yo‘qdan, ammo “muayyan turdagi” jumlasi qo‘shilishi bilan “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ boshqa turdagi soliq majburiyatlarini amalga oshirib kelgani ayon bo‘ladi va “umuman soliq to‘lamaydigan tashkilot ekansizlar-ku” degan noo‘rin iddao va noto‘g‘ri talqin tushunchalaridan yiroq qiladi.

E'tiborliroq bo‘laylik, hurmatli mutaxassis xodimlar!

Ulug‘bek Urunov, «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisining matbuot kotibi — axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi

 “O‘zbekiston MET” AJ: 2022-yil yanvar-mart oylarida davlat byudjetiga to‘langan soliq va boshqa yig‘imlar bo‘yicha ma'lumot

Yuqoridagi jadval ma'lumotlari shuni ko‘rsatadiki, Aksiyadorlik jamiyatimiz yanvar-mart oylarida olti turdagi soliq va boshqa yig‘imlar bo‘yicha jami 28 540 668 ming so‘m  (28,54 mlrd. so‘m) byudjetga to‘lovlarni amalga oshirgan.

  S. Xolboyev, Buxgalteriya hisobi va hisoboti boshqarmasi boshlig‘i

 

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

http://t.me/uzmetaxborotxizmati

>