OAV va jamoatchilik bilan ishlash
daryo.uz — “Elektr energiyasi narxining oshishi o‘g‘rincha foydalanuvchilar ko‘payishiga sabab bo‘lmaydi” — Ulug‘bek Mustafoyev
  • 01.06.2022
  • 287

O‘zbekistonda 1-iyuldan boshlab, elektr energiyasi va tabiiy gaz narxi tabaqalashtirilgan tartibda oshirilishi belgilanmoqda. Narxlar ko‘tarilishi tokdan o‘g‘rincha foydalanish holatlariga sabab bo‘lmaydimi? Ushbu savolga 31-may kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ boshqaruvi raisi Ulug‘bek Mustafoyev javob qaytardi.

Ulug‘bek Mustafoyev

Foto: “Daryo”

Ulug‘bek Mustafoyevning aytishicha, elektr energiyasidan noqonuniy foydalanishni oldini olish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rib kelinmoqda.

“Haqiqatan ham elektr energiyasidan o‘g‘rincha foydalanish holatlari doim aniqlanadi. Bizda elektr energiyasini ishlab chiqarishdan iste’molchiga yetkazib berish tizimi joriy qilingan. Masalan, 100 kVtdan 90 kVt yetib borishi kerak. Qolgan 10 kVt normativ bo‘yicha tabiiy yo‘qotishlar va boshqalarga ketadi. Agar o‘sha 90 kVtning egasi topilmasa, joylardagi mutaxassislarimiz mahalla kengashlari raislari bilan birga transformatordan topilmagan elektr energiyasini uyma-uy yurib aniqlashadi. Kerak bo‘lsa, kechasi ham reydlar o‘tkazyapmiz. Elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganlar topilmoqda va ularga nisbatan ta’sirchan choralar ko‘rish masalasi yo‘lga qo‘yilgan. Biz nafaqat jazolash, balki holatning oldini olish uchun tushuntirish ishlarini olib boramiz. Bu resurs energetika vazirligi yoki kompaniyaniki emasligi, xalqning tabiiy boyligi ekanini tushuntirishga harakat qilamiz. O‘ylaymizki, iste’molchilarimiz joylarda qilayotgan amaliy ishlarimizni to‘g‘ri tushunadi. Elektr energiya va tabiiy gazdan o‘g‘rincha foydalanish holatlari ko‘payib ketmaydi. Bizda bunday xavotir yo‘q. Buning oldini olish uchun mutaxassislarimiz ham, texnik sharoitlar ham yetarli”, – dedi kompaniya rahbari.

Avvalroq hukumatning “Yoqilg‘i-energetika resurslarining narxlarini o‘zgartirish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilingandi. Qaror loyihasida elektr energiyasi va tabiiy gaz narxlarini ijtimoiy norma asosida belgilash va oshirish nazarda tutilmoqda. Hujjatga ko‘ra, aholi uchun 1 kVt soat elektr energiyasi iste’moli oyiga 250 kVt soatgacha – 325 so‘m, 250 kVt soatdan yuqori har 1 kVt soat uchun – 650 so‘m etib belgilanmoqda. 1 kub metr tabiiy gaz iste’moli oyiga isitish mavsumida 700 kub metrgacha – 410 so‘m, 700 kub metrdan yuqori har 1 kub metr uchun – 1 ming 200 so‘m bo‘ladi. Isitish mavsumidan tashqari davrda 200 kub metrgacha – 410 so‘m, 200 kub metrdan yuqori har 1 kub metr uchun – 1 ming 200 so‘mni tashkil qiladi. Suyultirilgan gaz har kubi uchun 1 ming 600 so‘mdan sotiladi.

Manba: https://daryo.uz/

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

 

>