2022-yilning 30-may kuni O‘zbekiston Energetika vazirligida Qirg‘iziston Respublikasi energetika sanoatidagi ayollar Uyushmasi prezidenti Altinay Abdikerimova boshchiligidagi delegatsiya a'zolari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Tadbir davomida energetika sohasidagi professional xotin-qizlarni birlashtirgan mustaqil organ sifatida tashkil etilgan Uyushma faoliyati bilan tanishtirildi.
Ushbu organ har tomonlama energetik ayollarni qo‘llab-quvvatlaydi, g‘oyalarni targ‘ib qiladi, ular uchun bu yerda ayollarning energetika sohasidagi faoliyatini muhokama qilish imkoniyati mavjud bo‘lgan umumiy hudud yaratadi. Ushbu tashabbusning maqsadi ayollar va qizlarni birlashtirish, ta'lim, murabbiylik tashabbuslarini muhokama qilish va amalga oshirish uchun platforma yaratish, Qirg‘izistonning energetika sohasidagi yetakchi ayollar sonining ko‘payishi va ayollarning bu sohada kareraga intilishi uchun gender muvozanatini ta'minlashdan iborat.
Uchrashuvda Energetika vazirligining Gender masalalari bo‘yicha raisi Elmira Bekmurodova O‘zbekiston Energetika vazirligi tizimidagi ushbu yo‘nalishdagi tajribasi bilan o‘rtoqlashdi. O‘zbekistonda xotin-qizlar huquqlarini ta'minlash, xususan, gender tengligi va xotin-qizlarni himoya qilish, xotin-qizlar tadbirkorligi mavqyeini mustahkamlashga qaratilgan qator me'yoriy-huquqiy hujjatlar, jumladan, davlatimiz rahbarining farmon va qarorlari qabul qilingani ta'kidlandi.
E.Bekmurodova ta'kidlaganidek, keyingi yillarda Energetika vazirligi, tizimdagi korxona va tashkilotlarda gender tengligini ta'minlash, xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy hayotdagi rolini oshirish borasida salmoqli ishlar amalga oshirildi. Energetika vazirligi tizimida bandlik sohasida ayollar va erkaklar uchun teng imkoniyatlar yaratilgan. Monitoring shuni ko‘rsatadiki, ishga joylashishda jinsga qarab rad etish yoki ishdan bo‘shatish hollari kuzatilmagan.
Gender tengligini joriy etish borasida sezilarli ijobiy qadamlar tashlandi, chunki birgina vazirlik markaziy apparatida 15 nafar xotin-qiz faoliyat yuritadi, ulardan 4 nafari rahbarlik lavozimlarida ishlaydi.
Bugungi kunga qadar yoqilg‘i-energetika kompleksi tizimida 120 ming 730 kishi mehnat qilmoqda. Ulardan 13 ming 700 nafari xotin-qizlar bo‘lib, 3 120 nafari oliy ma'lumotli, 7 500 nafari o‘rta maxsus, 3 800 nafari o‘rta ma'lumotli.
Umuman olganda, Energetika vazirligi tizimida ayollar va erkaklar salomatligini saqlashni ta'minlovchi xavfsiz mehnat sharoitlari yaratilgan.
Uchrashuv “Elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirish tizimini joriy etish markazi”da (DATA sentr) davom ettirilib, unda Energetika vazirligi, shuningdek, tizim tashkilotlari va aksiyadorlik jamiyatlarining Gender kengashlari raislari va vakillari uchrashdi.
Qirg‘iziston Respublikasi Energetika sohasi ayollari uyushmasi delegatsiyasi “O‘zatom” agentligining Yadro texnologiyalari axborot markazi bilan ham tanishdi.
O‘zbekiston Respublikasi
Energetika vazirligi Matbuot xizmati
https://minenergy.uz/uz/news/view/1961
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati