Yangiliklar
“Innoprom. Markaziy Osiyo” ko‘rgazmasi yirik investorlarni yagona platformada birlashtirdi
  • 26.04.2022
  • 499

Toshkent shahridagi “O‘zekspomarkaz” Milliy ko‘rgazmalar majmuasida 25 aprel kuni “Innoprom. Markaziy Osiyo” xalqaro sanoat ko‘rgazmasi ish boshladi.

Mamlakatimiz hayotidagi yana bir keng ko‘lamli muhim voqeaga aylangan, o‘nlab mamlakatlardan kelgan turli soha vakillarining professional muloqoti uchun yaratilgan ushbu noyob maydoncha O‘zbekistonning iqtisodiy va investitsiyaviy salohiyatini yana bir bor xalqaro miqyosda namoyish etishga qaratilgan.

Tadbirda sanoat sohasidagi eng zamonaviy texnologiyalar, ishlanmalar targ‘ib qilinadi, ishbilarmonlik aloqalari o‘rnatiladi, bitimlar tuziladi, sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha yangi loyihalar iaqdim etiladi.

O‘tgan yil 5-7 aprel kunlari yurtimizda ilk bor tashkil etilgan “Innoprom. O‘zbekistonda katta sanoat haftaligi”da O‘zbekiston, Rossiya, Fransiya, Germaniya, Chexiya, Yaponiya, Ozarbayjon, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Armaniston va boshqa davlatlar hukumat va ishbilarmon doiralari delegatsiyalari ishtirok etgan. Ko‘rgazma natijasida jami 3,2 milliard dollarlik investitsiya bitimi, eksport va import shartnomasi, turli kelishuv hujjatlari imzolangan.

Bu gal O‘zbekiston va Markaziy Osiyo mintaqasining investitsiyaviy hamda iqtisodiy salohiyati xususida konstruktiv muloqotga kirishish maqsadida Fransiya, Italiya, Niderlandiya, Hindiston, shuningdek, MDH mamlakatlaridan 200 ga yaqin xorijiy kompaniya, 1300 dan ziyod jismoniy shaxs ro‘yxatdan o‘tdi.

Anjumanning "Markaziy Osiyo: texnologik yutuqlar makoni" mavzusidagi yalpi majlisida Bosh vazir o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov ishtirok etdi.

Markaziy Osiyo va mintaqamizga chegaradosh mamlakatlar uchun an’anaviy yillik sanoat kooperatsiyasi maydoni vazifasini o‘taydigan ko‘rgazmaning asosiy qismida metallurgiya va materiallar, sanoat avtomatizatsiyasi, mashinasozlik va butlovchi qismlar bo‘limlari joylashgan.

Sermazmun dasturga ega kun tartibidan eng dolzarb mavzular bo‘yicha 20 dan ziyod ixtisoslashtirilgan sessiyalar o‘rin olgan.

Ishtirokchilar turli xil formatda – panel munozarasi, muhokama, davra suhbati va biznes uchrashuv shaklida Markaziy Osiyoning texnologik o‘sish makoni sifatidagi istiqboli, mintaqa mamlakatlarining investitsiyaviy va sanoat salohiyatini taqdim etish imkoniga ega.

Ikki va ko‘p tomonlama hamkorlikka doir keng ko‘lamli masalalarni qamrab olgan kongress hamda V2V aloqalar birjasi ham ko‘zda tutilgan.

Ko‘rgazmada 5 ta - O‘zbekiston, Belarus, Qozog‘iston, Rossiya va Tojikiston milliy ekspozitsiyasi, RF 8 ta hududining birlashgan stendi, 52 korxona, jumladan, Fransiya, Vengriya, Italiya va boshqa davlatlar kompaniyalari o‘z mahsulotini namoyish etmoqda.

Anjumanda yosh mutaxassislar va talabalar uchun “Innoprom universiteti” maxsus loyihasi doirasida ma’ruzalar o‘qiladi. Yirik sanoat kompaniyalari rahbarlari, yetakchi universitetlar rektorlari zamonaviy ishlab chiqarishni boshqarish usullari haqida so‘zlab beradilar.

“Innoprom. Markaziy Osiyo” xalqaro sanoat ko‘rgazmasining bu galgi formati konstruktivlikka tayangan yangicha ranglarda aks etishi bilan o‘ziga xos ahamiyat kasb etadi. Ustuvorlik hududlar o‘rtasidagi faol muloqotga asoslangan. Ko‘rgazma mamlakatimizga kirib kelayotgan investitsiya hajmi o‘sishiga, yangi-yangi loyihalar yaratilishiga zamin yaratadi.

Anjuman 27 aprelgacha davom etadi.

Go‘zal SATTOROVA, O‘zA muxbiri

Manba: https://uza.uz/oz/

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

t.me/uzmetaxborotxizmati

>