OAV va jamoatchilik bilan ishlash
“O‘zbekiston bo‘ylab ro‘y bergan elektr ta’minotidagi uzilish sabablari hozir ham o‘rganilmoqda” — energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xo‘jayev bilan suhbat
  • 29.03.2022
  • 273

Energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xo‘jayev 24–26-mart kunlari o‘tkazilgan Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida “Daryo” nashriga intervyu berdi. Suhbatda vazirlik rasmiysi energetika sohasidagi muammolar, yanvarda ro‘y bergan blekaut va elektr energiyasi bilan bog‘liq savollarga javob berdi.

Sherzod Xo‘jayev “Daryo”

“Ko‘p ishlab chiqarish emas, barqarorlik muhim”

Maqsadimiz faqat elektr energiyasini ishlab chiqarishni ko‘paytirish emas. Ko‘paytirish o‘z yo‘liga, lekin ko‘paytirishdan tashqari, uning ishonchliligi va barqarorligini ham oshirish kerak. Masalan, siz ham, men ham elektr energiyasining iste’molchisimiz. Uyimizda “svet” o‘chsa, xafa bo‘lishimiz mumkin. Lekin qaysidir ishlab chiqarish korxonasida elektr energiyasida uzilish bo‘lsa, u xafa bo‘lmaydi, balki moliyaviy yo‘qotishlarga duch keladi. Shuning uchun gap faqat yetarli ekanligida emas, barqarorlikda. Investitsiya forumida ishtirok etgan xalqaro rivojlanish bo‘yicha hamkorlarimiz bilan juda ko‘p ish qilganmiz. Aslida, ularning yordami bilan ko‘plab xalqaro konsultantlar yollaganmiz. Ular bilan ishlab, hozirgi kungacha ma’lum bir reformalarni amalga oshirdik. Prezidentimiz ham “bizga ishonib kelishyapti”, deb aytib o‘tdilar. Yevropa, Yaqin Sharq kompaniyalari kelib, bu yerda o‘zining mablag‘i evaziga elektrostansiyalar qurmoqda. Lekin bu yetarli emas.

“Energetikada monopoliya yo‘qolmaydi”

“Energetikada monopoliyani yo‘q qilaylik”, degan tashabbus bilan chiqayotgan odamlar ham bor. Biroq, buni yo‘q qilib bo‘lmaydi. Birorta davlatda energetikaning qaysidir yo‘nalishlarida monopoliyasi yo‘q davlatning o‘zi yo‘q. Baribir bu saqlanib qoladi. Monopoliya o‘zi yaxshi narsa emas. Lekin monopoliya bo‘lishi muqarrar bo‘lsa, unda davlat monopoliyasi bo‘lgani yaxshiroq. Xususiy monopoliyada qaysidir kompaniya o‘zining manfaatlari uchun ishlaydi, davlat manfaatlari uchun emas. Davlat monopoliyasi bo‘lgan yo‘nalishlarimizda, albatta, birinchi navbatda u korxonalarning moliyaviy barqarorligini oshirishimiz kerak. Ikkinchidan, davlat korxonasi — bu davlat tashkiloti degani emas. Korxonaning egasi davlat bo‘lgani bilan, uning fikrlashi, ish yuritish tarzi baribir biznes bo‘lishi kerak. Kamroq xarajat, ko‘proq daromad. Mijozlarining hammasi rozi, xursand bo‘lishlari lozim. Shunga qaratilgan ishlarni ko‘p qilamiz, Xudo xohlasa. Forumda ancha-muncha kelishuvlar imzolandi. Shamol va quyosh energetikasini yanada rivojlantirsh bo‘yicha qo‘shimcha bitimlar tuzildi. Yanada ko‘proq investorlarni olib kelishda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Xalqaro moliya korporatsiyalari bizga yordam beradi.

“Elektr yetib bormagan xonadonlar soni juda oz”

Aholini energiya resurslari bilan ta’minlash juda muhim masala. Biz qanchadir foizi ta’minlangan yoki ta’minlanmagan, deyishimiz noo‘rin. Chunki elektr energiyasi yetib bormagan xonadonlar soni juda oz. Yangi qurilgan, hali tarmoqqa ulanmagani bo‘lmasa, qolgan hammasiga yetib borgan. Lekin qanchalik barqaror yetib boryapti? Muammo mana shu yerda. Elektr bir soatga o‘chsa ham, uzilish degani. Baribir uzilish, buni barqaror, deb bo‘lmaydi. Lekin elektr energiyasi yo‘q, ham deb bo‘lmaydi. Chunki bir kunda 23 soat energiya olgan bo‘ladi. Shuning uchun asosiy e’tiborni barqarorlikka qaratishimiz kerak. Barqarorlikka e’tibor qaratishda faqat ishlab chiqarish emas, tarmoqlarni yangilash va o‘z navbatida iste’mol madaniyatini oshirishimiz kerak. Bunda ham gap ko‘p.

Oxirgi 2-3 yilda biz energetikaga tashqi qarz hisobidan loyihalarni amalga oshirishdan ko‘ra ko‘proq to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar tomonga o‘tib ketyapmiz. Surxondaryodagi elektr stansiyani oladigan bo‘lsak, u yerga shu stansiya kerak edi. Biz o‘zimiz quramiz, desak, 1 milliard 200 million dollar tashqi qarz olishimizga to‘g‘ri kelardi. Undan ko‘ra, yaxshi muhit yaratib beraylik, investor kelsin. Investor o‘zining mablag‘larini shu loyihaga sarflasin. Davlatning asosiy vazifasi ham shu — muhit yaratib berish. Xuddi shunaqa boshqa yo‘nalishlarda ham muhit yaratib berish kerak. Endi yana bitta narsani unutmaslik kerakki, bir tomondan to‘g‘ri “nega tashqi qarz evaziga energetika sohasini rivojlantirish kerak, energetiklar o‘zining aravasini o‘zi tortishi lozim, nimaga davlat kafolati ostida qarz olib berish kerak”, deyishadi. Lekin unutmaslik lozimki, energetika — butun iqtisodiyotning lokomotivi. Biz tashqi qarz evaziga qurgan stansiyalarimiz yoki tarmoqlarimiz yetkazib bergan energetika butun iqtisodiyotni rivojlantiradi. Lekin shunday bo‘lsa ham, davlat kafolati ostidagi tashqi qarzni jalb qilishdan bosqichma-bosqich voz kechishimiz kerak. Bu borada aniq maqsadimiz bor. Xalqaro kredit reytinglarini olish, kompaniyalarimizni mustaqil, davlat kafolatisiz kredit jalb qilishga imkoniyati bo‘lsin, buning uchun kompaniyalarda boshqaruv tizimimizni, xodimlarning fikrlashini o‘zgartirishimiz kerak. Shuningdek, yangi texnologiyalarni joriy qilmasdan turib, yetarli darajada samaradorlikka erishib bo‘lmaydi. Albatta, birinchi navbatda yosh kadrlarni tayyorlashga juda katta e’tibor qaratishimiz shart. Texnologiyalarni yosh kadrlarimiz bu yerda tatbiq etib, kelajakda foydalanadi.

“Elektr energiyasini biznes uchun emas, hamkorlik uchun eksport qilamiz”

Bizda hozirgi kunda elektr energiyasi faqat qo‘shni davlatlarga eksport qilinyapti. Misol uchun, Afg‘onistonga. Bu yo‘nalishdagi eksportni faqat biznes, deb baholash noto‘g‘ri. Qo‘shning tinch — sen tinch, degan gap bor-ku. Bu hamkorlik uchun muhim. Lekin eksportimiz juda ko‘payib ham ketgani yo‘q, kamayib ham ketgani yo‘q. Bir maromda ketmoqda.

“Elektrni 25 yil arzon sotdik”

Katta shaharlardagi iste’molchilarning iste’mol madaniyati pastroq bo‘ladi, fikrimcha. Aslida, teskaridek tuyuladi. Chunki shahar rivojlangan, iste’mol madaniyati yuqori, deyishadi. Yo‘q. Iste’mol madaniyati isrof qilmaslik masalasidir. Men doim aytaman, shaharda isrof qilingan elektr energiyasi qaysidir qishloqqa yetib borishi mumkin edi. Isrof qilish kerak emas.

Aksariyat mamlakatlar orasida qaraydigan bo‘lsak, O‘zbekistonda energiya resurslarining narxi ancha arzon. Bu yerda ham qarashlar har xil. Kimdir aytadi, qimmat bo‘lsin, lekin doim bo‘lsin, deb. Yana kimdir qimmat emas, arzon bo‘lsin, deydi. Shu yerda davlatning siyosati yagona — adolatli narx bo‘lishi kerak. 25 yil arzon narxda sotdik, tarmoqni rivojlantirishga pul sarflamadik, mana, oqibatda qayerga yetib keldik. Yiliga iqtisodiyotning o‘sish sur’atlari 6-7 foiz bo‘lsa, energiyaga talab 10 foizga oshadi. Ana endi ko‘z oldingizga keltiring, 25 yil davomida qilinmagan, qolib ketgan ishlarimizni yetkazib olish uchun qancha mablag‘ kerak? Yillik 10 foiz o‘sishni qoplash uchun qancha mablag‘ zarur? Lekin tarifni ham oshirib bo‘lmaydi.

“Bizga 20 milliard dollar kerak”

2030-yilgacha moliyaviy resurlarga bo‘lgan ehtiyojimizni hisoblab chiqqanimizda, elektr energiyasini ishlab chiqaradigan yangi stansiyalar qurish, tarmoqlarni rivojlantirish uchun eng kamida 20 milliard dollar pul sarflashimiz kerak. 20 milliard dollar davlat investitsiyasi bo‘la olmaydi. Buning 70-80 foizi xususiy investitsiya bo‘lishi kerak, yana 20-30 foizini davlat sarflashi mumkin. Qolganini xususiy sektor olib kelishi lozim. Xususiy sektor qachon olib keladi? Qachonki, ishonsa. Ko‘rishingiz mumkin, iqtisodiyotning boshqa sohalaridan farqli o‘laroq energetikaga tashqi investorlarning ishonchi katta. Respublikadagi eng katta to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar asosida qurilayotgan loyihalarning hammasi energetika sohasida. Chunki investitsiyalar to‘g‘risidagi, davlat xususiy sherikchilik to‘g‘risidagi qonunlar bor. Bular ishlab chiqilayotganda xorijiy ekspertlarning fikri inobatga olingan. Lekin hozir energetika sohasiga oid yangi qonun ishlab chiqqanmiz. Bunda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki ekspertlari bizga juda katta nufuzli yuridik kompaniyani yollab berdi, ular bilan ishlab chiqdik. Hujjatda dunyodagi rivojlangan mamlakatlarning eng ilg‘or tajribasi asos qilib olingan. Tegishli vazirlik va idoralar bilan kelishib olsak, qonunni parlamentga kiritamiz.

Oldimizda turgan muhim masala ham xususiy sektorda ishlab chiqarishni ko‘paytirish zarur. Hozirgi qurilayotgan stansiyalarimizning hammasi xususiy sektorga tegishli. Lekin kichik quvvatli xususiy sektorga ham imkoniyat berish bo‘yicha bosqichma-bosqich prezident qarorlari qabul qilinyapti. Ya’ni ularga ‘o‘zing uchun ishlab chiqar‘, ma’nosida ham ruxsat berish, ham qulay sharoit yaratish zarur. Masalan, shunaqa tadbirkorlar bor, “o‘zim uchun ishlab chiqaraman. Mayli, sotgim kelmaydi, lekin o‘zimni o‘zim ehtiyojimni qoplashga tayyorman”, deydi. “Marhamat, o‘zing uchun foydalan”, deymiz. Bu yerda hech qanday muammo yo‘q.

“Aybni kimgadir yuklash oson...”

Yanvar oyida O‘zbekistonda ro‘y bergan elektr energiyasi ta’minotidagi uzilish bo‘yicha hisob-kitoblar qilinmoqda. Ammo mazkur holat kelib chiqishi bo‘yicha nimadir aytishga hali erta. Ko‘pgina xorijiy ommaviy axborot vositalari “ayb O‘zbekistonda ekan”, degan ma’lumotlar bermoqda. Ammo gap ayb kimdaligida emas, gap texnik nuqtayi nazaridan qayerda nuqson borligida. Biz shular to‘g‘risida o‘ylashimiz kerak. Buni “O‘zbekistonda, Qozog‘istonda yoki Qirg‘zistonda kelib chiqdi”, deyishimiz noto‘g‘ri. Sababi tarmoq geografik nuqtayi nazardan ishlamaydi, fizika qonunlariga bo‘ysunadi. Qaysi nuqtasida muammo bo‘lsa, uchala mamlakat ham sezadi. Buning eng asosiy sababi qurilmalarning eskiligi bilan bog‘liq. 50-60 yil ishlagan qurilmadan “avariya” chiqmasligini talab qilish noto‘g‘ri.

Qozog‘istonliklar ham masalaga sal siyosiy tus berib, “ayb bizda emas, qo‘shnida”, degan ma’noda gapirdi, lekin texnik nuqtayi nazardan ular ham aybini juda yaxshi bilib, his qilib turishibdi.

Umuman olganda, bunday “avariya”lar tez-tez bo‘lib turadi. Qaysidir bir hududdan boshlanadi, lekin uning tarqab ketishiga boshqa narsalar sabab bo‘ladi. Ana shuni o‘rganyapmiz. Bunday holat yarim soniya ichida yuz beradi. Aniq aybni kimgadir yuklash oson, lekin buning mohiyatiga yetish kerak.

Qozog‘istonda o‘z vaqtida tarif islohotlarini shunaqa o‘tkazishganki, elektr energiyaning narxi juda oshirilgan. Kelib tushgan mablag‘lar hisobidan magistral tarmoqlarini yangilab olishgan. Buning plyusi ham, minusi ham bor. Biz agar hozir bunday yuqori tarif qilsak, iqtisodiyotning boshqa sohalarini ancha qiynab qo‘yamiz. Narxlar ko‘tarilib ketadi.

Islombek Umaraliyev suhbatlashdi

Manba: https://daryo.uz/2022/03/29/

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

t.me/uzmetaxborotxizmati

 

>