OAV va jamoatchilik bilan ishlash
OAV: ««Energetikada monopoliyani yo‘q qilib bo‘lmaydi» — energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xo‘jaev»
  • 28.03.2022
  • 249

O‘zbekiston energetika sohasida monopoliyani yo‘q qilib bo‘lmaydi. Bu haqda energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xo‘jayev “Daryo” muxbiri bilan suhbatda aytib o‘tdi.

Sherzod Xo‘jayev

Foto: “Daryo”

Sherzod Xo‘jayevning ta’kidlashicha, dunyodagi barcha davlatlar energetika tizimida monopoliya mavjud.

Energetikada monopoliyani yo‘q qilaylik, degan tashabbus bilan chiqayotgan odamlar ham bor. Biroq, buni yo‘q qilib bo‘lmaydi. Birorta davlatda energetikaning qaysidir yo‘nalishlarida monopoliyasi yo‘q davlatning o‘zi yo‘q. Baribir bu saqlanib qoladi. Monopoliya yaxshi narsa emas. Lekin monopoliya bo‘lishi muqarrar bo‘lsa, unda davlat monopoliyasi bo‘lgani yaxshiroq. Xususiy monopoliyada qaysidir kompaniya o‘zining manfaatlari uchun ishlaydi, davlat manfaatlari uchun emas. Davlat monopoliyasi bo‘lgan yo‘nalishlarimizda, albatta, birinchi navbatda u korxonalarning moliyaviy barqarorligini oshirishimiz kerak. Ikkinchidan, davlat korxonasi, bu davlat tashkiloti degani emas. Korxonaning egasi davlat bo‘lgani bilan uning fikrlashi, ish yuritish tarzi baribir biznes bo‘lishi kerak. Ya’ni kamroq xarajat, ko‘proq daromad. Mijozlarining hammasi rozi, xursand bo‘lishlari lozim, — dedi vazir o‘rinbosari.

 

Suhbat davomida Sherzod Xo‘jayev aksariyat mamlakatlardagiga nisbatan O‘zbekistonda energiya resurslari narxi ancha arzonligiga urg‘u berdi.

Bu yerda qarashlar har xil. Masalan, kimdir elektr qimmat bo‘lsa ham, doim bo‘lsin, deydi, boshqa birov qimmat emas, arzon bo‘lishi kerakligini aytadi. Shu yerda davlatning siyosati yagona — adolatli narx bo‘lishi kerak. 25 yil arzon narxda sotdik, tarmoqni rivojlantirishga pul sarflamadik, mana oqibatda qayerga yetib keldik. Yiliga iqtisodiyotning o‘sish sur’atlari 6-7 foiz bo‘lsa, energiyaga talab 10 foizga oshadi. Ana endi ko‘z oldingizga keltiring, 25 yil davomida qilinmagan, qolib ketgan ishlarimizni yetkazib olish uchun qancha mablag‘ kerak-ku, yillik 10 foiz o‘sishni qoplash uchun qancha mablag‘ kerak. Lekin tarifni ham oshirib bo‘lmaydi, — dedi vazirlik rasmiysi.

Avvalroq Sherzod Xo‘jayev O‘zbekistonda elektr energiyasi ishlab chiqaradigan yangi stansiyalar qurish va energetika tarmoqlarini rivojlantirish uchun kamida 20 milliard dollar mablag‘ kerakligini aytgandi.

Eslatib o‘tamiz, 24-mart kuni prezident Shavkat Mirziyoyev Surxondaryo viloyati Angor tumanida yangi issiqlik elektr stansiyasi qurilishiga start bergandi. Shuningdek, prezident qarori bilan O‘zbekistonda Qayta tiklanuvchi energiya manbalari milliy ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etilgan.

Energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xo‘jayev bilan suhbatning to‘liq matni “Daryo”da e’lon qilinadi.

Manba: https://daryo.uz/2022/03/28/

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

t.me/uzmetaxborotxizmati

>