OAV va jamoatchilik bilan ishlash
Sirdaryo viloyatida quvvati 1 600 MVt bo‘lgan zamonaviy issiqlik elektr stansiyasini qurish loyihasi bo‘yicha bitim imzolandi
  • 29.03.2022
  • 275

“Sirdaryo viloyatida quvvati 1 600 MVt bo‘lgan bug‘-gaz issiqlik elektr stansiyasini qurish” investitsiya loyihasi doirasida “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ va EDF (Fransiya) Nebras Power (Qatar) va Sojitz (Yaponiya) kompaniyalari konsorsiumi o‘rtasida elektr energiyasini sotib olish bo‘yicha bitim imzolandi.

Bitim Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida Konsorsium vitse-prezidenti Beatris Buffon xonim va “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ boshqaruv raisi Dadajon Isaqulov tomonidan imzolandi.

Loyiha doirasida Sirdaryo viloyati, Shirin shahrida 55 gektar maydonda zamonaviy “H-class”dagi qo‘shma siklda ishlaydigan gaz va bug‘ turbinali issiqlik elektr stansiyasi qurilishi rejalashtirilgan bo‘lib, 2026-yilning yanvar oyida ishga tushirilishi kutilmoqda.

Loyihaning yillik elektr energiya ishlab chiqarish quvvati 12 mlrd kVt.soatni tashkil etadi. Stansiyaning foydali ish koeffitsienti 60%dan yuqori bo‘ladi va buning natijasida yiliga 1,1 mlrd kub metr tabiiy gaz tejalishiga erishiladi.

Ahamiyatlisi, stansiya qurilishi davomida 2 500 nafar, ishga tushgach esa 120 nafar yangi ish o‘rni yaratiladi.

Aytish joizki, Markaziy Osiyo va MDH davlatlarida ochiq tender savdolari orqali amalga oshirilayotgan eng yirik investitsiya loyihalaridan biri hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, Xalqaro moliya korporatsiyasining texnik ko‘magida o‘tkazilgan ochiq tenderda 2021-yilning 19-noyabr kuni EDF- NEBRAS-Sojitz kompaniyalar konsorsiumi (Fransiya, Qatar va Yaponiya) g‘olib chiqqan edi.


O‘zbekiston Respublikasi

Energetika vazirligi Matbuot xizmati

Manba: https://minenergy.uz/uz/news/view/1886

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati
 t.me/uzmetaxborotxizmati

>