Yangiliklar
«O‘zbekiston MET» AJ vakillari Sirdaryo viloyatida o‘tkazilayotgan Xalqaro sanoat ko‘rgazmasida ishtirok etishmoqda
  • 15.03.2022
  • 553

Ayni paytda Guliston shahrida «Made in Uzbekistan» xalqaro sanoat ko‘rgazmasi o‘z ishini boshladi. Unda «O‘zbekiston MET» AJ Xaridlar bo‘yicha transformatsiya ofisi hamda «Sirdaryo magistral elektr tarmoqlari» filiali mutaxassislari amaliyotda foydalanilayotgan elektr uskuna-jihozlari, ehtiyot qismlarni tadbirkorlar bilan mahalliylashtirish dasturi bo‘yicha ishlab chiqarish xususida muzokaralar olib borishmoqda.

Sanoat yarmarkasining ochilish marosimida Sirdaryo viloyati hokimi G‘ofurjon Mirzaev so‘z olib, yurtimizda an'anaviy tarzda o‘tkazilayotgan sanoat ko‘rgazmasi — yurtimizda yaratilgan tadbirkorlik muhitining mahsuli ekanini alohida e'tirof etdi.

Eslatib o‘tamiz, Sanoat ko‘rgazmasida o‘nlab yirik sanoat korxonalari qatorida mamlakatimizning turli nuqtalaridan tashrif buyurgan yuzdan ziyod o‘rta va kichik biznes vakillari, tadbirkorlar ishtirok etishmoqda.

“Made in Uzbekistan” halqaro sanoat mahsulotlari ko‘rgazmasida 685 ta tarmoq va hududiy korxonalar 2 ming dan ziyod o‘z mahsuloti bilan, shundan, Sirdaryo viloyatidan 160 ta korxona 500 turdan ortiq mahsuloti bilan ishtirok etishmoqda.

Ushbu ko‘rgazma unda ishtirok etuvchi — qurilish materiallari, elektrotexnika, yengil sanoat, farmatsevtika va avtomobilsozlik sanoati uchun mahsulotlar ishlab chiqarish sohalaridagi tarmoq va hududiy korxonalari o‘rtasida kooperatsiya aloqalarini yanada mustahkamlabgina qolmay, kichik biznes sub'ektlari uchun ham ulkan imkoniyatlar yaratishi bilan e'tiborlidir.

Eslatib o‘tamiz, ko‘rgazma ochilishida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Islom Jasimov, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi o‘rinbosari Aziz Voitov, Sirdaryo viloyat hokimi G‘ofurjon Mirzae va boshqa mutasaddi tashkilot va idoralar vakillari ishtirok etishdi.

Ko‘rgazma Respublikamizning sanoat salohiyatini aks ettiradi. Uning maqsadi va vazifalari — mahalliy korxonalarning eksportga yo‘naltirilgan mahsulotlarini namoyish etish, mamlakatning eksport salohiyatini oshirish va mahalliy mahsulotlarning raqobatbardoshligini oshirish, shuningdek, xorijiy hamkorlar bilan barqaror, uzoq va ishonchli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdan iborat.

Ko‘rgazma ekspozitsiyalari tog‘-kon sanoati, neft-gaz sektori, kimyo va farmatsevtika tarmog‘i, qurilish industriyasi, charm-poyabzal, agrar sektor va oziq-ovqat sanoati, shuningdek, bank-moliya xizmatlari, ilmiy ishlanmalar va O‘zbekistonning xalq amaliy san'ati hamda sayyohlik salohiyatini namoyish etadi.

Ko‘rgazma doirasida turli hudud va tarmoqlarning eksport salohiyati taqdimoti, to‘qimachilik mahsulotlari modasi namoyishi, hunarmandchilik mahsulotlarini tayyorlash jarayoni va boshqalar bo‘lib o‘tadi.

Ko‘rgazma yakunlari bo‘yicha amaliy natijalar - imzolangan shartnomalar va investitsiya kelishuvlari e'lon qilinadi, ishtirokchilar esa turli nominatsiyalarida taqdirlanadilar.

Ko‘rgazma ertaga, 16-martga qadar davom etadi.

✍️ «O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati
 t.me/uzmetaxborotxizmati

>