Yangiliklar
Energetika vazirligi: Uch oyda yurtimizning uch viloyatida 3 ta yangi issiqlik elektr stansiyasi ishga tushirildi
  • 14.03.2022
  • 351

Ma'lumki, Prezidentimizning tegishli qarorlariga muvofiq yurtimizda yangi, zamonaviy issiqlik elektr stansiyalar qurilib, bosqichma-bosqich ishga tushirilmoqda.

Ta'kidlash kerakki, joriy yilning o‘tgan uch oyi davomida mamlakatimizning 3 ta viloyatida umumiy quvvati 684 MVt bo‘lgan 3 ta yangi issiqlik elektr stansiyasi ishga tushirildi. Xususan,

Birinchisi, joriy yil 11-yanvar kuni Buxoro viloyatining Buxoro tumanida quvvati 270 MVt bo‘lgan gaz-porshenli issiqlik elektr stansiyasi;

Ikkinchisi, 14-yanvar kuni Toshkent viloyatining Qibray tumanida quvvati 240 MVt bo‘lgan bug‘-gaz qurilmasi;

Uchinchisi, 10-mart kuni Xorazm viloyatining Yangiariq tumanida quvvati 174 MVt bo‘lgan yangi issiqlik elektr stansiyasi ishga tushirildi.

Ushbu 3 ta elektr stansiya yiliga 5 milliard 600 million kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi. Qurilmalarning energiya tejamkorligi hisobiga yiliga 725 million metr kub tabiiy gaz tejalishiga erishiladi.

Tejalgan tabiiy gaz hisobiga qo‘shimcha 2 milliard 700 million kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoni yaratiladi.

Ma'lumot uchun: Mart oyi yakuniga qadar Toshkent viloyatining Qibray tumanida quvvati 230 MVt bo‘lgan navbatdagi, ya'ni 4-chi yangi issiqlik elektr stansiyasi ishga tushiriladi.

Energetika vazirligi Matbuot xizmati

https://t.me/minenergy_uz/4791

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati
 t.me/uzmetaxborotxizmati

>