Energetika vazirligi huzuridagi “O‘zenergoinspeksiya” tomonidan Jizzax viloyatidagi iste’molchilarning elektr tarmoqlariga noqonuniy ulanish holatlarini aniqlash bo‘yicha nazorat tadbirlari o‘tkazilmoqda. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
Nazorat tadbirlari davomida “Jizzax suv ta’minoti” MChJga qarashli “Qo‘ytosh” tumanlararo suv ta’minoti bo‘limining oylik hisobotlarida iste’mol qilingan elektr energiyasi yashirib kelingani aniqlangan. Mazkur holat yuzasidan elektr ta’minoti korxonasi tomonidan 9 079 988 kVt/soat yoki 4 milliard 79 million so‘m miqdorida elektr energiyasi qayta hisob-kitob qilingan.
Ushbu hajmdagi elektr energiyasi 45 mingdan ortiq xonadonning o‘rtacha 1 oylik iste’molini tashkil qiladi.
“Qoidabuzarlik bo‘yicha qonuniy chora ko‘rilishi uchun hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etildi”, — deyiladi xabarda.
Avvalroq Samarqand viloyatidagi ikkita oilaviy korxona qariyb 1 mlrd so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalangani aniqlangani, Farg‘onada 2021-yilda deyarli 6 mlrd so‘mlik elektr energiyasi o‘g‘irlangani to‘g‘risida xabar berilgandi.
Manba: https://daryo.uz/2022/02/26/
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati