Kelib tushgan murojaatlar
MUROJAAT MAZMUNI: «BIR FALOKAT BO‘LMASA EDI DEB QO‘RQAMAN...» M. R. Atabaeyva
  • 09.01.2020
  • 948

MUROJAAT MAZMUNI:

   Men, Atabaeyva Mastura Razmonberdiyevna, Andijon viloyati, Qo‘rg‘ontepa tumani, «Iftixor» MFY, Sarlochin ko‘chasi, 9-uyda yashayman.

2019-yil 18-noyabr kuni Qo‘rg‘ontepa tuman elektr tarmoqlari korxonasiga ariza bilan chiqdim. Arizamda uyimiz (hovlimizning) o‘rtasidan past (o‘rta bo‘yli kishi sakrasa qo‘li yetadigan) holatda 4 ta elektr kabellar mahallaga o‘tgan (u kabellardan nechta odam foydalanadi — bizga qorong‘u). Shu kabellarni hovlimiz tashqarisidan o‘tkazib berishni so‘rab murojaat qilganman.

   Oradan 20 kun o‘tib, yana o‘sha tashkilotga chiqdim, arizamni o‘rgangani. Ikkinchi marta chiqqanimda mutaxasislar kelishib (ikkinchi marta) tez kunlarga bu elektr tarmog‘idagi kabellarni bartaraf qilishni va’da qilishib ketishdi.

   Mana, oradan bir oy o‘tdiki, hali darak yo‘q. Oilamda 4 nafar voyaga yetmagan farzandim bor! Hovlida uynashadi bir-birini yog‘och bilan quvlab. O‘ynayotganda kabellarga tegsa hammasi rasvo bo‘ladi-ku!

   Elektr korxonasi vaqtida bizni ogohlantirmagan deb suvdan quruq chiqishni odatiy hol qilishib olgan, bir marta emas, bir necha marotaba ogohlantirdik.

   Yozda o‘z kuchim bilan 4 ta kabelni hovlimizning tashqarisidan oldirish uchun montyorlardan iltimos qilib so‘raganimda, ular elektr korxonasiga telefon qilishganda ruxsat berishmaganini aytishgandi.

   Bir falokat bo‘lmasa edi deb qo‘rqaman... Tepada o‘tirgan rahbarlar harakat qiladimi? Bobolarimiz to‘g‘ri gapirgan ekan «qorni to‘qni qorni och bilan nima ishi bor» deb...

 Iltimos, arizamni qayta ko‘rib, shu ishlarni bartaraf qilishga o‘z vakolatingiz doirasidan chetga chiqmagan holda amaliy yordam berishingizni so‘raymiz!

MUROJAATGA JAVOB:

   Hurmatli Atabayeva Mastura Razmonberdiyevna!

   Sizning rasmiy murojaatingiz «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati Axborot xizmati tomonidan ma'lumot o‘rnida qabul qilindi va Siz tomoningizdan ko‘tarilgan masala Jamiyatimizga turdosh tashkilot — «Hududiy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati vakolatlari doirasida ekanligini ma'lum qilamiz.

   Ma’lumot o‘rnida: «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati yuqori kuchlanishli elektr energiyasini transportirovka qilish, elektr energiyasi importi va eksporti masalalari bilan shug‘ullanib, iste'molchilar bilan bevosita shartnomalar imzolamaydi, kichik kuchlanishli simyog‘och va elektr tarmoqlariga xizmat ko‘rsatmaydi.

   Shu bilan birga, Sizga shuni ma'lum qilamizki, murojaatingiz mazmuni «Hududiy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati mas'ul xodimlariga yuborildi va ular tez orada murojaatingiz yuzasidan tegishli munosabat bildiriladi.

   Qo‘shimcha ma’lumot: «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ Matbuot xizmatining rasmiy telegram kanali: https://t.me/hetmuloqot

   Qo‘shimcha ma’lumot: «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ rasmiy veb-sayti: http://www.het.uz/oz

Hurmat bilan, «O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

Kanalga a’zo bo‘ling! t.me/uzmetaxborotxizmati

>