Yangiliklar
Energetika vazirligi: Quyosh texnologiyalarini qo‘llagan holda elektromobillarni yuqori tezlikda zaryadlovchi qurilmalar yaratiladi
  • 23.02.2022
  • 751

O‘zbekistonda “yashil iqtisodiyot”ni rivojlantirish doirasida qator innovatsion loyihalar, jumladan, quyosh energiyasidan foydalangan holda elektromobillarni yuqori tezlikda zaryadlovchi qurilmalarni yaratish va rivojlantirish loyihasi ishlab chiqilmoqda.

Ma'lumki, Prezidentimizning “O‘zbekiston Respublikasida qayta tiklanuvchi va vodorod energetikasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2021-yil 9-apreldagi PQ-5063-sonli qaroriga muvofiq Energetika vazirligi huzurida Qayta tiklanuvchi energiya manbalari milliy ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etilgan.

Qaror bilan, institut tuzilmasida Vodorod energetikasi ilmiy-tadqiqot markazi hamda Qayta tiklanuvchi va vodorod energetikasi texnologiyalarini sinash va sertifikatlash laboratoriyasi tashkil etilgan bo‘lib, hozirda ushbu institutda qayta tiklanuvchi va vodorod energetikasini rivojlantirish borasida bir qator ilmiy izlanishlar olib bormoqda.

 

 

 

Institutga Xitoyning “Henan Suda  Electric Vehicle Technology Co., Ltd.” kompaniyasining texnik ko‘magida 20 dona elektromobil ajratilgan bo‘lib, ular asosida ilmiy tadqiqot tahlillari olib boriladi. Qayd etish kerakki, elektromobillar yurtimizda joriy qilinayotgan “yashil” iqtisodiyot, xususan “yashil” energetikani rivojlantirishning ajralmas qismi bo‘lib hisoblanadi.

Hozirda, institut hududida umumiy quvvati 48 kVt.soatga teng quyosh fotoelektr stansiyasi o‘rnatilgan bo‘lib, ular asosida ishlab chiqarilgan elektr energiyasi institutni elektr energiyasi bilan uzluksiz ta'minlamoqda.

 

 

 

Institut olimlari tomonidan soha rivojlanishini jadallashtirish maqsadida Innovatsion rivojlanish vazirligining tijoratlashtirishga tayyorlash dasturi doirasida bir qator ilmiy-tadqiqot loyihalar amalga oshirildi.

Birinchi loyiha: Quyosh texnologiyalarini qo‘llagan holda elektromobillarni yuqori tezlikda zaryadlovchi qurilmalarini yaratish va ishlab chiqish loyihasi amalga oshirildi.

Bunda O‘zbekiston iqlim sharoitini hisobga olgan holda energiya saqlash tizimiga ega bo‘lgan quyosh fotoelektr tizimi orqali mahalliy elektr tarmog‘i bilan parallel holda ishlaydigan elektromobillarni tez zaryadlash qurilmasi ishlab chiqilmoqda va barcha hududlarda joriy etiladi.

Buning natijasida, respublikamizda o‘rnatilgan har bir tizim yiliga 32 ming kVt.soat elektr energiyasi ishlab chiqarib, 950 ta elektromobillarni zaryadlash imkoniyati yaratiladi hamda 11,2 ming kub metr tabiiy gaz tejalib, atmosferaga 19,8 tonna zararli gazlar chiqishining oldi olinadi.

 

 

 

Ikkinchi loyiha: Markaziy elektr tarmoqlariga quyosh fotoelektr tizimlarini joriy etishni amalga oshirish yo‘nalishlari va texnik iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish, hamda tayyorlash loyihasi amalga oshirilmoqda.

Loyiha respublikamiz hududlarida iqlim sharoitlarini hisobga olgan holda fotoelektr tizimlarni umumiy elektr tarmog‘iga ishonchli ulash bo‘yicha aniq yechimlar, texnik-iqtisodiy asoslarni ishlab chiqish va ularning xavfsiz ishlash mezonlarini yaratishni nazarda tutadi.

Fotoelektr tizimlar umumiy elektr tarmog‘iga ulangan iqtisodiyotimizning barcha sohalari ob'ektlarida, aholi yashash joylarida, xususiy va davlat korxonalari ob'ektlarida qo‘llaniladi.

Afzalliklari shundaki, fotoelektr ishlab chiqargan elektr energiyasi elektr tarmoqqa minimal yo‘qotishlar bilan uzatiladi. Hududlar iqlim sharoitini hisobga olgan holda fotoelektr tizimlarni tarmoqqa ulash va tarif mexanizmlar bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqiladi.

 

 
 

 

Uchinchi loyiha: Quyosh radiatsiyasi, shamol tezligi va yo‘nalishi, havo harorati, yog‘ingarchilik miqdorini o‘lchab borish meteostansiyalarini kichik hajmlarda ishlab chiqarish loyihasi.

Loyiha “O‘zgidromet”, Energetika vazirligi, Oliy ta'lim, sanoat korxonalari, va tadbirkorlar, fermer xo‘jaliklarida qo‘llaniladi.

Bu esa, meteostansiyada olingan ma'lumotlar bazasi asosida respublikamizda quyosh va shamol stansiyalarini barpo etish, ularning samarali ishlashini ta'minlash, metrologik o‘zgarishlarni oldindan bashorat qilish imkonini beradi.

 

 
 

 

Bundan tashqari, qayta tiklanuvchi va vodorod energetikasi sohani yanada rivojlantirish maqsadida, institut yangi kadrlar, ilmiy xodimlarni ishga qabul qiladi. Ushbu sohada ilmiy ishlar olib bormoqchi bo‘lgan izlanuvchilar institut ma'muriyati bilan bog‘lanishlari mumkin.


O‘zbekiston Respublikasi
Energetika vazirligi Matbuot xizmati

Manba: https://minenergy.uz/uz/news/view/1847

 

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

t.me/uzmetaxborotxizmati

 

>