OAV va jamoatchilik bilan ishlash
Kuni tun ishlagan vazirlik YOXUD tunlari ham uxlamay tizimni oyoqqa turg‘azgan vazir Alisher Sultonovning bir haftalik faoliyatiga qisqacha nazar
  • 31.01.2022
  • 311

O‘zA kuzatuvi: O‘zbekiston amaldorlari hafta davomida qanday ishlar bilan shug‘ullandi?

Loyihamiz O‘zbekiston Respublikasi Energetika vaziri Alisher Sultonov va u rahbarlik qilayotgan jamoaning o‘tgan 24-29 yanvar kunlarida reja bo‘yicha ishlari va hafta davomida amalga oshirgan ishlariga bag‘ishlanadi.

Sir emas,  24-29 yanvar kunlar nafaqat Energetika vazirligi uchun, balki xalqimiz uchun sinovli hafta bo‘ldi. Cababi, barchamizga ma’lumki, 25 yanvar kuni soat 10:57 da Markaziy Osiyo yagona elektr tarmog‘ida katta avariya bo‘lishi oqibatida mamlakatimizning deyarli barcha hududlarida elektr energiya ta’minotida o‘chishlar yuzaga keldi.

O‘zbekiston tarixida kuzatilmagan bu katta avariya sababli mamlakatimizning barcha hududlarida elektr energiyasi ta’minotida batamom uzilish bo‘ldi...

Odatda, Energetika vaziri Alisher Sultonovning haftalik rejasi har haftaning juma kuni tuzilgan bo‘lar va shular asosida ish boshlanar ekan. Lekin, mana shunday favqulodda holatlarda tezlik bilan qaror qabul qilishga to‘g‘ri kelgan.
Mamlakat elektr ta’minotida keng ko‘lamli uzilish ro‘y berganda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nazoratlari ostida Bosh vazir boshchiligida Respublika darajasida komissiya tuzildi.

Yurtboshimiz har bir soniyani nazorat ostiga oldi. Vazir boshchiligida Energetika jamoasining barcha hodimlari kunu-tun vaziyat barqarorlashib, elektr energiya va gaz ta’minoti yaxshilanmaguncha harakatdan to‘xtamadi. Birlamchi maqsad: Vazir respublika energetika tizimidagi bunday favqulodda holatni imkon qadar katta yo‘qotishlarsiz hal qilishga qaror qildi. U vazirlik va tizimdagi tashkilotlar rahbarlari va  jamoasiga  har bir ishni rejali tashkil qilish bo‘yicha buyruq berdi.

Sodir bo‘lgan holat bo‘yicha hukumatga ma’lum qilindi. Aholi va iste’molchilarga mavjud vaziyatning soniyalarigacha xabardor qilish bo‘yicha vazirlik Matbuot xizmati va tizimdagi matbuot xizmati rahbarlariga topshiriq berdi.

Joriy yilning 25 yanvar kuni soat 10:57 da Markaziy Osiyo yagona elektr tarmog‘ida katta avariya bo‘lishi oqibatida elektr energiya ta’minotida o‘chishlar yuzaga kelganini bartaraf etishga  vazirlik va tizim tashkilotlari hamda hududlardagi korxonalari jamoasi yakdillik bilan kurashishga kirishdi. Ularning kunu tun ishlashlari va har bir ishni berilgan buyruq asosida bajarganlari sabablari Toshkent shahri va viloyatlarda qisqa vaqt ichida elektr energiyasi ta’minotini tiklashga erishdi.

Vazirlik matbuot xizmati joriy yilning 24 yanvarida Mirzo Ulug‘bek tumanidagi “Gornaya” podstansiyasidagi nosozlik va uni bartaraf etish borasida berilgan xabardan to 29 yanvar kunigacha har bir holat, energiya tizimida olib  borilgan har bir ish, sohadagi mashaqqatli vaziyatlar va respublikamiz hududlarida elektr energiya ta’minotini qayta tiklash jarayoni bo‘yicha uzluksiz axborot berib borildi.

Aytish joizki, tizimdagi favqulodda vaziyatga yechim topish va mavjud muammolarni bartaraf etishda vazir Alisher Sultonovning chiqargan har bir qarori va bergan topshirig‘i qo‘l keldi.

26 yanvar kuni soat 10:00 da Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Energetika vazirligi mutasaddilari ishtirokida bo‘lib o‘tgan brifingda respublikamizda elektr energiyasi ta’minoti 70 foizga tiklangani ma’lum qilindi.

Shu kuni Xalqaro press-klubi o‘zining navbatdagi sessiyasida energiya ta’minotiga bag‘ishlab o‘tkazilgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi energetika, transport, favqulodda vaziyatlar, uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish, ichki ishlar, sog‘liqni saqlash, qishloq xo‘jaligi vazirliklari, hamda “Issiqlik elektr stansiyalari”, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari”, “Hududiy elektr tarmoqlari”, “O‘ztransgaz” va “Hududgazta’minot” AJlari mutasaddilari ishtirok etdi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev elektr energiya uzilishi bo‘yicha munosabat bildirar ekan, xalqimiz, mutasaddilar va barcha OAV-blogerlarga hamkorlik, fidoyilik uchun minnatdorlik bildirdi.

Elektr energiyasi ta’minotida yuzaga kelgan nosozliklar, o‘z navbatida, magistral gaz quvurlari va mahalliy tarmoqlarida bosimning pasayishiga sabab bo‘ldi. Soha mutaxassislari tomonidan bosimni tiklash va iste’molchilarga tabiiy gaz yetkazib berish bo‘yicha barcha zarur choralar ko‘rildi.

Vazirlik tomonidan tezkor ko‘rilgan choralar sababli 27 yanvar kuni tabiiy gaz iste’molchilarining 67 foizida ijobiy natijaga erishildi. Respublikamiz hududlarida elektr energiyasi ta’minoti bilan bog‘liq holat shu kuni soat 16:00 da barcha hududlarda elektr energiyasi ta’minoti to‘liq tiklanishga erishildi.

28 yanvar vazirlik jamoasi yana bir sinovga duch keldi. Qashqadaryoda ko‘tarilgan kuchli shamol shu hududdagi ayrim tuman va shaharlarda elektr energiya uzilishiga olib keldi.  

“Bugun Qashqadaryo viloyatida esgan kuchli shamol elektr uzatish tarmoqlariga jiddiy zarar yetkazdi. Bu videoda G‘uzor tumanida shamoldan shikastlangan 110 kVli ustuni. Hozirda maxsus brigadalar tomonidan ushbu nosozliklarni bartaraf etish ishlari olib borilmoqda”, deyiladi vazirlik matbuot xizmati xabarida.

O‘tayotgan hafta vazirlik  faoliyatida uzluksiz ishlarni amalga oshirish, tizimdagi islohotlarni izchil davom ettirishni bosh masala qilib qo‘ydi.

Elektr ta’minotidagi uzilish xalqimiz oldiga ham muhim vazifalarni qo‘ydiki, bu elektr energiyasini tejash, undan oqilona foydalanish va o‘z vaqtida to‘lovlarni amalga oshirish, muhimi, energiyani tejash hamda uni samarali ishlatishdir.

Xulosa shuki,  ushbu olti kunlik tizimdagi faoliyat Energetika vaziri va uning jamoasining sinovlardan mashaqqatli o‘tish haftasi bo‘ldi, desak adashmagan bo‘lamiz.

Nasiba ZIYODULLAEVA,
O‘zA muxbiri

Manba: https://uza.uz/oz/

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

http://t.me/uzmetaxborotxizmati

 

>