«O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ Axborot xizmati tomonidan «Andijonliklar» nomli telegram kanalida Andijon viloyatining Andijon tumani hududida joylashgan 220/110/10 kV li «Yulduz» podstansiyasida 125 000 kVA quvvatli 2-kuch transformatorini 2019-yil 24-dekabrdan 29-dekabrga qadar 200 000 kVA quvvatli kuch transformatoriga almashtirish ishlari olib borilishi haqidagi xabari o‘rganildi.
Bundan tashqari, ushbu ijtimoiy tarmoq sahifasida «Elektr energiyasi iste’molchilarining xohish va istaklarini inobatga olgan holda mazkur kuch transformatorini o‘rnatish va ta'mirlash ishlari Yangi yil bayrami munosabati bilan 2020-yil yanvar oyida bajarilishini ma’lum qilamiz» nomli xabar ham paydo bo‘lgan.
Ushbu asossiz, rasmiy murojaat orqali ma’lum qilinmagan axborot soha mutaxassislarining kelgusi ish rejalariga taalluqli o‘zaro muhokamalarida bildirilgan bo‘lib, «shunday reja va ehtimol mavjud» ma’nosida ma’lum qilingan bo‘lishi mumkin. Aniq faktlar «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ mutasaddilari tomonidan e’lon qilinadi, degan umiddamiz.
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmatining mazkur masalaga rasmiy ma’lumoti quyidagicha:
Andijon viloyatining hududida joylashgan 220/110/10 kV li «Yulduz» podstansiyasida mavjud 2 ta 125 000 kVA quvvatli avtotransformatorlarning bittasi joriy yilning 20-26-noyabr kunlari almashtirilgan edi. Ikkinchi avtotransformatorni almashtirish ishlari 2020-yilning dastlabki oyida amalga oshirilishi rejalashtirilgan va buning uchun zarur barcha jihoz hamda uskunalar shay holatga keltirilgan.
Shu o‘rinda bir narsani alohida ta’kidlash joizki, «Yulduz» podstansiyasida olib borilayotgan modernizatsiya dasturiga oid amaliyotlar Farg‘ona vodiysi aholinisi sifatli elektr energiyasi bilan uzluksiz ravishda ta’minlashga xizmat qilishi nazarda tutilgan.
Turli nosozliklar tufayli elektr ta’'minotida uzilishlar bo‘lib turishi tabiiy hol, bu haqda «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ Matbuot xizmati tomonidan har kuni rasmiy bayonotlar berib borilmoqda va bu kabi texnik masalalarni mamlakatdagi siyosiy tadbirlar bilan bog‘lash mutlaqo noto‘g‘ri.
Jamoatchilikka ma’lumot ulashgan xorijiy va mahalliy nashrlar avval masala mazmun-mohiyatini chuqur o‘rganib, keyin xolisona yondashuv bilan xabarlar e’lon qilishi maqsadga muvofiq.
Xorijiy nashr: www.ozodlik.org
Mahalliy nashr: daryo.uz
«O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ
Axborot xizmati