Yangiliklar
Bugun Yozuvchilar uyushmasida “o‘zbek adabiyotida energetiklar hayoti to‘g‘risidagi birinchi badiiy nashr” deya e'tirof etilgan kitob taqdimoti bo‘lib o‘tdi
  • 21.01.2022
  • 605

  Bugun, 2022-yil 21-yanvar kuni O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining katta tadbirlar zalida «Hududiy elektr tarmoqlari» AJning boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari — muallif Ro‘ziqul Raimovning “Bir xatoning ming jafosi” deb nomlangan kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Tadbirda «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosarlari X.B.Elmurodov hamda S.S.Artikovlar ishtirok etishdi.

 

 

  O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan tashkil etilgan ushbu tadbirda, shuningdek,  bir qator ijodkorlar, olimlar, kitobsevar muxlislar, «Hududiy elektr tarmoqlari» AJ hamda  «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ ishchi-xodimlari ishtirok etishdi.

     Tadbirni O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid kirish so‘zi bilan ochib berib, muallif Ro‘ziqul Raimovning kasbiy faoliyati, real voqyealar asosida yozilgan badiiy asarning adabiyotdagi, jamiyatdagi va soha vakillari orasidagi ahamiyati haqida gapirdi. Xalq shoiri muallifni kitob chop etilgani bilan qutlab, unga ijodiy barkamollik, kasbiy muvaffaqiyatlar tiladi.

  Shuningdek, tadbirda «O‘zbekiston MET» AJ boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosarlari X.B.Elmurodov so‘z olib, Ro‘ziqul Oblaqulovich Raimovni yangi kitob taqdimoti bilan «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ nomidan tabrikladi. Xoliq Boboyorovichning e'tirof etishicha, “Bir xatoning ming jafosi” nashri badiiy asar bo‘lsa-da, soha vakillari uchun, ayniqsa yosh energetiklar uchun amaliy qo‘llanma vazifasini o‘tashi mumkin. Negaki unda xavfsizlik texnikasi va boshqa o‘nlab me'yoriy hujjatlar-u qo‘llanmalarda mavjud bo‘lmagan jihatlar — kecha-yu kunduz xalqimiz xizmatida bo‘ladigan energetiklarning his-tuyg‘ulari, ichki kechinmalari mujassam. Bu esa yosh energetiklar, montyor va chilangarlar uchun xavfsizlik texnikasi tadbirlari va nazorat imtihonlarida ko‘pam e'tiborga olinmaydigan ruhiy-hayotiy holatlarni aks ettirib bergani bilan ham qadrlidir.

 

 

  Kitob taqdimoti tadbirida, shuningdek, bir guruh ijodkorlar, olimlar, muallif ijodi bilan yaqindan tanish bo‘lgan harbiy xizmatlar so‘zga chiqib, risola tarkibidagi hayotiy hikoyalarning badiiy saviyasi, asar qahramonlarining kechinmalari, muallifning soha dolzarb masalalariga yondashuvini tahlil qilishdi.

  Tadbirda so‘z olganlar ichida hatto asar qahramonlaridan biri, o‘z xizmat vazifasini o‘tayotganda birgina xato tufayli nogiron bo‘lib qolgan energetik so‘zga chiqib, o‘z mehnat faoliyatida ma'lum tartib-qoidaga rioya etmagani uchun bir umr nogiron bo‘lib qolgani haqida so‘zlab berdi. Uning aytishicha, kitob tarkibidagi hikoyalarda, ming afsuski, hayotdan bevaqt ko‘z yumib ketgan hamkasblarining qismati bor. Tadbir ishtirokchisi bu ayanchli qismatlar boshqa energetiklar uchun saboq maktabi bo‘lishi lozimligi haqida gapirdi.

 

 

  Tadbir so‘nggida muallifga so‘z berildi. Ayni paytda «Hududiy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimida mehnat faoliyatini davom ettirayotgan Ro‘ziqul Oblaqulovich tadbir ishtirokchilariga “Bir xatoning ming jafosi” asarining yaratilish tarixi haqida so‘zlab berdi. Ijodkor va hamkasb do‘stlarining ko‘magini alohida e'tirof etib, kitobni chop etishda yordam berganlarga o‘z minnatdorligini izhor etdi.

  Muallif, energetika sohasi, xususan elektr energetika tarmog‘ining fidoiy ishchi-xodimlari, ularning ko‘zga ko‘rinmas mehnatlari doim e'tirof etilib, bilim-tajribasi muntazam oshirib borilishi g‘oyat muhim masala ekanligini ta'kidladi.

 

 

  Eslatib o‘tamiz, “Bir xatoning ming jafosi” kitobi 20 ming nusxada chop etilib, unga sohaning ko‘zga ko‘ringan vakillari taqriz yozib berishgan.

  Umid qilamizki, elektr energetika sohasining tajribali mutaxassisi muallifligida yozilgan kitob kitobsevarlarga manzur bo‘ladi, uni sohaning barcha vakillari sevib mutolaa qilishadi.

  ✍️ Ulug‘bek Urunov, «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisining matbuot kotibi — axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi

 


«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

Telegram kanaliga a'zo bo‘lish uchun  t.me/uzmetaxborotxizmati

>