Yangiliklar
SAYLOVLARDA FAOL ISHTIROK ETISH — FUQAROLIK BURCHIMIZ!
  • 09.12.2019
  • 1586

     Barchamizga ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 117-moddasiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesiga, viloyatlar, tumanlar, shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlariga saylovlar 2019-yil 22-dekabr kuni (soat 8:00 dan 22:00 ga qadar)  o‘tkaziladi.

     Ushbu muhim siyosiy tadbir munosabati bilan «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyat Birlashgan kasaba uyushma qo‘mitasi raisi N.Xidirova, rais o‘rinbosari Y.Yusupbekov va jamiyat matbuot kotibi U.Urunov ishtirokida Toshkent shahrida joylashgan «Toshkent magistral elektr tarmoqlari», «Toshkent shahri magistral elektr tarmoqlari» filiallari, bundan tashqari, Jamiyat tasarrufidagi Toshkent tibbiyot-sanitariya qismi, «Energo IT» va «Magistraltarmoqqurilish» tashkilotlari hamda «O‘zbekiston MET» AJ markaziy apparati xodimlariga 2019-yil 22-dekabrda bo‘ladigan saylovlarda faol ishtirok etish fuqarolik burchimiz ekanligi haqida davra suhbatlari tashkil etishdi.

     Yig‘ilishda bo‘lim va filiallarning rahbariyati, boshqarma va xizmatlarning ishchi-xodimlari ishtirok etishdi.

     Shu o‘rinda yuqorida sanab o‘tilgan uchrashuvlarda ta’kidlangan, saylovchilarga as qotishi mumkin bo‘lgan ayrim tavsiyalar bilan o‘rtoqlashamiz.

     OVOZ BERISH TARTIBI

     Saylov kuni saylovchi ovoz berish binosiga kelib, uchastka saylov komissiyasining a’zosiga o‘z shaxsini tasdiqlovchi hujjatni (pasport, fuqarolik pasportini yo‘qotgan fuqarolarga ichki ishlar organlari tomonidan berilgan vaqtinchalik ma’lumotnoma, harbiy guvohnoma va jazoni o‘tab bo‘lganlik yoki jazodan ozod qilinganlik to‘g‘risidagi ma’lumotnoma) ko‘rsatadi hamda saylovchilar ro‘yxatiga imzo qo‘yadi. Shundan keyin USK a’zosi tomonidan unga saylov bulleteni beriladi.

     Saylovchi bulletenni olgach, uni yashirin ovoz berish xonasida to‘ldiradi.

     Saylov bulletenini to‘ldirish chog‘ida ovoz beruvchi shaxsdan boshqa shaxslarning hozir bo‘lishi taqiqlanadi.

     Saylovchi o‘zi yoqlab ovoz berayotgan nomzodning familiyasi ro‘parasida, o‘ng tomonda joylashgan bo‘sh kvadratga «+» yoki «✔» yoxud «x» mazkur uchta belgidan xohlagan bittasini qo‘yadi.

     Ovoz beruvchi to‘ldirilgan saylov bulletenini saylov qutisiga tashlaydi.

     Saylov bulletenini mustaqil ravishda to‘ldirish imkoniyatiga ega bo‘lmagan saylovchi o‘z xohishiga ko‘ra yashirin ovoz berish xonasiga boshqa shaxsni taklif qilishga haqli. (Bundan USK a’zolari, kuzatuvchi va ommaviy axborot vositalari vakillari mustasno).

     Buzib qo‘yilgan saylov bulleteni saylovchining iltimosiga ko‘ra yangisiga almashtirib beriladi.

     SAYLOVCHINING TURGAN JOYIDA OVOZ BERISH TARTIBI

     Saylovchilarning saylov kuni yoki saylov kuniga qadar qilgan yozma yoki og‘zaki iltimosiga binoan ular turgan joyda faqat saylov kuni USK tomonidan ovoz berish jarayonini tashkil etadi.

     USK a’zosi murojaatlar qaydlov daftariga saylovchining familiyasi, ismi, otasining ismi, yashash joyi, murojaat qilingan vaqt haqida tegishli yozuvlar kiritadi va USK a’zosi imzosi bilan tasdiqlanadi.

     Komissiyaning kamida ikki nafar a’zosi ko‘chma saylov qutisi bilan saylovchining turgan joyiga boradi, ular saylovchining xohish-irodasi sir saqlanishiga rioya etilgan holda ovoz berish amalga oshirilishini ta’minlaydi.

     Saylov kuniga qadar yoki saylov kuni o‘n sakkiz yoshga to‘lgan, ro‘yxat tuzilayotgan paytda mazkur saylov uchastkasi hududida doimiy yoki vaqtincha istiqomat qilayotgan fuqarolarning familiyalari saylovchilar ro‘yxatiga kiritiladi.

     Har bir saylovchi faqat bitta saylovchilar ro‘yxatiga kiritilishi mumkin.

     Saylovchilar ro‘yxatiga har bir saylovchining familiyasi, ismi, otasining ismi, tug‘ilgan sanasi va yashash joyi manzili kiritiladi.

     Saylovchilar ro‘yxatlari Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxatini shakllantirish bo‘yicha axborot tizimi ma’lumotlari asosida tuziladi.

     Harbiy qismlardagi harbiy xizmatchilarning, shuningdek harbiy xizmatchilar oila a’zolarining va boshqa saylovchilarning ro‘yxatlari, agar ular harbiy qismlar joylashgan hududlarda yashasa, harbiy qismlarning komandirlari taqdim etadigan ma’lumotlar asosida tuziladi. Harbiy qismlardan tashqarida istiqomat qiluvchi harbiy xizmatchilar yashash joylari bo‘yicha umumiy asoslarda saylovchilar ro‘yxatiga kiritiladi.

     O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida, sanatoriylarda va dam olish uylarida, kasalxonalarda va boshqa statsionar davolash muassasalarida, qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida tuzilgan uchastkalar bo‘yicha saylovchilar ro‘yxatlari mazkur muassasalar rahbarlari tomonidan taqdim etiladigan ma’lumotlar asosida tuziladi.

     Saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati vakolatli davlat organlarining axborot bazalariga muvofiq saylovchi fuqarolar, ularning doimiy va vaqtincha yashash joylari manzillari haqidagi axborotni o‘z ichiga olgan davlat axborot resursidir.

     Fuqarolarga uchastka saylov komissiyasi binosida saylovchilar ro‘yxati bilan tanishish, shuningdek Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-sayti orqali saylovchilar ro‘yxatidan o‘zlariga tegishli ma’lumotlar bilan tanishish imkoniyati ta’minlanadi.

     Saylovchilarning ro‘yxatlari saylovga o‘n besh kun qolganida, O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida, sanatoriylarda va dam olish uylarida, kasalxonalarda va boshqa statsionar davolash muassasalarida, olis va borish qiyin bo‘lgan hududlardagi fuqarolar turgan joylarda, qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida tuzilgan uchastkalarda esa saylovga uch kun qolganida hamma tanishib chiqishi uchun taqdim etiladi.

     Uchastka saylov komissiyasi ro‘yxat bilan tanishish joyi va vaqti to‘g‘risida xabardor etadi.

     Saylovchilarning ro‘yxatlariga o‘zgartishlar kiritish saylovga uch kun qolganida to‘xtatiladi.

     Har bir fuqaro saylovchilarning ro‘yxatlaridagi xato yoki noaniqlik to‘g‘risida uchastka saylov komissiyasiga arz qilishi mumkin. Uchastka saylov komissiyasi 24 soat ichida murojaatni tekshirishi va xatoni yoki noaniqlikni bartaraf etishi yoxud murojaat qiluvchiga uning murojaati rad etilganligi to‘g‘risida asoslantirilgan javob berishi shart.

     Saylovchi uchastka saylov komissiyasining harakatlari va qarorlari ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin.

     Biron-bir sababga ko‘ra saylovchilar ro‘yxatiga familiyasi kirmay qolgan saylovchilarning familiyalari saylovchining shaxsi, fuqaroligi va yashash joyini tasdiqlovchi hujjat asosida saylovchilar ro‘yxati ilovasiga kiritiladi. 

     Saylovchi ayrim sabablarga ko‘ra chet davlatda bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida tuzilgan saylov uchastkalarida ro‘yxatdan o‘tib, ovoz berish jarayonida ishtirok etadi.

 

Manba: http://elections.uz/uz/

Saylov uchastkalari haqida ma’lumot: http://elections.uz/uz/

 

«O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati

 Axborot xizmati

>