Yangiliklar
«O‘zbekiston MET» AJ mahalliylashtirish dasturi doirasida taklif va imkoniyatlarini sanoat yarmarkasida taqdim etmoqda
  • 16.12.2021
  • 268

  Respublika tarmoqlararo sanoat yarmarkasida «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyatining Xaridlar, mahalliylashtirish va kooperatsiya aloqalarini kengaytirish boshqarmasi hamda «Toshkent shahar magistral elektr tarmoqlari» filiali Aksiyadorlik jamiyatining amaliyotda foydalanilayotgan elektr uskuna-jihozlari, ehtiyot qismlarni sanoat korxonalari va tadbirkorlarga namoyish etmoqda.

  «O‘zbekiston MET» AJ boshqaruv raisining matbuot kotibi — axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchi Ulug‘bek Urunovning ma’lum qilishicha, sanoat yarmarkasining ishi va Aksiyadorlik jamiyatining mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan hamkorligi rasmiy veb-sayt va uning ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarida muntazam yoritib bormoqda.

  – Bu yilgi sanoat yarmarkasi o‘ziga xos va yangicha ko‘rinishda o‘tkazilmoqda. Barcha viloyatlarda o‘tkazilgan hududiy yarmarkalarning davomi va yakuni sifatida Respublika tarmoqlararo sanoat yarmarkasi o‘zida 3 ming 185 ta mahalliy ishlab chiqaruvchi korxona 5 ming 169 turdagi mahsulotlari namoyishini ifoda etmoqda.

  Axamiyatlisi shundaki, mazkur yarmarkada «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati ham o‘z stentlari bilan ishtirok etmoqda. Yarmarka ishi bilan Aksiyachdorlik jamiyat boshqaruvi raisi Dadajon Isaqulov, boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari Sobirjon Artikov hamda boshqa mutaxassislar yaqindan tanishib chiqdi.

  Dadajon Isaqulov elektr uskuna va jihozlar ishlab chiqaruvchi sanoat korxonalari hamda tadbirkorlarning ko‘rgazmaga olib kelingan mahsulotlarini ko‘zdan kechirib, ishlab chiqaruvchilarga sifat, samaradorlik ko‘rsatkichlari va texnik-muhandislik yechimlari yuzasidan o‘z tavsiyalarini berib o‘tdi.

  Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, “O‘zbekiston MET” AJ tomonidan modernizatsiya-rekonstruksiya, qurilish-montaj, mahalliylashtirish hamda investitsiya dasturlari doirasida salmoqli ishlar qilinmoqda. Mamlakatimiz aholisining soni oshib borishi, yurtdoshlarimizning elektr uskuna va jihozlaridan foydalanish ko‘lamining yildan-yilga kengayib borayotgani, shu bilan birga, respublikamizda kichik biznes va tadbirkorlikka keng imkoniyatlar berilayotgani, qator investitsiya dasturlari hisobiga yirik sanoat korxonalari ochilayotgani — elektr energiyasi iste’moli kun sayin oshib borishiga sabab bo‘lmoqda. Demakki, elektr energiyasini ishlab chiqarish, uzatish va taqsimlash tarmoqlari izchil rivojlanib borishi, yangi ob’ektlar qurilib, mavjudlari yangilanib borishi lozim.

  O‘zbekistonda elektr energiyasiga bo‘lgan talab 2030-yilga kelib 100 teravatt•soatdan oshishi kutilmoqda. Bu, o‘z navbatida, 2018-yildagi 61 TVt•soatdan sezilarli darajada o‘sish degani.

  – O‘zbekiston elektr energetika tarmog‘idagi yuqori kuchlanishli — 110, 220 va 500 kilovolt magistral elektr uzatish tarmoqlari uzunligining 2005-yildan 2021-yilgacha izchil oshib borgan. Misol uchun, 2005–2016-yillar davomida, ya’ni 11 yil davomida 898,8 km yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlari yangidan qurilgan bo‘lsa, 2017–2021-yillarda, ya’ni oxirgi 5 yil davomida uzunligi 1833,2 km bo‘lgan yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari foydalanishga topshirilgan. 

  Shuningdek, mamlakatimiz elektr energetika balansidagi 110, 220 va 500 kilovolt kuchlanishli podstansiyalar soni 2005–2021-yillar oralig‘ida 17 taga ko‘payib, elektr ta’minotining ishonchliligi oshirib borilgan. 

  Misol uchun, 2005–2016-yillarda, ya’ni 11 yil davomida 8 ta podstansiya qurilgan bo‘lsa, 2017–2021-yillar, ya’ni 5 yil davomida 8 ta yuqori kuchlanishli podstansiya foydalanishga topshirilgan.

  Yuqoridagi tahlil va taqqoslashlarning o‘zi sohada qilingan va qilinayotgan ishlar ko‘lamini qanchalik katta ekanligini anglatishi bilan birga hali mamlakatimiz energetiklari oldida turgan ulkan vazifa va majburiyatlar borligini anglatadi. Ayniqsa, bu ishlar zamon bilan hamnafaslikda, sohaga raqamli texnologiyalarni olib kirish va ish samaradorligini birmuncha oshirish bilan o‘z aksini berishi lozim, – dedi Ulug‘bek Urunov.

  Eslatib o‘tamiz, poytaxtimizdagi "O‘zekspomarkaz" milliy ko‘rgazmalar markazida bo‘lib o‘tayotgan Respublika tarmoqlararo sanoat yarmarkasida bir qator taqdimotlar bo‘lib o‘tmoqda va yarmarka o‘z ishini yana 2 kun davom ettiradi.

  O‘zA muxbiri Nasiba ZIYODULLAEVA yozib oldi.

 https://uza.uz/oz/

✍️ Axborot xizmati

http://t.me/uzmetaxborotxizmati

>