Bugun, 18-noyabr kuni «O‘zekspomarkaz» milliy ko‘rgazmalar majmuasida O‘zbekiston sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasi o‘z ishini boshladi.
Ko‘rgazmada «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisi D.Isaqulov, boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari S.Artikov va boshqa mutasaddi xodimlari ishtirok etishdi.
«O‘zbekiston MET» AJ vakillari ko‘rgazmaning ochiq va yopiq pavilonlarida elektr energetika sohasida foydalaniladigan turli mahsulotlar, xususan maxsus texnika namunalari, butlovchi qismlar va xom-ashyo materiallari bilan yaqindan tanishdilar.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, ko‘rgazma mamlakatimizda import o‘rnini bosuvchi va eksportbop mahsulotlarni ishlab chiqarishni yanada kengaytirish, iqtisodiyotning turli tarmoqlari va kichik biznes subyektlari o‘rtasida sanoat kooperatsiyasini jadal rivojlantirish, hududlarning sanoat salohiyatini yanada kengaytirishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan.
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi hamda Savdo-sanoat palatasi ushbu an’'anaviy ko‘rgazmaning asosiy tashkilotchilari bo‘lib, bugun ular tomonidan OAV vakillari ishtirokida brifing o‘tkazildi. Brifingda iqtisodiyot va sanoat vaziri hamda Savdo-sanoat palatasi raisi jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga javob berishdi.
Brifingda OAV vakillari tomonidan cooperation.uz sayti, ya’ni YAGONA ELEKTRON KOOPERATSIYA PORTALI faoliyati haqida ko‘plab savollar berildi. Savollarga O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyot va sanoat vaziri Xodjayev Botir Asadillayevich hamda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Ikramov Adham Ilxamovichlar javob berar ekan, mazkur portal orqali elektron tarzda shartnomalarni rasmiylashtirish va onlayn xarid qilish mumkinligi yuzasidan batafsil ma’lumotlar berib o‘tishdi.
Ma’lumot o‘rnida: elektron kooperatsiya portali (www.cooperation.uz) hamkorlarni izlash hamda uzoq muddatli munosabatlarni yo‘lga qo‘yadigan sheriklarni topishning muhim vositasi bo‘lib, masofadan turib sanoat mahsulotlarini yetkazib berish bo‘yicha shartnomalar tuzish va davlat xaridlari tizimi orqali mahalliy ishlab chiqaruvchilarga barqaror talabni shakllantirishni ta’minlaydi.
Portalning asosiy maqsadi, mahalliy sanoat ishlab chiqarishni yanada kengaytirish, kichik biznes subyektlarini ishlab chiqarishga keng jalb qilish hamda sanoat koopreatsiyasini mustahkamlash va rivojlantirish hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz: sanoat yarmarkasi va kooperatsiya birjasi ko‘rgazmalari 18-22 noyabr kunlari davomida Toshkent shahridagi «O‘zekspomarkaz» pavilonlarida o‘z ishini davom ettiradi.
Ko‘rgazmada mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan mahalliy mahsulotlarni xarid qilish, butlovchi qismlar, materiallar va xom-ashyolarni yetkazib berish bo‘yicha xo‘jalik shartnomalari tuzish imkoniyati mavjud.
«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati